Toshkentda talabalarning Milliy ilmiy-ma’rifiy markazi bunyod etiladi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Talabalar shaharchasi hududida quriladigan axborot-resurs markazi loyihasi bilan tanishdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Talabalar shaharchasi hududida quriladigan axborot-resurs markazi loyihasi bilan tanishdi.Mamlakatimizda ta’lim tizimi izchil takomillashtirilmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 20-apreldagi «Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori mazkur tizim sifatini yangi bosqichga ko‘taradi.
Ushbu qarorda ko‘plab chora-tadbirlar qatori yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yaratish va ularni oliy ta’lim muassasalarining ta’lim jarayoniga keng tatbiq etish, oliy ta’lim muassasalarini zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan ta’minlash, shu jumladan, eng yangi xorijiy adabiyotlar sotib olish va tarjima qilish, axborot-resurs markazlari fondlarini muntazam yangilab borish bo‘yicha vazifalar belgilangan.
Talabalar shaharchasida qurilishi rejalashtirilayotgan axborot-resurs markazi ana shunday zamonaviy talablarga javob beradi. Markaz elektron-resurslar, davriy adabiyotlar, mutolaa, multimedia va konferensiya zallarini o‘z ichiga oladi. Bu Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markaziy instituti, o‘rta-maxsus ta’lim maskanlari o‘quvchi va talabalari, professor-o‘qituvchilariga katta qulaylik yaratadi.
Prezidentimiz markaz loyihasi va konsepsiyasini takomillashtirish, uning qamrovini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Majmuani O‘zbekiston talabalarining Milliy ilmiy-ma’rifiy markazi tarzida tashkil etish, dunyo universitetlari bilan hamkorlik o‘rnatish, xalqaro talablar darajasidagi kadrlar tayyorlash, professor-o‘qituvchilarning ilmiy anjumanlarini yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.