O‘zA O`zbek

17.12.2008 21:56 Chop etish versiyasi

Toshkent viloyatining yuksak salohiyatidan unumli foydalanish, islohotlar samaradorligini oshirish – dolzarb vazifa

Avval xabar qilinganidek, shu yil 16 dekabr kuni Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo’lib o’tdi. Unda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so’zladi. Quyida ana shu nutqning bayoni e’lon qilinmoqda.

Yurtboshimiz avvalo, Toshkent viloyatining ulkan salohiyati, yer osti va yer usti boyliklari, unumdor tuprog’i, butun dunyoga mashhur ishlab chiqarish korxonalari, infratuzilma va kommunikatsiyalari, betakror iqlimi va tabiati haqida to’xtalib, vohaning ko’pni ko’rgan, qiyinchiliklarda toblangan, mehnatkash va mard xalqiga o’z hurmatini bildirdi.

Istiqlol yillarida ana shu salohiyatni yanada yuksaltirish, viloyatning barqaror iqtisodiy o’sish sur’atlarini ta’minlash, yirik ijtimoiy dastur va loyihalarni amalga oshirish bo’yicha ko’p ish qilinmoqda. Birgina 2008 yilning 9 oyi davomida yalpi hududiy mahsulot hajmi 5,2 foiz, qishloq xo’jaligi mahsulotlari 9 foiz, xizmatlarning umumiy hajmi esa 30 foizga o’sgani shu yo’ldagi harakatlar izchil davom etayotganini ko’rsatadi.

2007 yil va joriy yilning o’tgan davri mobaynida viloyatda barcha manbalar hisobidan 987 milliard so’mdan ortiq kapital mablag’ o’zlashtirildi. Bu mablag’ning 110 milliard so’mdan ziyodini xorijiy investitsiya va kreditlar, jumladan, 83 foizini to’g‘ridan-to’g‘ri xorijiy investitsiyalar tashkil etdi.

Viloyatda sanoat sohasini modernizatsiya qilish bo’yicha ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Keyingi ikki yil davomida Olmaliq shahridagi “Ammofos” zavodida mineral o’g‘itlar, Bekoboddagi O’zbekiston metallurgiya kombinatida katanka va elektrod ishlab chiqaradigan yangi quvvatlar ishga tushirilgani, O’rtachirchiq tumanida polietilen plyonkasi tayyorlaydigan korxona faoliyati yo’lga qo’yilgani va boshqa misollar shundan dalolat beradi.

Viloyatda yetishtirilayotgan qishloq xo’jaligi mahsulotlaridan raqobatdosh tayyor mahsulot ishlab chiqarish maqsadida keyingi paytda 9,7 million dollar qiymatidagi 20 dan ortiq minitexnologiya olib kelib o’rnatilgani va ishga tushirilgani ham alohida diqqatga sazovordir.

O’tgan davr mobaynida viloyatda shahar-qishloqlarning qiyofasi tobora o’zgarib bormoqda, ayniqsa, ta’lim-tarbiya, sog’liqni saqlash, madaniyat sohalarini rivojlantirish, aholi hayotining sifatini yaxshilash va yuksaltirishga qaratilgan yirik loyihalar izchil amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz viloyat ahlining mehnati bilan erishilayotgan ana shunday ijobiy natijalarni e’tirof etgan holda, yig’ilish ishtirokchilari e’tiborini viloyat oldida turgan, ammo ayrim sabablarga ko’ra bajarilmasdan qolgan ishlar, yechilmagan muammolarga qaratdi. Chunki bugungi keskin raqobat sharoitida o’sish sur’atlarini yo’qotmaslik, xalqimizning tobora ortib borayotgan ehtiyojlarini qondirish bizdan, avvalo, o’z zimmamizdagi vazifani qanday bajarayotganimiz, qilayotgan ishlarimizga tanqidiy baho berishni, yo’l qo’yilgan xato va nuqsonlarni, hal etishga qurbimiz yetmagan masalalarni o’z nomi bilan aytish va to’g‘ri xulosa chiqarishni talab etadi, deb ta’kidladi davlatimiz rahbari.

