Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.09.2017 21:10 Chop etish versiyasi

Xitoy va O‘zbekiston rahbarlari uchrashuvida erishilgan kelishuvlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda

O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari har tomonlama strategik sheriklik asosida izchil rivojlanmoqda. Bu haqda shu kunlarda yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi siyosiy-huquqiy komissiyasi kotibi, O‘zbekiston-Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasi hamraisi Men Szyanchju O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Avvalo, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildiraman. Xitoy bilan O‘zbekistonning serqirra hamkorligi barcha sohalarda yuksak samaralar bermoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 11-may kuni davlat tashrifi bilan Xitoyda bo‘lgan edi. O‘sha uchrashuvda davlatlarimiz rahbarlari tomonidan imzolangan muhim hujjatlar va erishilgan kelishuvlar bugun keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda.

Bugun Xitoyning yetakchi kompaniyalari O‘zbekiston bilan uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni, birinchi navbatda, yuqori texnologiyaga asoslangan tarmoqlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Transport, to‘qimachilik, ta’lim va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotir.

O‘zbekiston-Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasining navbatdagi majlisida samarali muzokaralar bo‘lib o‘tdi.  Uchrashuvlarda savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shu o‘rinda alohida ta’kidlamoqchimanki, O‘zbekiston mahsulotlarini Xitoy bozorlarida ko‘rishdan mamnun bo‘lamiz. Xitoylik tadbirkorlar O‘zbekistonda biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlardan g‘oyat xursand.

Xitoy va O‘zbekiston qadimiy tarix va boy madaniyatga ega mamlakatlardir. Gumanitar aloqalar hamisha davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning muhim tarkibiy qismi bo‘lib kelgan.

Xitoy O‘zbekiston bilan taraqqiyot va yuksalish yo‘lida bundan buyon ham izchil hamkorlikni davom ettiradi, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari  yanada mustahkamlanib boraveradi.

So‘zim yakunida shuni qat’iy ishonch bilan aytamanki, O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan barcha sohalarda yuksak marralarni zabt etadi.

Abu Bakir O‘rozov, O‘zA
2 304






Все о погоде - Pogoda.uz