Yangi avlod tadbirkorlarining innovatsion gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash doimiy eʼtiborda boʻlishi lozim
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 28 fevral kuni Namangan viloyatiga tashrif buyurdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 28 fevral kuni Namangan viloyatiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 2-3 may kunlari viloyatga tashrifi chogʻida bergan topshiriqlari ijrosini taʼminlash borasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Sanoat, transport, qurilish, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish kabi tarmoqlarni izchil rivojlantirish, uy-joylar barpo etish, aholi farovonligini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Prezidentimiz Namangan viloyatiga bu galgi tashrifini Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasi qurilishi bilan tanishishdan boshladi.
Mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yuksalishi elektr energetika sohasining barqaror rivojiga bogʻliq. Shu bois tizimni modernizatsiya qilish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, elektr energiya ishlab chiqarish quvvatini yanada oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotir.
Toʻraqoʻrgʻon tumanida barpo etilayotgan quvvati 900 MVt boʻlgan issiqlik elektr stansiyasi shunday investitsion loyihalardan biridir. Mazkur IESning ishga tushirilishi Fargʻona vodiysida aholi va sanoat korxonalarini uzluksiz elektr energiyasi bilan toʻliq taʼminlashga xizmat qiladi.
Loyihaning qiymati 1 milliard 195 million AQSH dollaridan ziyod boʻlib, Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation” va “Mitsubishi Hitachi Power Systems” konsorsiumi tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyiha Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi va “Oʻzbekenergo” AJ mablagʻlari asosida moliyalashtirilmoqda.
Bunyodkorlik ishlariga 2 ming 400 nafardan ziyod milliy hamda xorijiy mutaxassis va ishchilar jalb etilgan. Loyiha qidiruv va qurilish-montaj ishlari Turkiyaning “Salik Enerji” kompaniyasi muhandis-texniklari tomonidan olib borilayotir.
Hozirgi kunda elektr energiya ishlab chiqaradigan asosiy agregatlardan birinchi va ikkinchi blok transformatorlari, gaz trubina, qozon utilizatorlar, bugʻ trubinasi va boshqa asbob-uskunalar montaj qilindi. Qolgan elektr qurilma agregatlari keltirib oʻrnatilmoqda.
IES hududida tashqi kommunikatsiya ishlari yakunlangan, ichimlik suvi tarmogʻi tortilgan. Obyekt “Soʻx-Namangan” magistral gaz tarmogʻi orqali yonilgʻi, Katta Namangan kanalidan texnik suv bilan taʼminlanadi.
Stansiyaning birinchi bugʻ-gaz qurilmasi joriy yil sentyabr oyida, ikkinchisi dekabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida yiliga qoʻshimcha 6,7 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. 300 kishi ish bilan taʼminlanadi.
Prezidentimiz bu loyiha muhim strategik ahamiyatga ega ekanini, stansiya vodiy viloyatlarining iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish va aholini ishonchli elektr energiyasi bilan taʼminlash imkonini berishini taʼkidladi.
Issiqlik elektr stansiyasini muvaffaqiyatli ishga tushirish va foydalanish, buning uchun sohaga ixtisoslashgan yuqori malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Viloyatga tashrif chogʻida Prezident korteji kutilmaganda Toʻraqoʻrgʻon tumani dehqon bozori yonida toʻxtadi. Davlatimiz rahbari xalq ichiga kirib, odamlar bilan samimiy muloqot qildi.
Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish yoʻlidagi islohotlar xalq bilan bamaslahat davom ettirilishini taʼkidladi. Jumladan, Namangan viloyatining har bir tumaniga katta miqdorda investitsiyalar kiritish, yangi korxonalar, sanatoriyalar, maktablar, bogʻchalar qurish, ish joylari yaratish boʻyicha ulkan loyihalar boshlanganini qayd etdi.