Shu ko’z bilan qaraganda, Toshkent viloyatining iqtisodiy o’sish sur’atlari bugungi kunda qoniqarli emas. Sessiyada bu haqda atroflicha fikr yuritilib, mavjud kamchilik va nuqsonlar, ularni bartaraf etish yo’llari ko’rsatib o’tildi.

Avvalo, viloyatda joylashgan respublika ahamiyatiga molik korxonalarni istisno qilganda, aksariyat tumanlarda sanoat sohasi rivojida jiddiy oqsoqlik ko’zga tashlanmoqda. Masalan, Ohangaron, Parkent, Pskent, Bo’ka, Bekobod va Oqqo’rg’on tumanlarida yalpi hududiy mahsulot tarkibida sanoatning ulushi 0,4-0,7 foiz darajasida qolib kelmoqda. Joriy yilning o’tgan davrida viloyatdagi sanoat korxonalarining 18 tasi, jumladan, Chirchiqdagi “Bursel Toshkent tekstil”, Angrendagi “Sanoat-qalinqog’ozsavdo” korxonasi, “Ohangaron shifer” aksiyadorlik jamiyati mahsulot ishlab chiqarish hajmini 192 milliard so’mga pasaytirib yuborgan.

Viloyatda to’g‘ridan-to’g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo’yicha muayyan ishlar bajarilgan bo’lsa-da, Oqqo’rg’on, Bekobod va Bo’ka tumanlarida o’tgan davrda bunday investitsiyalar umuman jalb qilinmagan. Ana shunday kamchiliklar tufayli viloyatda shu yilning 9 oyi davomida eksport hajmi 4,7 foizga pasaygan, mahalliy tasarrufdagi korxonalarning eksportdagi ulushi esa atigi 3,4 foizni tashkil etmoqda.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida va kasanachilikni rivojlantirish bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlarni ham qoniqarli, deb bo’lmaydi. Buni Mahalliylashtirish dasturi asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmi respublika miqyosida 15,8 foizni tashkil etgani holda, Toshkent viloyatida atigi 0,22 foizdan iborat bo’lib qolayotgani yaqqol ko’rsatib turibdi. Ahvol shunday bo’lishiga qaramasdan, joriy yilda 5 ta loyiha bo’yicha umuman ish boshlanmagan, 8 ta loyiha bo’yicha esa belgilangan ishlab chiqarish rejasi bajarilmagan. Joriy yilning o’tgan davrida viloyat bo’yicha jami ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotining umumiy hajmida yirik korxonalardagi kasanachilik hisobidan ishlab chiqarilgan mahsulotning ulushi yarim foizni (0,2 foiz) ham tashkil etmagan.

Prezidentimiz yana bir muhim masala – ijtimoiy soha ob’ektlarini o’z vaqtida foydalanishga topshirish borasida oqsoqlik holatlari ko’zga tashlanayotgani haqida to’xtalib, hisobot davrida Toshkent tumani Ko’kterak qishlog’idagi kasb-hunar kolleji, Olmaliq shahri, Bo’stonliq, Bo’ka, Parkent va Pskent tumanlaridagi bir qator ta’lim muassasalarida qurilish, ta’mirlash ishlari yuqori tashkilotlarning aralashuvidan keyingina yakuniga yetkazilganini aytib o’tdi. Bundan tashqari, qurilish bilan bog’liq tender savdolarini tayyorlash va o’tkazish jarayoni viloyat rahbariyati tomonidan nazoratga olinmasdan, o’z holiga tashlab qo’yilganiga ham majlisda e’tibor qaratildi. Ana shunday o’zibo’larchilik kayfiyatidan ayrim nopok kimsalar foydalanib qolishga uringan. Xususan, viloyat Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasining sobiq rahbari A.Rashidov tender g’olibligini faqat o’zi manfaatdor bo’lgan pudrat tashkilotlariga berib kelgan. Shu borada viloyat “Issiqlik manbai” korxonasi rahbari O.Saidov va «Harakat-zamon» xususiy firmasi boshlig’i X.Kurganbayev o’zaro jinoiy til biriktirib, ijtimoiy ob’ektlarni kapital ta’mirlash uchun ajratilgan byudjet mablag’larini o’zlashtirib, davlatga 254 million so’mlik zarar yetkazgan. Bunday qonunga xilof ishlar yuzasidan respublika huquq-tartibot idoralari tomonidan aybdorlar javobgarlikka tortilgani haqida yig’ilishda ma’lum qilindi.

