O‘zA O`zbek

17.08.2018 15:57 Chop etish versiyasi

Xalqlarimiz uzilmas ma’naviy rishtalar bilan bog‘langan

Xalqlarimiz uzilmas ma’naviy rishtalar bilan bog‘langan
Oliy darajadagi O‘zbekiston – Tojikiston muloqotlari yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon muzokaralar ochiqlik, o‘zaro anglashuv va do‘stona ruhda o‘tgani, imzolangan hujjatlar mamlakatlarimiz xalqlari manfaatlariga xizmat qilishini ta’kidladilar.

– Tojikiston Respublikasi Prezidenti, do‘stim va birodarim, muhtaram Emomali Rahmonning mamlakatimizga ilk davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlikda yangi ufqlarni ochdi. Biz siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, suv-energetika va boshqa muhim sohalardagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga doir dolzarb masalalarni muhokama qildik. Amalga oshirilgan ulkan va puxta hamkorlikdagi ishlar samarasida bugun Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladik. Bu munosabatlarimizda yangi davr boshlanganidan dalolatdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

– Muhtaram Shavkat Miromonovich bilan oliy darajadagi muzokaralarimiz yakunini g‘oyat samarali va qoniqarli deb baholaymiz. U tojik – o‘zbek munosabatlarini strategik sheriklik, o‘zaro hurmat, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik asosida mustahkamlab borishga intilish va qat’iy ahdimizni yana bir bor tasdiqladi. O‘zbekistonga ilk davlat tashrifim davomida hamkorlikning hal etilmagan biror masalasi qolmadi. Biz barcha ko‘tarilgan barcha masalalar bo‘yicha aniq xulosalarga erishdik. Bu esa kelgusida,albatta, o‘zining ijobiy natijalarini beradi,– dedi Emomali Rahmon.

Tojikiston Prezidenti xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, samimiy birodarlik munosabatlarining yaqqol namunasi sifatida Prezident Shavkat Mirziyoyevga buyuk shoir va mutaffakir Alisher Navoiy asarlari tarjimasi to‘plangan “Chashmai xirad” kitobini sovg‘a qildi.

Tojikiston Prezidentining mamlakatimizga davlat tashrifi davom etmoqda.

Matnazar Elmurodov, O‘zA
2 259