Van Chen Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatida uchrashuvlar o‘tkazdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatida Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, bosh kotibi Van Chen bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatida Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, bosh kotibi Van Chen bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro ishonch va manfaatdorlik, strategik sheriklik tamoyillari asosida izchil rivojlanayotganini, bunda ikki davlat rahbarlari uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 11-13-may kunlari Xitoyga davlat tashrifi o‘zaro strategik sheriklik munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tardi.
Tomonlar O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik mustahkamlanib borayotgani, ikki mamlakat parlamentlari delegatsiyalarining uchrashuvlari muntazam o‘tkazilayotganini qayd etdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 13-may kuni Butunxitoy xalq vakillari kengashining Doimiy qo‘mitasi raisi Chjan Detszyan bilan uchrashuvi parlamentlararo aloqalar rivojida muhim ahamiyat kasb etgani ta’kidlandi.
Xitoy delegatsiyasi a’zolari mamlakatimiz Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, uning qo‘mitalari, fraksiyalari va deputatlik guruhlari faoliyati bilan tanishtirildi. O‘zbekiston va Xitoyning qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi hamkorlikning turli yo‘nalishlari, axborot-tahliliy faoliyat, ikki mamlakat soha mutaxassislarini jalb etgan holda xalqaro anjumanlar tashkil etishga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi.
– O‘zbekiston Yevropa bilan Osiyoni bog‘lovchi o‘ziga xos ko‘prik, iqtisodiy-ijtimoiy sohada ulkan yutuqlarga erishayotgan, tabiiy resurslarga boy mamlakatdir, – dedi Van Chen. – Xitoy O‘zbekistonni ishonchli sherik, deb biladi. O‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor bilan qaraydi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi doirasida savdo, iqtisodiyot, sarmoya, neft-gaz, transport va transport kommunikatsiyalari, turizm, ta’lim kabi ko‘plab sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid kelishuvlarga erishildi, o‘zaro manfaatli shartnomalar imzolandi. O‘zbekistonning «Bir makon, bir yo‘l» loyihasida ishtiroki ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. O‘zaro ishonch va do‘stlikka asoslangan munosabatlarni yanada taraqqiy ettirishdan manfaatdormiz. Davlatlarimiz rahbarlari uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, parlamentlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish tadbirlarini tashkil etish, qonun ijodkorligi bo‘yicha tajriba almashishga doir masalalar muhokama etildi.
Mehmonlarga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, Oliy Majlis Senati faoliyati haqida so‘zlab berildi.
Van Chen Harakatlar strategiyasi O‘zbekistonning barcha sohalarda yanada ulkan yutuqlarga erishishida, mamlakatning izchil taraqqiy etishida huquqiy asos ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi o‘rtasida 2011-yilda imzolangan hamkorlik to‘g‘risida memorandum o‘zaro aloqalar rivojida muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi. Har tomonlama izchil rivojlanib borayotgan strategik hamkorlikdan kelib chiqqan holda ushbu hujjatni yanada takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirishning joriy bosqichi yuqori baholanishi ta’kidlandi, o‘zaro manfaatli masalalar yuzasidan fikr, tajriba hamda axborot almashish jarayonini yanada faollashtirishga kelishib olindi.