O‘zA O`zbek

25.05.2020 Chop etish versiyasi

Transport tizimi barqarorligini taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi

Transport tizimi barqarorligini taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-may kuni transport sohasining barqaror ishlashini taʼminlash va izchil rivojlantirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Koronavirus pandemiyasi oqibatida butun dunyoda transport aloqalari deyarli toʻxtab qoldi. Sohadagi kompaniyalar bundan jiddiy zarar koʻrmoqda. Masalan, birgina aviatsiya tarmogʻida joriy yil yakunigacha dunyo buyicha 113 milliard dollar yoʻqotilishi taxmin qilinmoqda.

Mamlakatimiz transport korxonalari karantin cheklovlari sababli hozirgacha 340 milliard soʻm zarar koʻrgan. Epidemiologik vaziyat barqarorlashguncha bu raqamlar yana oshishi aniq.

Shu bois, sohada pandemiyaning taʼsirini yumshatish, korxonalarni iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qator choralar koʻrilmoqda. Masalan, karantindan eng koʻp zarar koʻradigan “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatlarining 122 million dollar kreditlari toʻlov muddatlari uzaytirildi, 60 milliard soʻmlik soliq imtiyozlari taqdim etildi. Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan 50 million dollar miqdorida aylanma mablagʻ sifatida foizsiz ssudalar ajratildi.

Yigʻilishda yangicha sharoit va talablar asosida transport sohasining barqaror ishlashini taʼminlash masalalari muhokama qilindi.

Transport vazirligiga “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatlarini pandemiya taʼsiridan olib chiqish boʻyicha biznes model ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Yevropa-Xitoy yoʻnalishida yuk tashish bozoriga kirish orqali qoʻshimcha daromad olish, joriy va investitsiyaviy xarajatlarni optimallashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Raqobatni kuchaytirish uchun fuqaro aviatsiyasi bozoriga yangi tashuvchilarni jalb qilish, “Uzbekistan Airways”ni nufuzli xorijiy kompaniya boshqaruviga berish masalasi koʻrib chiqildi.

Aeroportlarni modernizatsiya qilish, Andijon, Buxoro, Urganch va Qarshi xalqaro aeroportlarini davlat-xususiy sheriklikka berish boʻyicha tender eʼlon qilinishi belgilandi.

Pandemiya davrida temir yoʻl orqali yuk tashishga talab keskin koʻpaygan. Xususan, xalqaro yuk tashuvlarida temir yoʻlning ulushi 75 foizdan 87 foizga oshdi. Bu xizmatlar sifatini yaxshilash va tannarxni tushirish orqali mijozlarni koʻpaytirish uchun yaxshi imkoniyat.

Lekin, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tizimida asosiy vositalarning eskirgani, jamiyat tarkibida nosohaviy aktivlarning koʻpligi asosiy faoliyatni rivojlantirishga toʻsqinlik qilmoqda.

Shu bois, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” tarkibidagi nosohaviy korxonalarni optimallashtirish, tariflarni shakllantirish mexanizmlarini takomillashtirish, vagon va lokomotiv parkini yangilash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda avtotransportda xalqaro yuk tashuvchi korxonalarni qoʻllab-quvvatlash masalasiga ham eʼtibor qaratildi.

Soʻnggi uch yildagi islohotlar natijasida mamlakatimizda xalqaro yuk tashuvchi transportlar soni 3 baravar oshdi, yuklarni tashishda mahalliy korxonalarning tashqi savdodagi ulushi 37 foizdan 48 foizga yetdi.

Mahalliy tashuvchilarning qatnovlar sonini yana-da oshirish, tashqi savdoda ularning ulushini 60 foizga yetkazish chora-tadbirlari belgilandi. Bitta yuk transporti besh nafargacha aholi bandligini taʼminlashi, bu tarmoqda 30 mingta yangi ish oʻrni yaratish mumkinligi taʼkidlandi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda ichki yoʻnalishlarda qatnaydigan avtobuslarni yangilash, bunday korxonalarni barqaror moliyaviy resurs bilan taʼminlash yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari ichki yoʻllar masalasiga alohida toʻxtalib, ularning holati yomonligi, odamlar bundan norozi ekanini qayd etdi. 80 ming kilometr ichki yoʻllarni rekonstruksiya qilish, bu borada butun dunyoda qoʻllanib kelinayotgan “foydalanuvchi toʻlaydi” tizimini joriy etish zarurligi taʼkidlandi.

“Qamchiq” dovonida muqobil tunnel qurilishini oʻz ichiga oluvchi “Toshkent-Andijon” pullik avtomobil yoʻli loyihasi boʻyicha tender eʼlon qilinishi belgilandi.

Mutasaddilar transport sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar boʻyicha hisobot berdi.


6 236
O'zA