Hozirgi vaqtda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish mamlakatimizning bugungi va ertangi hayoti uchun o’ta muhim ahamiyatga ega. Afsuski, viloyatda bu boradagi ahvol ham talab darajasida emas. Joriy yilning birinchi yarmida 7 ta tuman va shaharda tadbirkorlikka oid qonun hujjatlari ijrosi o’rganilganda, 2 ming 500 dan ortiq qonunbuzarlik holati aniqlangan. Tijorat sohasini, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, unga barcha imkoniyat va imtiyozlarni yaratib berish o’rniga viloyatda bunga teskari bo’lgan ishlar kuzatilmoqda. Shuning natijasida boshqa viloyatlarga nisbatan katta ustunligi bo’lgan Toshkent viloyatida hali-beri ko’pgina tumanlar moliyaviy dotatsiyada qolib kelmoqda.

Viloyat iqtisodiyotining muhim tarmog’i bo’lgan qishloq xo’jaligidagi, ayniqsa, paxtachilikdagi ahvol hammamizni, avvalo, umid bilan dalada mehnat qilayotgan zahmatkash dehqonlarimizni qoniqtirmaydi, dedi Yurtboshimiz.

Bu yil ishni tashkil etishdagi jiddiy kamchiliklar, agrotexnik tadbirlarning o’z vaqtida va sifatli o’tkazilmagani, jumladan, yig’im-terim mavsumida safarbarlik va uyushqoqlik yetishmagani tufayli paxta tayyorlash bo’yicha belgilangan reja 87 foizda qolib ketdi, hosildorlik esa 25,5 o’rniga 22,3 sentnerni tashkil etdi, xolos.

Viloyat qishloq xo’jaligidagi yana bir yetakchi tarmoq – g’allachilikdagi ahvol ham Prezidentimiz tomonidan keng tahlil qilindi. Bu soha rivoji yo’lida to’siq bo’layotgan muammolarning tub ildizlari ko’rsatib berildi. Sohada avvalambor, ishni zamonaviy usulda tashkil qilish, ilg’or agrotexnologiyalarni joriy etish, serhosil navlarni tanlab ekish va shu asosda g’allachilikning samarasini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi. Keyingi uch yil davomida g’alla hosildorligi respublika bo’yicha o’rtacha 41 sentnerni tashkil etgani holda, viloyatda bu ko’rsatkich 38 sentnerdan oshmayapti.

Davlatimiz rahbari bu haqda atroflicha to’xtalib, birinchi navbatda yerga munosabat, bugun zamon talab qiladigan mulkchilik sohasida islohotlarni o’z vaqtida va oqilona amalga oshirish, odamlarda mulkdorlik hissiyotini tarbiyalash, yerni haqiqiy egasiga topshirish, ayniqsa, fermerlik harakatini chuqur o’ylangan va asoslangan dastur bo’yicha tashkil qilish, ularni har tomonlama qo’llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi. Ammo Toshkent viloyatida fermerlarga kerakli imtiyoz va sharoitlarni yaratib berish masalasida oqsoqlik va shoshma-shosharlik holatlariga, ayrim tumanlarda hatto qonunga xilof ishlarga yo’l qo’yilayotgani tanqid qilindi.

Shu munosabat bilan Prezidentimiz bugungi fermer qanday fazilat va xususiyatlarga ega bo’lishi zarurligiga alohida urg’u berib, fermerlar avvalo yerning, dehqonchilikning sir-asrorini puxta bilishi kerak, dedi. Shunday xususiyatga ega bo’lmagan tasodifiy kishilar fermer bo’lishga haqqi bormi, deb masalani qat’iy qo’yish payti keldi. Chunki tabiatan dehqonchilik ilmidan uzoq bo’lgan, bilimi va tajribasi yetmaydigan odam o’zini ham, boshqalarni ham qiynaydi.

Bugungi haqiqiy fermerni universal dehqon, deb atasak, arziydi, albatta. Ya’ni, haqiqiy fermer nafaqat qishloq xo’jaligini, dehqonchilikni, kerak bo’lsa, huquqiy, moliyaviy, iqtisodiy masalalarni, eng muhimi, tuproq sirini biladigan, zamonaviy texnika bilan muomala qila oladigan, yer bilan tillashishga tayyor inson bo’lishi darkor. Faqat shunday insonlarga beqiyos boyligimiz bo’lmish yerni ishonib topshirish mumkin. Lekin, afsuski, Toshkent viloyatida bu masalaga panja orasidan qaralib, rizq-ro’zimiz manbai bo’lgan yerni talon-toroj qilishdek salbiy holatlarga yo’l qo’yilmoqda, dedi Islom Karimov.

Masalan, Yangiyo’l tumanida qishloq xo’jaligida foydalanib kelingan 21 gektar unumdor yer qonunga zid ravishda uy-joy qurish uchun ajratib berilgan. Ushbu holatni yashirish maqsadida bu joy yangitdan tashkil etilgan fermer xo’jaliklari nomiga shunchaki rasmiylashtirib qo’yilgan. Viloyat rahbarlari esa bu masalada go’yoki bexabardek, tomoshabin bo’lib turgan. Faqat yuqori idoralar aralashganidan so’ng ana shu qonunbuzarlik aniqlanib, tumanning sobiq hokimi Q.Payziyev vazifasidan chetlatilgan va jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Qibray tumani hokimi Sh.Ikromov ham amaldagi qonunchilikni qo’pol ravishda buzib, 1,2 gektar ko’p yillik bog’ni uy-joy qurish uchun berib yuborgan. Shuningdek, mazkur tumanda o’tkazilgan tekshirishlarda 6 ta agrofirma hududida 13 gektar bog’ o’zboshimchalik bilan buzib tashlanib, boshqa maqsadlarda foydalanilayotgani aniqlangan. Hozirgi vaqtda bunday bema’ni ishlarga chek qo’yish bo’yicha tegishli idoralar tomonidan choralar ko’rilmoqda.

Toshkent tumani hokimi S.Temirov qonunga xilof tarzda Sabzavotchilik va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutiga tegishli 10 gektar sug’oriladigan ekin maydonini uy-joy qurish uchun berib yuborgan, shu tumanning Ko’ksaroy qishloq fuqarolar yig’ini hududidagi 1,2 gektar sug’oriladigan yer maydoni ham uy-joy qurish maqsadida ayrim shaxslar tomonidan noqonuniy ravishda egallab olingan, lekin tuman rahbari bu yerni davlatga qaytarish borasida hech qanday chora ko’rmagan.

Ohangaron tumani sobiq hokimi O.Ibragimov tomonidan esa qum-shag’al kareri va zavod qurilishi uchun 10 gektar yer maydoni yuqori idoralar bilan kelishilmasdan, o’zboshimchalik bilan “Aviasanoat industriya” xorijiy korxonasiga ajratib berilgan. Shu tumandagi “Olmaliq” yordamchi xo’jaligini fermer xo’jaliklariga aylantirish bo’yicha komissiya raisi B.Achilov 16 gektar yer ajratib berish evaziga fuqaro A.Badalovdan 900 AQSh dollari miqdorida pora olayotganida ushlangan.

