Zamonaviy, qudratli armiya – tinch-osoyishta hayotimiz kafolati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 26-yanvar kuni Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtida Mudofaa vazirligi rahbariyati bilan yig‘ilish o‘tkazdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 26-yanvar kuni Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtida Mudofaa vazirligi rahbariyati bilan yig‘ilish o‘tkazdi.O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat a’zolari ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25-yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga bayram tabrigida belgilangan vazifalar ijrosining borishi muhokama qilindi, qator vazirlik va idoralar rahbarlarining axboroti tinglandi.
Davlatimiz rahbari xavfsizlik sohasiga oid qonunchilik samaradorligini yuksaltirish, Qurolli Kuchlar tashkiliy tizimini yanada takomillashtirish, uning shaxsiy tarkibini tayyorlash, zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlanganlik darajasini yanada oshirishga qaratilgan aniq vazifalarni belgilab berdi.
Harbiy xizmatchilarni har tomonlama ijtimoiy himoya qilish, shu jumladan, harbiylar va ularning oila a’zolari uchun zamonaviy uy-joylar qurish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yurtdoshlarimizda Vatan taqdiri uchun mas’uliyat tuyg‘usini yanada yuksaltirish kabi muhim vazifalarga alohida e’tibor qaratdi.
Yig‘ilishda hukumat a’zolariga, vazirlik va idoralar rahbarlariga Qurolli Kuchlarimiz qudratini oshirish borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish, milliy armiyamiz va xalqimiz yakdilligini bundanda mustahkamlashga doir aniq topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari mazkur bilim yurtida kursantlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi.