Avtobus kutayapman. Bor-yo‘g‘i uch bekat keladigan manzilga transport poylay-poylay naqd qirq besh daqiqada yetib bordim. Keyingi safar xuddi shu makonga piyoda 12 daqiqada yetib keldim.
Avtobus kutayapman. Bor-yo‘g‘i uch bekat keladigan manzilga transport poylay-poylay naqd qirq besh daqiqada yetib bordim. Keyingi safar xuddi shu makonga piyoda 12 daqiqada yetib keldim.
Ha, biz o‘rganib qolganmiz. Bir qadam joyga ham avtobus, metroda, hamyonimiz sal qappayib, pulimiz ko‘payib ketsa, oliftalanib taksida borish ko‘plarimizga urf bo‘lgan. Ikki qavatga piyoda ko‘tarilishga erinib, lift degan zormandani rosa kutamiz. Kun tartibimiz, ovqatlanishimizning tayini yo‘q, yog‘li palovdan so‘ng pirojniyni paqqos tushirishni kanda etmaymiz. Xastalanib, tuzalishimiz ortga surilsa, barcha aybni "do‘xtirlar”ga osongina ag‘darib, mas’uliyatni o‘zimizdan soqit etishga ustamiz.
Ayrim erkaklarimiz "gap" bahonasida farzandlari, oilasi rizqini "choyxona"ga tashib turganida, ba’zi ayollar esa o‘zi, ham o‘g‘il-qizini sifatli ovqatlantirish o‘rniga tilla taqinchog‘u allambalo kiyimlarga mukkasidan ketganida, sog‘lom va sifatli ovqatlanish haqida gapirish mumkinmi? Ha-ya, oshqozondagi sifatli yemakni ko‘z-ko‘zlab, maqtanib bo‘larmidi, barcha, ayniqsa, dugonalarimiz bizning zeb-ziynatlarimizga, o‘nta barmoqlarimizdagi yigirmata qo‘sh uzukka, zanjiru ziraklarga, po‘rim libosimizga mahliyo bo‘lgani ma’qul emasmi...
Nazarimda, sog‘lom turmush tarzi to‘g‘ri mantiqiy tafakkur bilan uzviy bog‘lanib ketgan. Hayotimizning bir maromda, kasalliklarsiz, betashvish kechishi qaysidir ma’noda ruhiy intizomga ham uyg‘undek. Tadbir bahonasida Alisher Navoiy nomidagi Milliy boqqa soat sakkiz bo‘lmasidan yetib boribman. Qiz-juvonlarning sport kiyimida yugurib yurganiga havas bilan boqaman. Ha, bu so‘lim bog‘da turli yoshdagi onaxonlar, opa-singillar tong sahardan jismoniy mashq bilan shug‘ullanishini yaxshi bilaman. Qanday ajoyib manzara. Bunday mashqlar onaxonlarni ortiqcha vazn, turli kasalliklardan asrashi ularning o‘ziga yaxshi ayon. Shu bois ham biror kun bo‘lsa-da, munis onalarimiz mashqni kanda etmaydi.
Bugun jamiyat yangilanyapti. Ongu tafakkurimiz, turmush tarzimiz yaxshi tomonga qarab o‘zgarmoqda. Davlatimiz rahbarining 2020 yil 30 oktyabrdagi "Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni sog‘lom, har jihatdan foydali turmush tarzi tamoyillarini jamiyatimizda kengroq yoyishga chorlashi bilan ham diqqatga sazovor. Zero, salomatligimiz eng avvalo o‘zimizga kerak va o‘zimizga bog‘liqdir!