Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.03.2018 22:48 Chop etish versiyasi

Vazirliklararo ishchi guruhlari majlisi

Toshkentda 5-mart kuni O‘zbekiston – Rossiya vazirliklararo muloqoti doirasida ishchi guruhlarning uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

2017-yilda O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi. Ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar vazirlik va idoralararo hamkorlikning jadal sur’atlarda rivojlanishini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 4-5-aprel kunlari Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi doirasida moliya vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan bo‘lib, unga muvofiq soliq siyosati, soliq ma’murligi hamda mahalliy byudjetlarning mustaqilligini oshirishda hamkorlikni mustahkamlash nazarda tutilgan.

Memorandum ijrosi doirasida soliq va moliya organlarining tajribasini o‘rganish bo‘yicha o‘zaro tashriflar amalga oshirilmoqda, muntazam ravishda videokonferensiyalar o‘tkazib kelinmoqda.

O‘zbekiston va Rossiya moliya vazirliklari o‘rtasidagi kelishuvlarning amaliy ijrosi doirasida mamlakatimizga Rossiya Federatsiyasining tegishli vazirlik va idoralari vakillaridan iborat delegatsiyasi tashrif buyurdi.

Uchrashuvlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq va Davlat bojxona qo‘mitalari vakillari, mustaqil ekspertlar ishtirok etdi.

Mutaxassislar o‘rtasidagi muloqot bir necha yo‘nalish bo‘yicha tashkil etildi. Xususan, Rossiyaning soliqqa tortish va bojxona qonunchiligi sohasidagi tajribasi, ikki vazirlikning o‘zaro manfaatlariga oid boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ishchi guruhlar tuzildi.

Tomonlar ikki mamlakat milliy iqtisodiyotining holati to‘g‘risida ma’lumot almashib, Rossiya – O‘zbekiston munosabatlarining rivojlanishi hamda moliya sohasidagi o‘zaro sheriklik istiqbollarini belgilab oldilar.

Tadbirda ishtirokchilar tomonidan samarali hamkorlikning istiqboldagi yo‘nalishlari batafsil muhokama qilinib, hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha o‘zaro manfaatlarga asoslangan “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Unda nazarda tutilgan chora-tadbirlar ijrosi moliya vazirliklari o‘rtasida o‘zaro yaqin va konstruktiv hamkorlikni ta’minlaydi.

Ikki mamlakat moliya vazirlarining 6-mart kuni bo‘lib o‘tadigan uchrashuvida ushbu “yo‘l xaritasi”ni imzolash rejalashtirilgan.

O‘zA
4 751