Tuman aholisi Prezidentimiz tashrifidan benihoya xursand boʻlib, islohotlar natijalari har bir sohada sezilayotganini bildirdi. Namangan viloyati, umuman, mamlakatimiz hayotida roʻy berayotgan oʻzgarishlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik izhor etdi.
Taʼkidlash kerakki, xalq bilan muloqot qilish, hamisha xalq bilan birga boʻlish Shavkat Mirziyoyev faoliyatining bosh mezoni. Prezidentimiz har bir hududga, jumladan, 2017 yilda Toʻraqoʻrgʻon tumaniga tashrifi chogʻida ham odamlar bilan muloqot qilgan edi.
Davlatimiz rahbari Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Axsikent arxeologik yodgorlik majmuasini borib koʻrdi.
Axsikentga eramizdan avvalgi III asrda asos solingan boʻlib, Buyuk ipak yoʻlining asosiy shaharlaridan biri boʻlgan. Tarixiy manbalarda, xususan, “Boburnoma”da bu kentning alohida ahamiyati haqida koʻp yozilgan. Qadimdan bu yerda yer osti suv inshooti boʻlgani bois mudofaa uchun qulay sanalgan.
60 gektarga yaqin qismi saqlanib qolgan Axsikent xarobalari Fargʻona vodiysidagi eng katta arxeologik yodgorlikdir. Arxeologlar tomonidan temirchilar ustaxonasi, X-XIII asrlarga oid hammom qoldiqlari, askarlar xonalari, jome masjidi, mudofaa devorlari, yer osti irrigatsiya tarmoqlari, hunarmandlar mahallasi, hukmdor qarorgohi – Ark qazib oʻrganilgan.
Prezidentimiz topshirigʻiga muvofiq, 2017 yilda Axsikent tarixiy yodgorligini asrab-avaylash va tadqiq etish, uning haqqoniy tarixini yaratish boʻyicha ulkan ishlar boshlandi. “Axsikent” arxeologiya merosi obyektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi» davlat unitar korxonasi tashkil etildi.
Mazkur yodgorlik Namangan viloyatining sayyohlik salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Yurtimiz va xorijdagi sayyohlik koʻrgazmalarida qadimiy Axsikent haqida ham taqdimotlar oʻtkazilmoqda. Buning samarasida mahalliy va xorijiy sayyohlar oʻrtasida tarixiy yodgorlikka qiziqish ortmoqda. Hozirga qadar Belgiya, Avstriya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Eron, Pokiston, Hindiston kabi davlatlardan sayyohlar tashrif buyurgan. Qadamjoni tadqiq etish, uning jozibadorligini va sayyohlar oqimini oshirish maqsadida maxsus konsepsiya ishlab chiqilgan. Ayni kunda shu asosda Fargʻona vodiysida ichki turizmni rivojlantirish choralari koʻrilmoqda.
Prezidentimizga Axsikent majmuasi bosh rejasi, uning tadqiqot olib borilgan obyektlari, hududda barpo etiladigan turistik majmua loyihasi haqida maʼlumot berildi.
Unga koʻra, bu yerda muzey tashkil etiladi. Axsikentning qadimiy dovrugʻini tiklash maqsadida ramziy darvoza quriladi. Umarshayx Mirzo va Boburning Kamoliddin Behzod yaratgan suratlari asosida haykali oʻrnatiladi. Sayyohlar uchun Sirdaryo boʻylab qayiqlarda sayr qilish, tuyada koʻhna shaharni tomosha qilish imkoniyati yaratiladi. Bir soʻz bilan aytganda, zarur infratuzilma yaratilib, Axsikent turizm manziliga aylantiriladi.
Axsikent – buyuk tariximiz koʻzgusi. Bobolarimiz yashagan, qahramonlik koʻrsatgan bu manzilda tariximizni tiklash uchun juda katta manba, oʻtmish dalillari bor. Biz shu paytgacha faqat mashhur shaharlarimiz tarixini oʻrgandik, bunday joylarga eʼtibor qilmadik. Maʼnaviyatimizni yuksaltirmoqchi boʻlsak, yoshlarimizni ota-bobolarimizning asl merosidan bahramand etib ulgʻaytirishimiz, xalqimizga yetkazishimiz kerak, dedi davlatimiz rahbari.