Umuman, viloyatda yer bilan bog’liq qonunchilikning buzilish holatlari yuzasidan prokuratura organlari tomonidan 2007 yilda 24 ta, joriy yilning 9 oyi mobaynida esa 40 ta jinoyat ishi qo’zg’atilgan va aybdorlar sud hukmi bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Ma’lumki, yurtimizda fermer xo’jaliklarining yerlarini tartibga keltirish, ularni optimallashtirish masalasida Prezidentimiz tomonidan maxsus farmoyish qabul qilinib, unda belgilab berilgan chora-tadbirlarni bajarish yuzasidan hozirgi kunda butun mamlakatimizda amaliy ishlar olib borilmoqda.

Sessiyada shu boradagi vazifalar yana bir bor ta’kidlanib, yer maydoni 15-20 gektargacha bo’lgan fermerlarning yillik foydasi 5-6 million so’mdan oshmayotgani va bu mablag’ faqat joriy xarajatlarni qoplashga sarflanayotgani bois fermerda yangi texnika sotib olish, yerning unumdorligini oshirish, agrotexnik tadbirlarni sifatli bajarish uchun imkoniyat yetarli bo’lmasligiga e’tibor qaratildi. Shuning uchun paxta va g’allachilikka ixtisoslashgan fermer xo’jaliklarining o’rtacha yer maydonini Toshkent viloyatida 60 gektardan 85 gektargacha yetkazish bo’yicha ish olib borilayotgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan Yurtboshimiz bu o’ta muhim va dolzarb masalada har tomonlama o’ylab, har qaysi mintaqa va hududning sharoitiga qarab ish tutish, eng muhimi, fermer xo’jaliklarining optimal yer maydonini aniqlashda fermer xo’jaligini tashkil qilmoqchi bo’lgan shaxsning salohiyati, tajribasi va intilishlarini hisobga olgan holda, ish tutish, ta’bir joiz bo’lsa, yetti o’lchab bir kesish zarur, shundagina bu o’zgarishlardan kutilgan natija va samaraga erishish mumkin, deb ta’kidladi.

Prezidentimiz sessiya ishtirokchilari e’tiborini viloyatda paxtachilik bo’yicha oqsoqlikka olib kelayotgan yana bir masalaga qaratdi. U ham bo’lsa, mahalliy sharoitga mos keladigan, sifatli tola beradigan yangi navlarning yaratilmayotgani bilan bog’liq. Bu haqda ko’p bor aytilganiga qaramasdan, mazkur masalada sezilarli o’zgarishlar kuzatilmayapti.

Holbuki, Toshkent viloyati hududida 9 ta ilmiy-tadqiqot birlashmasi, nufuzli institut va markazlar joylashgan. Masalan, “Paxta” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi, G’o’za seleksiyasi va urug’chiligi birlashmasi, O’simliklarni himoya qilish instituti, O’simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti, Qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalashtirish va elektrlashtirish instituti va boshqa yirik ilmiy muassasalar shular jumlasidandir.

Mamlakatimizda qishloq xo’jalik mutaxassislarini tayyorlaydigan eng yirik oliy o’quv yurti – Toshkent agrar universiteti ham aynan shu yerda joylashgan. Majlisda Toshkent viloyati rahbariyati, mutasaddilari va faollari ana shu ilmiy dargohlarda xizmat qilayotgan olimlar bilan o’zaro hamkorlikni samarali tashkil qilishi zarurligi qayd etildi. Bu masalani oxirigacha yetkazish bo’yicha Qishloq va suv xo’jaligi vazirligi rahbariyati mas’uliyatni o’ziga olib tashabbuskor bo’lishi lozimligiga e’tibor qaratildi.

