O‘zA O`zbek

04.07.2019 19:42 Chop etish versiyasi

Zamonaviy agrologistika markazlari barpo etilib, qishloq xoʻjaligida kooperatsiya kengaytiriladi

Zamonaviy agrologistika markazlari barpo etilib, qishloq xoʻjaligida kooperatsiya kengaytiriladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-iyul kuni qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat tovarlari sifatini oshirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Mamlakatimizda yiliga 20 million tonna meva-sabzavot yetishtiriladi. Lekin ularni sanoat usulida qayta ishlash darajasi atigi 15 foiz boʻlib, shundan 7-8 foizi eksport qilinmoqda. Infratuzilma yetarli emasligi tufayli yigʻishtirish va saqlash jarayonida 30 foiz mahsulotlar yoʻqotilmoqda.

Bu sohadagi imkoniyatlardan oqilona foydalanib, mahsulotlarni chuqur qayta ishlash kengaytirilsa, oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish va eksport hajmini oshirish mumkin.

Davlatimiz rahbari buning uchun, avvalo, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yigʻish, tashish, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va eksport qilish jarayonlarini qamrab oladigan zamonaviy agrologistika markazlarini koʻpaytirish zarurligini taʼkidladi.

Bugungi kunda yurtimizda 31 ta agrologistika markazi, 1 ming 500 ta sovutkich omborlar bor. Ularda jami yetishtiriladigan meva-sabzavotning 4,5 foizinigina saqlash mumkin. Bu juda kam, albatta.

Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat mahsulotlari narxini barqaror saqlash, bozorga doimiy yetkazib berish uchun keng infratuzilma yaratish zarurligini taʼkidladi.

2025-yilga qadar sovutkichlar sonini 4 ming 500 taga, agrologistika markazlarini 140 taga yetkazish vazifasi qoʻyildi. Osiyo taraqqiyot bankining imtiyozli krediti ishtirokida Andijon, Samarqand va Toshkent viloyatlarida agrologistika markazlari barpo etish, Jizzax, Surxondaryo va Fargʻona viloyatlarida ham shu boradagi ishlarni boshlash yuzasidan topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda mahsulot yetishtiruvchilar bilan qayta ishlovchi korxonalar oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyilmagani koʻrsatib oʻtildi.

Masalan, meva-sabzavotning 65 foizi, goʻsht va sut mahsulotlarining 93-95 foizi dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqalarida yetishtirilmoqda. Biroq, shu mahsulotlarni qayta ishlovchi korxonalar 50-60 foiz quvvatda faoliyat yuritmoqda. Oʻtgan yili meva-sabzavotning 19 foizi, goʻsht va sut mahsulotlarining 16 foizigina sanoat darajasida qayta ishlangan, xolos.

– Kooperatsiya aholi yetishtirgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sanoatga jalb qilishning eng samarali yoʻli. Bu orqali, birinchidan, aholi daromadli boʻladi, ikkinchidan, sanoat uzluksiz xomashyo bilan taʼminlanadi, – dedi Prezident.

Shu borada yana bir misol. Odatda uzum, qovun, tarvuz, qovoq va anorning urugʻi tashlab yuboriladi. Xorijda bu urugʻlar qayta ishlanib, tansiq mahsulotlar tayyorlanadi. Xususan, bir kilogramm tarvuz urugʻi yogʻi jahon bozorida 28 dollar, anor urugʻiniki esa 350 dollar turadi. Yurtimizda ham ushbu mahsulotlarni yigʻib olish va qayta ishlash yoʻlga qoʻyilsa, yiliga 250 million dollarlik eksportbop mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Veterenariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga har bir tumanda kamida beshtadan qishloq xoʻjaligi kooperatsiyalarini tashkil etish, ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash vazifasi qoʻyildi.

Qishloq xoʻjaligi korxonalari qoʻshilgan qiymat soligʻiga oʻtayotgani ishlab chiqarish va ulgurji savdoni rivojlantirish bilan birga kooperatsiyani kengaytirishga ham zamin yaratishi qayd etildi.

Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, eksportdagi raqobatbardoshligi malakali laboratoriya tekshiruviga ham bogʻliq. Yigʻilishda bu borada ham qilinadigan ishlar koʻpligi koʻrsatib oʻtildi. Oziq-ovqat mahsulotlarini sinash boʻyicha Jahon savdo tashkilotining talablariga mos 775 ta standart boʻlsa, mamlakatimizda ularning 100 tasi joriy qilingani, 100 dan ortiq laboratoriyadan atigi 10 tasi xalqaro darajada akkreditatsiyadan oʻtgani tanqid qilindi. Bu korxonalarimiz mahsulotlarini eksport qilish, import tovarlarning esa sifatini tekshirishda qiyinchiliklar tugʻdirmoqda.

Shu bois “Oʻzstandart” agenligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va tegishli inspeksiyalarga oziq-ovqat sifati boʻyicha xalqaro standartlarni 500 taga yetkazish, toʻliq sinovlar oʻtkazish imkoniga ega laboratoriyalar tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Agrosanoatni jadal rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash uchun qishloq xoʻjaligi sohasida mega loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Muhokama qilingan chora-tadbirlar yuzasidan mutasaddilar oʻz taklif va mulohazalarini bildirdi.

OʻzA
3 972