Shavkat Mirziyoyev majmuada qadimiy tariximizni targʻib qiluvchi festival oʻtkazish, Namangan davlat universitetida arxeologiya taʼlim yoʻnalishlarini ochish boʻyicha tavsiyalar berdi. Tarixni tarixiy obyektlarda oʻqitish, maktab va universitetdagi amaliy mashgʻulotlar va darslarning ayrimlarini shu yerda oʻtish zarurligini taʼkidladi.
Mamlakatimizda tadbirkorlik bilan shugʻullanish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Zamon bilan hamnafas faoliyat yuritib, xaridorgir va eksportbop mahsulot ishlab chiqarayotgan tadbirkorlar safi kengaymoqda.
Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi “FT TEXTILE GROUP” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxona ana shunday tadbirkorlik subyektlaridan biri. Bugungi kunda korxonada tayyorlanayotgan ip-kalava mahsulotlari Xitoy, Rossiya, Turkiya va Ukrainaga eksport qilinmoqda.
Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi “FT TEXTILE GROUP” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxona ana shunday tadbirkorlik subyektlaridan biri. Bugungi kunda korxonada tayyorlanayotgan ip-kalava mahsulotlari Xitoy, Rossiya, Turkiya va Ukrainaga eksport qilinmoqda.
Korxona “Shahand” qishloq fuqarolar yigʻini hududida joylashgan. Tadbirkor Zafar Rahimov deyarli xaroba holga kelgan inshootni sotib olib, ishni zamonaviy yigiruv dastgohlarini oʻrganishdan boshladi. Bino taʼmirlangach, Germaniyadan eng soʻnggi rusumdagi zamonaviy ip yigiruv mashinalari keltirib oʻrnatildi. Boshqa zarur uskunalar ham xorijdan olib kelindi. 2018 yili korxonaning birinchi bosqichi ish boshladi.
Korxonaning faoliyat boshlashi Bogʻishamol, Dukat, Temirqishloq, Olchin, Axsi kabi mahallalarda yashovchi 300 nafar fuqaroni doimiy ish bilan taʼminlash imkonini berdi. Ayni paytda bu yerda yiliga 15,6 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarilmoqda. Yillik eksport hajmi 10,2 million dollar.
Korxona oʻzini elektr energiyasi bilan toʻliq taʼminlash imkoniyatiga ega. Bu yerga Germaniyadan eng zamonaviy gazogenerator keltirib oʻrnatilgan. U korxonada elektr energiyasining uzluksiz boʻlishini taʼminlaydi. Ish jarayonida paydo boʻladigan issiq suv ham behuda ketmaydi. 9 gektar issiqxonani issiqlik bilan taʼminlashga yetadi. Demak, “FT TEXTILE GROUP” mamlakatimizda oʻzini elektr energiyasi bilan taʼminlaydigan birinchi korxona boʻldi.
Davlatimiz rahbari korxona faoliyati bilan tanishdi, ishchilar bilan muloqot qildi. Bunday korxonalarni yana koʻplab tashkil qilish, paxta xomashyosidan tayyor mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish lozimligini qayd etdi.
– Mamlakatimizda oʻz ishiga innovatsion yondashadigan tadbirkorlarning yangi avlodi paydo boʻlmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Ularning safini kengaytirish, doimo qoʻllab-quvvatlashimiz lozim.
Prezidentimizga korxonaning ikkinchi bosqichida amalga oshiriladigan ishlar haqida maʼlumot berildi. Unda 200 ish oʻrni yaratish, yiliga qoʻshimcha 20,8 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Ushbu bosqich yakunlangach, ishlab chiqarish quvvati yiliga 36,1 ming tonnaga, eksport hajmi 25,2 million dollar, umumiy ish oʻrni 500 taga yetadi.
Namangan viloyatida Oʻzbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan investitsion loyihalar taqdimoti ham oʻtkazildi. Unda 43 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan. Avtomobillar yoritish chiroqlari, moped, skuter, mototsikl va motoroller, shuningdek, Pop tumanida “Uz youcheng group” qoʻshma korxonasida rejalashtirilayotgan tekstil toʻquv dastgohlari ishlab chiqarish loyihalari shular jumlasidandir.
Davlatimiz rahbari Namangan tumanidagi parrandachilikka ixtisoslashtirilgan “Golden egg of Namangan” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.
Mazkur korxonada Germaniya, Kanada, Rossiya, Turkiya kabi davlatlardan zamonaviy texnologiyalar keltirib oʻrnatilgan. 44 kishi mehnat qilayotgan korxonada 2018 yilda 107 million dona tuxum hamda 3,3 ming tonna parranda goʻshti, 4,6 million bosh joʻja yetishtirildi. Bugungi kunda korxonani parrandachilik klasteriga aylantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz parrandachilikni yanada rivojlantirish uchun kreditlar ajratish, soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Shavkat Mirziyoyev Namangan shahridagi “Art Soft TexGroup” korxonasiga tashrif buyurdi.
Bu yerda turli bichim va rangdagi sochiqlar, xalat, choyshab va boshqa mahsulotlar tayyorlanmoqda. Ular ichki bozorga, shuningdek, Rossiya, Ukraina, Moldova, Bolgariya va qoʻshni davlatlarga yetkazib berilmoqda. Oʻtgan yili 290 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 9,4 million dollar miqdoridagi mahsulot eksport qilingan.
Namangan shahri, Rishton va Yangiqoʻrgʻon tumanlarida korxonaning bir nechta sexlari bor. Ularda 2 mingdan ziyod kishi mehnat qiladi. Yaqinda tayyor toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish kompleksi ishga tushirilishi bilan yana mingga yaqin ish oʻrni yaratildi.
“Art Soft TexGroup” faoliyatini kengaytirib, klaster usulida ishlashga oʻtmoqda. Korxona uchun Mingbuloq va Pop tumanlaridan yer ajratilgan, qishloq xoʻjaligi texnikalari sotib olingan.
Davlatimiz rahbari korxonaning kelgusi rejalari bilan qiziqdi. Uning tarkibida paxta tozalash, urugʻ yetishtirish, don mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari, issiqxona tashkil etish, chorva boqish, yem ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilishini maʼqulladi.
Shu yerning oʻzida viloyatda parrandachilik, baliqchilik, chorvachilik, asalarichilik, quyonchilik, intensiv bogʻdorchilikni rivojlantirish, irrigatsiya va meliorativ tadbirlarni amalga oshirish, zaxiradagi yerlarni foydalanishga kiritish loyihalari taqdimoti oʻtkazildi.
Yana bir loyihada yer va kadastr tizimida yangi innovatsiyalarni joriy qilish boʻyicha maʼlumot berildi. Yangi tizim blokcheyn usulida qoʻllaniladi. Innovatsion takliflarga koʻra, bu tizim orqali obyektni roʻyxatga olishda shaffoflikni oshirish, portal orqali yer ajratish nazarda tutilmoqda. Shu tariqa elektron kadastr pasportini olish muddati 50 kundan 2 kunga tushadi. Mamlakatimizning “Doing business” reytingida dastlabki 30 talikka kirish imkoniyati paydo boʻladi.
Prezidentimiz loyihalarning iqtisodiy samaradorligini oshirish, ularni tezroq ishga tushirib, aholini ish bilan taʼminlash zarurligini taʼkidladi.
Shavkat Mirziyoyev Chortoq tumanida barpo etilayotgan “Chortoq resorts” sanatoriya-sogʻlomlashtirish markazi bilan tanishdi.
