O‘zA O`zbek

27.09.2018 Chop etish versiyasi

Yangi saylov kodeksi loyihasi jamoatchilik muhokamasida

Yangi saylov kodeksi loyihasi jamoatchilik muhokamasida

Poytaxtimizning Mirobod tumanidagi 110-maktabda Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasining mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Davlat rahbarining 2017 yil 22 dekabr kuni Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida Saylov kodeksini ishlab chiqish va qabul qilish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi.

Shunga muvofiq, deputatlar, senatorlar, davlat va nodavlat tashkilotlari, Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari, ekspertlar va olimlar ishtirokida Saylov kodeksi loyihasi ishlab chiqildi. Kodeks loyihasini tayyorlash jarayonida saylov qonunchiligi invertarizatsiya qilinib, 20 ga yaqin xorijiy davlatning saylov qonunchiligi tajribasi oʻrganildi. Taklif etilayotgan loyiha 2 qism, 18 bob, 100 moddadan iborat boʻlib, unda saylovchining ovoz berishini nazorat qilishga yoʻl qoʻymaslik, saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish saylov komissiyalari tomonidan ochiq va oshkora amalga oshirilishiga alohida eʼtibor qaratilgan.

– Saylov kodeksini yaratishdan asosiy maqsad fuqarolarning saylov huquqlarini himoya qilishning qoʻshimcha amaliy mexanizmini takomillashtirish, saylov qonunchiligini tizimlashtirish, unifikatsiyalash, saylov huquq normalarini taʼminlash va ochiqligining kafolatlarini kuchaytirishdan iborat, – dedi xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashi deputati B.Sharipov. – Saylovlarni davlat tomonidan moliyalashtirish muhim xalqaro standartlar talablaridan biri sanaladi. Shu bois loyihaning 17-bobi saylovlarni moliyalashtirishga bagʻishlangan boʻlib, unda saylovlarni davlat tomonidan moliyalashtirish, saylov komissiyalari va siyosiy partiyalarni moliyalashtirish masalalari tartibga solingan. Loyihada koʻzda tutilgan meʼyorlarga asosan nomzodlar va siyosiy partiyalarni chet davlatlar, chet el jismoniy va yuridik shaxslari, xalqaro tashkilotlar tomonidan moddiy qoʻllab-quvvatlash taqiqlanadi. Homiylik qilmoqchi boʻlgan siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari, korxona, tashkilot, muassasa va fuqarolar oʻz mablagʻlarini Markaziy saylov komissiyasiga ixtiyoriy ravishda oʻtkazishi mumkinligi va bu mablagʻlar saylov jarayonida barcha siyosiy partiya va nomzodlar oʻrtasida teng taqsimlanishi inobatga olingan.

Yigʻilishda Saylov kodeksi loyihasi mazmun-mohiyatini jamoatchilik va yoshlar oʻrtasida keng targʻib qilishga alohida eʼtibor qaratildi.

2 290
Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA