Xorazmning iqtisodiy rivojlanishi, sayyohlik salohiyati va ijtimoiy hayoti yangi bosqichga ko‘tariladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan tanishish, istiqboldagi vazifalarni belgilash maqsadida 14-oktabr kuni Xorazm viloyatiga keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan tanishish, istiqboldagi vazifalarni belgilash maqsadida 14-oktabr kuni Xorazm viloyatiga keldi.Xorazm qishloq xo‘jaligi, yirik sanoat korxonalari, transport va kommunikatsiya tizimlari, kichik biznes salohiyati bilan mamlakatimiz taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. “GM Uzbekistan” aksiyadorlik jamiyatining Xorazm filiali, “UzXMG” ekskavator zavodi, “O‘zteks Shovot”, “Xorazm maishiy texnika” korxonalari, “Xorazm shakar” qo‘shma korxonasida ichki va tashqi bozorda xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Murakkab iqlim sharoitiga qaramay, viloyat dehqonlari qishloq xo‘jaligida mo‘l hosil yetishtirmoqda.
Davlatimiz rahbari 2017-yil 27-28-yanvar kunlari Xorazmga tashrifi chog‘ida viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, sanoat va qishloq xo‘jaligini tarkibiy o‘zgartirish, ijtimoiy ob’ektlar barpo etish va infratuzilmani yaxshilash, aholi turmush darajasini oshirish bo‘yicha qator vazifalarni belgilab bergan edi.
O‘tgan davrda hududda ko‘plab yangi korxonalar, kichik biznes sub’ektlari, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari tashkil etildi. Turizm, to‘qimachilik, baliqchilik, parrandachilik, irrigatsiya va boshqa sohalarda istiqbolli loyihalar amalga oshirildi. Uy-joylar, shifoxonalar, maktab va san’at dargohlari qurildi. Yana qator loyihalar bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrifini Urganch xalqaro aeroportida bajarilgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishishdan boshladi.
Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Xorazm viloyatida ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu shahar ostonasidanoq ko‘zga tashlanadi. Xususan, Urganch xalqaro aeroporti zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilingan. Yo‘lovchilarni kutib olish va kuzatishga mo‘ljallangan zamonaviy terminallar, xizmat ko‘rsatish xonalari, savdo shoxobchalari tashkil etilgan, yon-atrof obodonlashtirilgan. Rasmiy delegatsiyalar, xorijiy mehmonlarni kutib olish uchun zarur sharoit yaratilmoqda.
Prezidentimiz bu borada amalga oshirilgan ishlar va galdagi rejalar bilan tanishdi. Aeroport faoliyatini takomillashtirish, mehmonlar uchun qulayliklarni yanada oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Viloyatda barcha sohalar singari sayyohlikni rivojlantirish, tarixiy obidalarni tiklash, ta’mirlash, ularning atrofini obodonlashtirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari viloyatga kelayotgan sayyohlar oqimini ko‘paytirishda tarixiy obidalarning ahamiyati beqiyos ekanini ta’kidladi. Tarixiy ob’ektlarni qayta tiklash va ta’mirlashda asl milliy qadriyat va urf-odatlarimizni saqlash va xorijliklarga ko‘rsatish borasida tavsiyalar berdi.
Urganch tumanida keng ko‘lamli bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Aholiga qulaylik yaratish, turmush darajasi va sifatini yanada yuksaltirish maqsadida hududda yangilangan namunaviy loyihalar asosida 1 va 2 qavatli 64 uy-joy, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari qurilib, foydalanishga topshirildi.
Shavkat Mirziyoyev yangi uylarda aholiga yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi. Zamonaviy va milliy me’morlik andozalari asosida barpo etilgan ushbu uylar oilalar farovon yashashi uchun qulay qilib loyihalashtirilgan. Xonadonlar tabiiy gaz, elektr energiyasi va toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan, ichki yo‘llar barpo etilgan.
Davlatimiz rahbari Toshsoqa tizimidagi magistral sug‘orish kanallarini qayta tiklash loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Bugungi kunda viloyatda 276,7 ming gektar sug‘oriladigan maydon mavjud. Toshsoqa tizimi orqali 191,3 ming gektar yer sug‘oriladi. Amudaryoda suv kam paytlarda, ayniqsa, erta bahor va yoz oylari boshida kanallarda suv sathi juda past bo‘lib, g‘alla, paxta va boshqa ekinlarni sug‘orish uchun suv asosan nasoslar yordamida olinardi. Bu xarajatlarning oshib ketishiga, suv isrofgarchiligi hamda yerlarning meliorativ holati yomonlashuviga olib kelar edi.
Prezidentimiz Xorazm viloyatiga avvalgi tashrifi chog‘ida Toshsoqa magistral kanalida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishib, ushbu muammolarni bartaraf etish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda tannarxni kamaytirish, fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqtisodiy ahvolini yaxshilashga qaratilgan loyihani hayotga tatbiq etish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.
Mazkur loyihaga ko‘ra, viloyatdagi Toshsoqa, Shovot, Polvon G‘azovot va G‘azovot magistral va xo‘jaliklararo kanallarining 120 kilometri rekonstruksiya qilindi. Rejadagi 607 gidrotexnik inshootdan 318 tasi yangidan qurildi. Bu ishlar natijasida 279 nasos agregatidan voz kechilib, qishloq xo‘jalik ekinlari o‘zi oqar suv bilan ta’minlanadi va 31,6 million kilovatt soat elektr energiya iqtisod qilinadi.
Prezidentimiz ushbu loyiha viloyatda suv ta’minotining tubdan yaxshilanishi, fermer xo‘jaliklari samaradorligi va qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Kanallar atrofidagi yerlarni obodonlashtirish, tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib ekiladigan ko‘chat turlarini tanlash va kanal bo‘ylab besh qator daraxt ekish, yozning jazirama kunlari odamlar kanal bo‘yida dam olishi uchun sharoit yaratish bo‘yicha Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda viloyat hokimligi mutasaddilariga tegishli topshiriqlar berildi.
Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida barpo etilayotgan “Farovon” mehmonxonasining qurilish uchastkasida bo‘ldi.
Shaharning Amir Temur ko‘chasida qurilishi rejalashtirilgan ushbu mehmonxona qadimiy me’morchilik uslubida 3 qavatli qilib bunyod etiladi. Unda konferensiya zallari, sport maydonchalari, restoranlar, ko‘ngilochar maskanlar va boshqa imkoniyatlar bo‘ladi. Mehmonxonaga fransiyalik ishbilarmonlar investitsiya kiritadi.
Bu yerga kelishimizdan asosiy maqsadlardan biri Xivani turistik zonaga aylantirish borasidagi sa’y-harakatlarimizni yana bir bor tahlil qilishdan iborat, dedi davlatimiz rahbari. Turizmni rivojlantirish uchun, avvalo, sayyohlarga sharoit yaratish zarur. Shu maqsadda kelgusi uch yilda Xivada 20 ga yaqin mehmonxona quriladi. Bu mehmonxona besh yulduzli, mamlakatimizdagi eng yaxshi mehmonxonalardan biri bo‘ladi.
Prezidentimiz Xiva shahridagi Nurillaboy saroy majmuasini ko‘zdan kechirdi.
Xorazm viloyati tarixiy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylarga boy. Ular asrab-avaylanayotgani, sayyohlar uchun zarur sharoitlar yaratilayotgani natijasida viloyatda turizm izchil rivojlanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur saroy hududi shu yerlik Nurillaboy ismli savdogarga tegishli bo‘lgan. Majmua xorijlik mehmonlarni qabul qiladigan qarorgoh vazifasini o‘tagan.
Davlatimiz rahbari joriy yil yanvar oyida viloyatga tashrifi chog‘ida mutasaddilarga mazkur majmuani zamon talablari darajasida rekonstruksiya qilish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Prezidentimiz tavsiyasiga ko‘ra ishlab chiqilgan loyihaga binoan bu yerda restoran, qabullar uyi, galereya, amfiteatr, hunarmandlar ko‘rgazmasi tashkil qilingan.
Ko‘rgazmalarda Xorazmning XIX-XX asrlarga oid tarixiy fotosuratlari, birinchi o‘zbek kinooperatori va fotosuratchisi Xudoybergan Devonov olgan suratlar va kinoasarlar namoyish etilmoqda. «Xorazm an’anaviy hunarmandchiligi: tarix va zamonaviylik», «O‘zbekiston zamonaviy san’ati: ohanglar, timsollar, talqinlar» mavzuidagi ko‘rgazmalar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Prezidentimiz Xiva shahri me’morchilik obidalari, jumladan, mazkur majmuaning boy tarixi haqida sayyohlar va xorijlik mehmonlarga zamonaviy uslublarga tayangan holda so‘zlab berish, bu bilan ularning mamlakatimiz haqidagi tasavvurlarini yanada boyitish zarurligini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyati iqtisodiyotiga jalb qilinadigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni ko‘paytirish va «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini yanada rivojlantirish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Xalqaro bozor talablariga javob beradigan raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali tayyor mahsulot turlarini ko‘paytirishda mamlakatimizning turli hududlarida tashkil etilayotgan erkin iqtisodiy zonalarning alohida o‘rni bor.
Prezidentimizning joriy yil 12 yanvardagi “Urgut”, “G‘ijduvon”, “Qo‘qon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
"Hazorasp" erkin iqtisodiy zonasi uchun 414 gektardan ortiq yer maydoni ajratilgan. Keyinchalik ushbu hudud yanada kengaytiriladi. Yangi erkin iqtisodiy zonada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash, qadoqlash, to‘qimachilik, poyabzal va charm-galantereya, kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati, mashinasozlik va avtomobilsozlik, qurilish materiallari kabi qator yo‘nalishlarda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etiladi.
Ayni paytda erkin iqtisodiy zona chegaralarini o‘rnatish, bojxona posti tashkil qilish, xorijiy va mahalliy investorlarni jalb etish ishlari amalga oshirilmoqda. Tashkil etiladigan zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari uchun zarur imkoniyatlar yaratish maqsadida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi, xususan, gaz, suv va elektr tarmoqlari, kanalizatsiya, avtomobil va temir yo‘llari, aloqa tizimi shakllantirilmoqda.
Hududda ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish bo‘yicha bugungi kunda 25 loyiha ishlab chiqilgan. Natijada 1000 dan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi.
«Hazorasp» erkin iqtisodiy zonasi hududda ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, aholini barqaror daromad bilan ta’minlash, xalqimiz turmush farovonligining yuksalishiga xizmat qiladi.
Prezidentimiz Xorazm viloyatini 2018-2019-yillarda kompleks rivojlantirish dasturi doirasida amalga oshiriladigan loyihalar bilan tanishdi. Bunda asosiy e’tibor viloyatning iqtisodiy ko‘rsatkichlarini oshirish, aholi bandligini ta’minlash masalalariga qaratilgan.
Bo‘sh turgan ob’ektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari negizida yangi tashkil etiladigan va amalga oshiriladigan loyihalar to‘g‘risida ham ma’lumot taqdim qilindi.
Urganch tumanida yiliga 1,2 ming tonna go‘sht va go‘sht mahsulotlari hamda 900 ming dona quyon terisini qayta ishlashga ixtisoslashgan "Xorazm quyon savdo" agrofirmasi tashkil etiladi. Qiymati 1,8 million dollar bo‘lgan mazkur loyiha uch bosqichda amalga oshiriladi va 2018-yil oxirida to‘liq quvvat bilan ishga tushiriladi.
Bugun bozorda parhez go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan talab ortib bormoqda. "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ tomonidan Shovot tumani Buyrachi qishlog‘ida qurilayotgan parrandachilik majmuasi, sut va go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash korxonasi ana shu talablar doirasida tashkil etilmoqda.
Taqdimotda kam ta’minlangan oilalarning qoramol va parranda boqish, tomorqada sabzavot mahsulotlari yetishtirishdagi ishtirokini faollashtirishga qaratilgan ijtimoiy loyihalar haqida ham ma’lumot berildi.
Turizm mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim yo‘nalishlardan hisoblanadi. Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida sayyohlik sohasida istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2016-yil 2-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim omil bo‘layotir.
Prezidentimizga viloyatga xorijlik va mahalliy sayyohlarni jalb qilish, hududning turizm salohiyatini yanada rivojlantirish loyihalari taqdim qilindi. Yangi sayyohlik yo‘nalishlari ochish, yangi mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qilinayotgan ishlar, 2018-yilda kelishi kutilayotgan sayyohlar oqimi haqida ma’lumot berildi.
Davlatimiz rahbari viloyatda «Xavfsiz turizm» konsepsiyasini amalga oshirish loyihasi bilan ham tanishdi. Unda turizm infratuzilma ob’ektlarini videokuzatuv moslamalari bilan jihozlash, turizm sohasida xizmat ko‘rsatuvchi va sayyohatchilarning xavfsizligini ta’minlovchi davlat va nodavlat ob’ektlarini yagona axborot-kommunikatsiya tizimiga ulash, sayyohlar bo‘yicha ma’lumotlar ba’zasini shakllantirish kabi chora-tadbirlar o‘rin olgan.