Prezident Islom Karimov viloyatda ijtimoiy sohadagi mavjud ahvol tahliliga o’tar ekan, bugun amalga oshirilayotgan barcha islohot va yangiliklarning samarasi avvalo ularning odamlar hayotiga qanday ta’sir o’tkazayotgani bilan, viloyatda istiqomat qilayotgan 2,5 milliondan ortiq aholi bu o’zgarishlarni o’z dasturxonida, oilasida, turmush tarzida qanchalik sezayotgani, ertangi kunga ishonchi qay darajada mustahkam bo’lib borayotgani bilan o’lchanadi, deb ta’kidladi.

O’tgan davrda mahalliy hokimlar va mutasaddi tashkilotlarning e’tiborsizligi va sovuqqonligi tufayli 1991 yilgacha qurilgan ko’pqavatli uylarni kapital ta’mirlash rejasi Chirchiq, Yangiyo’l, Angren shaharlari, Bo’ka va Oqqo’rg’on tumanlarida bajarilmasdan qolgan. Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining faoliyatini tashkil etish ishlari ham talab darajasida emas. Shirkatlarning moddiy-texnik bazasini shakllantirish, ularga bank kreditlari ajratish ishlari to’g‘ri yo’lga qo’yilmagan. Oqibatda ularga yuklatilgan vazifalar to’liq va sifatli bajarilmayapti. Bu holat Angren, Bekobod va Olmaliq shaharlarida ayniqsa yaqqol ko’zga tashlanmoqda.

Boshqaruv va nazorat ishlarining o’z holiga tashlab qo’yilgani natijasida viloyatdagi 12 ta shahar va tuman markazlari uchun aholiga issiqlik energiyasi yetkazib beradigan viloyat “Issiqlik manbai” ishlab chiqarish boshqarmasi bankrotlik holatiga kelib qolgan. Lekin viloyat rahbariyati bu korxonani moliyaviy inqirozdan chiqarish, sog’lomlashtirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ko’rish o’rniga, uni o’z qarori bilan tugatib yuborgan. Bu korxonaning vazifasi esa shahar va tumanlardagi qozonxonalar zimmasiga yuklatib qo’yilgan. Ishga shunday munosabat oqibatida 2008 yilning 1 noyabrigacha barcha turdagi kommunal xizmatlar uchun to’lov muddati o’tkazib yuborilgan qarzlar taxminan 100 milliard so’mni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 45 milliard so’mga oshib ketgan.

Majlisda shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi Bosh prokuratura bilan birga Toshkent viloyati shahar va tumanlarida kommunal soha bo’yicha mavjud ahvolni, qish faslida yashayotganimizni hisobga olgan holda ko’rib chiqishi va xulosa chiqarishi zarurligi qayd etildi.

Sessiyada Toshkent viloyatidagi eng o’tkir muammolardan biri bo’lmish aholini, avvalo yoshlarni ish bilan ta’minlashning ahvoli ham tahlil etildi.

Hozirgi vaqtda viloyatda ro’yxatga olingan ishsizlar soni 45 ming kishini, vaqtinchalik ishlarda band bo’lganlarni ham qo’shib hisoblaganda, 70 ming nafardan ortiqni tashkil etmoqda. Ayniqsa, Ohangaron, Bekobod, Oqqo’rg’on, Pskent, O’rtachirchiq va Yangiyo’l tumanlarida yangi ish o’rinlari yaratish, shuning hisobidan aholi bandligini ta’minlash masalasi qoniqarsiz bo’lib qolayotgani bo’yicha tanqidiy fikrlar bildirilib, bunday holatlar yuzasidan amaliy choralar ko’rish lozimligi uqtirib o’tildi.