Ushbu sanatoriya qurilayotgan adirlik yaqin-yaqingacha qarovsiz joy edi. Mahalliy tadbirkor va xorijiy investorlarning jami 25 million dollarlik sarmoyasi evaziga bugun bu yerda 15 gektardan ziyod maydonda zamonaviy oromgoh bunyod etilmoqda.
Bu viloyatda tibbiyot turizmi hamda ekoturizmni rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar ochadi. Sanatoriyaning yod, brom, radon va boshqa minerallarga boy shifobaxsh suvi tayanch-harakat aʼzolari, yurak-qon tomir va asab tizimlari, endokrinologik va teri kasalliklarini davolashda yaxshi samara beradi. Oromgoh 230 oʻringa moʻljallangan. 250 kishi ish bilan taʼminlanadi.
Markazga ushbu ixtisosliklar boʻyicha malakali shifokorlarni jalb etish, shartnoma asosida germaniyalik mutaxassislar ishtirokida tibbiy koʻriklar uyushtirish rejalashtirilgan.
Hozir davolash va yotoq binolari, oilaviy dam oluvchilar uchun kottejlar, zamonaviy mehmonxona barpo etilgan. Hovli va yoʻlaklarni yoritish uchun quyosh panellari oʻrnatilgan.
Yana bir eʼtiborli jihati, oromgohda ippoterapiya yoʻlga qoʻyiladi. Bu tayanch-harakat aʼzolari va kichik tos kasalliklarini davolashga yordam beradi.
Prezidentimiz ushbu sogʻlomlashtirish markazida yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Chortoqda yana koʻplab sanatoriyalar tashkil etish, ularni arzon, oʻrta va qimmat tarzda tasniflash orqali aholining barcha qatlamlarini qamrab olish, raqobatni taʼminlash hisobidan xizmat narxini tushirish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Bizning mintaqamizda yod tanqis. Shu jihatdan Chortoqning yodga boy suvi xalqimiz uchun juda foydali. Lekin bu joyni koʻpchilik bilmaydi, baʼzilar yoʻl uzoqligidan qiynaladi. Shuning uchun mamlakatimizning hamma joyidan dam oluvchilarni bu yerga jalb etish kerak. Xalqimiz, ayniqsa, bolalarimizning salomatligi biz uchun eng muhimi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari “Chortoq mineral water” masʼuliyati cheklangan jamiyati quvvatini kengaytirish loyihasi bilan tanishdi. Qadoqlangan suvni yiliga 20-30 million donagacha oshirib, ularni yurtimizdagi bogʻchalar, yozgi oromgohlar, shifoxonalar, ijtimoiy dorixonalar, supermarketlarga yetkazib berish zarurligini taʼkidladi.
Shu yerda Chortoqni ekologik shaharga aylantirish, Jahon banki bilan hamkorlikda oʻrta shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish loyihasi doirasida Chortoq shahri markazini qayta qurish, Namangan aeroportini kengaytirish va shaharlararo avtobuslar qatnovini tartibga solish, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida aholi bandligini taʼminlash kabi loyihalar taqdimoti oʻtkazildi. Prezidentimiz bu rejalarni maʼqullab, ularni takomillashtirish va tizimli amalga oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Viloyatning togʻli tumanlarida olma, olxoʻri kabi hudud iqlimiga mos mevalar yetishtirish, ularni qayta ishlash, oilalarda asalarichilik, parrandachilikni yoʻlga qoʻyish, shular orqali aholi uchun qoʻshimcha ish oʻrinlari va daromad manbai yaratish zarurligi taʼkidlandi.
Prezidentimiz Namangan shahridagi “Best Market” supermarketiga tashrif buyurib, mahsulotlar narxi va sifati bilan qiziqdi. Narx-navo barqarorligini taʼminlash uchun mahalliy mahsulotlar turini koʻpaytirish va aholi ehtiyojini qoplash zarurligini taʼkidladi.
Davlatimiz rahbarining Namangan viloyatiga tashrifi davom etmoqda.