Xiva shahridagi «Ichan-qal’a» muzey-qo‘riqxonasi hududidagi «Pahlavon Mahmud» majmuasida ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz mazkur majmuada olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida ushbu hududda bo‘ldi. Qur’on tilovat qilindi.
Ilgari bu joylar tashlandiq maskanga aylanib qolgan edi. Bu yerlar insonga ruhiy quvvat beradi. Buni kelayotgan ziyoratchilarning ko‘pligidan ham bilsa bo‘ladi, dedi Prezidentimiz.
Mazkur majmuaga kuniga o‘rtacha 400 ga yaqin ziyoratchi keladi. Ta’mirlash va qurilish ishlarini joriy yil oxirida yakuniga yetkazish ko‘zda tutilgan. Havo haroratining mo‘’tadilligini ta’minlovchi zamonaviy tizimlar o‘rnatilgan.
Bu yerda ziyoratchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari Sherg‘ozixon madrasasini ko‘zdan kechirdi. Bu maskanda ta’lim olgan allomalar sharafiga tashkil qilingan muzey faoliyati bilan tanishdi. Madrasa binosiga zarar yetkazmagan holda uni qayta ta’mirlash zarurligini qayd etdi.
Viloyat turizmiga taalluqli yana bir yirik loyiha – Urganchdan Xivagacha temir yo‘l barpo etish loyihasidir. Temir yo‘l zamonaviy talablar asosida loyihalashtirilib, ulkan bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi. Bugungi kunda ikki shahar o‘rtasida 33 kilometr temir yo‘l yotqizish, Xiva shahrida zamonaviy vokzal va zarur infratuzilma ob’ektlari barpo etish ishlari jadal olib borilmoqda. Bu boradagi manzilli dastur asosida transport, mehmonxona, pochta, bank, umumiy ovqatlanish va boshqa xizmatlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Kelgusida mazkur temir yo‘l elektrlashtirilib, Toshkentdan Xivagacha tezyurar poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Xiva vokzali Ichan-qal’aning Hazorasp darvozasi yonida barpo etilayotgani sayyohlarga qulaylik yaratadi.
Prezidentimiz Xiva shahar vokzalida amalga oshirilayotgan ishlar, istiqboldagi loyihalar bilan tanishdi.
Xorazmning turizm sohasidagi imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, sayyohlar uchun barcha sharoitni yaratish, mehmonxonalar va ko‘ngilochar maskanlar qurishga sohaning tajribali vakillarini jalb etish zarurligini ta’kidladi.
Xiva shahrining tarixiy qismini yangilash rejasi taqdimoti o‘tkazildi.
Shavkat Mirziyoyev Ichan-qal’a yaqinida istirohat bog‘i barpo etish, sayyohlar piyoda sayr qiladigan ko‘cha bo‘yida savdo va hunarmandlik shoxobchalari, ikki qavatli uy-joylar qurish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Prezidentimiz Xiva tumanidagi «Rahimbergan hoji anbar» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi dalasida ilg‘or dehqon va fermerlar bilan suhbatlashdi.
Xalq bilan muloqot asosida barcha sohalarda izchil islohotlar amalga oshirilayotgani, odamlarning davlatga ishonchi yuksalib, mehnatga munosabati o‘zgarayotgani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining shu yil 9-oktabrdagi «Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni va uni amalga oshirishga qaratilgan qarorning ahamiyati haqida so‘z bordi. Fermer va dehqon xo‘jaliklari, shaxsiy tomorqalardan samarali foydalanish, takroriy ekinlar ekib, qo‘shimcha daromad topishning ahamiyati ta’kidlandi.
Bu islohotlardan asosiy maqsad – mehnatdan manfaatdorlikni, yurtimiz fayzu barakasini oshirishdir. Toki odamlar yerdan samarali foydalanib, qo‘shimcha daromad topsin, mehnatining rohatini ko‘rsin, xalqimiz boy bo‘lsin, dedi davlatimiz rahbari.
Shu yerda baliqchilik, qovunchilik va qishloq xo‘jaligining boshqa tarmoqlari samaralari namoyish etildi.
Shu kuni Urganch shahrida xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Prezidentimiz tavsiyasiga ko‘ra, Xorazm viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Ilgizar Sobirov Xorazm viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi davom etmoqda.