Shundan so’ng Prezidentimiz o’tgan davr mobaynida Toshkent viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida yo’l qo’yilgan kamchilik va xatolar, bugungi kundagi barcha sohalarda qoniqarsiz ahvolning ildizlari haqida atroflicha to’xtalib, eng asosiy sabab avvalo, har qaysi rahbar, ko’pgina faollarning o’z vazifasiga sovuqqonlik, mas’uliyatsizlik bilan qarashida, o’z ishini tashkil qilishga qurbi yetmasligida, ularning zamon talablariga javob bera olmasligida, bir so’z bilan aytganda, ularning zaifligida ko’rinmoqda, deb afsus bilan qayd etdi.

Keyingi vaqtda o’z ishida katta nuqsonlarga yo’l qo’ygani uchun Olmaliq shahar hokimi A.Zokirov, Parkent tumani hokimi A.Azamatov, O’rtachirchiq tumani hokimi M.Tillaboyev, Yuqorichirchiq tumani hokimi A.G’apparov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Viloyatda yuzaga kelgan ahvol avvalo, viloyat rahbariyatida, xususan, birinchi rahbarda talabchanlik va qat’iyatning yetishmasligi, uning ishni to’g‘ri tashkil qilishda zaiflik qilgani bilan bog’liq. Aynan ana shunday kamchiliklar aksariyat hollarda bugungi kun talablariga javob bermaydigan, o’ta bo’sh shaxslarni rahbarlikka tayinlashga sabab bo’lgani majlisda keskin tanqid qilindi. Joriy yilning 9 oyida viloyatdagi 107 nafar mansabdor shaxs turli qonunbuzarliklarga yo’l qo’ygani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Yurtboshimiz viloyatda istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish masalasi qoniqarsiz ahvolda ekanini ta’kidlab, Toshkent viloyati hokimligining tavsiyasiga ko’ra, 1996-2008 yillar mobaynida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini 38 kishi bitirgani, ulardan 17 nafari o’z joyiga, 2 nafari undan ham quyi lavozimlarga ishga tayinlangani, 2 nafari esa umuman ish bilan ta’minlanmaganiga e’tiborni qaratdi.

Davlatimiz rahbari bunday kamchiliklar haqidagi fikrlarini umumlashtirib, yuqorida zikr etilgan muammolarning yechilmasdan qolayotgani ko’p jihatdan viloyat rahbariyati, birinchi navbatda 2006 yildan buyon Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Ziyavitdin Niyozovning faoliyati talab darajasida bo’lmagani, ochig’ini aytadigan bo’lsak, bu shaxsning rahbarlik masalasida zaif ekani bilan bog’liq, deb ta’kidladi.

Sessiyada tashkiliy masala ko’rildi. Z.Niyozov Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi lavozimidan ozod qilindi.

Prezident Islom Karimov tavsiyasiga ko’ra, Quyichirchiq tumani hokimi vazifasida ishlab kelayotgan Rustam Xolmatov Toshkent viloyati hokimi etib tasdiqlandi.

Prezidentimiz majlisga yakun yasar ekan, kirib kelayotgan yangi – 2009 yil yurtimizda “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” deb e’lon qilinishining Toshkent viloyati uchun alohida ahamiyati va mohiyati borligi haqida to’xtaldi. Nega deganda, Toshkent viloyati – O’zbekistonning markaziy viloyati, u o’zining salohiyati bilan boshqalarga o’rnak bo’lishni o’z zimmasiga olishga qodir viloyatdir. Shuning uchun bugun siz, azizlarga, viloyatning barcha faollari va fidoyilariga, ko’pmillatli voha ahliga qarata aytmoqchiman: Toshkent viloyati hech qachon orqada yurishni o’ziga ma’qul topmagan va Vatanimiz taraqqiyoti, el-yurtimiz farovonligi yo’lida mana shunday dasturlarni amalga oshirishda ham o’zining nimalarga qodir ekanini albatta namoyon etadi, dedi pirovardida Islom Karimov.


O'zA
6 849