O‘zA O`zbek

29.05.2020 Chop etish versiyasi

Toshkent shahrida kichik tuman tashkil etish taklif qilindi

Toshkent shahrida kichik tuman tashkil etish taklif qilindi

Shavkat Mirziyoyev 2016-yili sentyabrda besh yil davomida Sergeli tumanida 500 ta koʻp qavatli uy qurilishini aytganida koʻpchilik hayron boʻlgan edi. Davlatimiz rahbari 2018-yil dekabrda bu boradagi bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirgandi.

Bugun bu yerda katta, zamonaviy mavze paydo boʻldi. Oxirgi 3 yilda tumanda 19 ming 522 xonadonli 460 ta koʻp qavatli uy foydalanishga topshirildi.

26 ta namunaviy tipdagi mahalla guzarlari barpo etildi. Shu davrda bu yerga 100 mingdan ziyod aholi koʻchib kelib, jami aholi 276 ming nafardan oshgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shuncha odamning farovonligini taʼminlash, boshqaruvni samarali tashkil etish maqsadida ushbu hududda Toshkent shahar hokimligiga toʻgʻridan-toʻgʻri boʻysunadigan alohida “Yangi hayot” kichik tumanini tashkil etish taklifini bildirdi.

Poytaxt aholisiga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini vositachilarsiz, arzon narxda yetkazib berish choralari koʻrilmoqda. Birinchi bosqichda dehqon bozorlarida 256 ta maxsus rasta tashkil etildi. Ikkinchi bosqichga muvofiq, shahar boʻylab 514 mahallada 2316 ta koʻchma savdo yarmarkasi hamda 634 turgʻun savdo doʻkoni tashkil etildi.

Sergeli tumaniga Qashqadaryo viloyati biriktirilib, viloyat fermerlari oʻz mahsulotini olib kelib sotadigan savdo joyi ochildi.

Davlatimiz rahbari “Tashabbus” mahallasi hududidagi ana shunday savdo shoxobchasini koʻzdan kechirdi.

- Fermerlarning mahsulot olib kelishiga yordam berib, emin-erkin sotishiga sharoit yaratilsa, Toshkentda oziq-ovqat mahsulotlari narxini 15-20 foiz tushirish mumkin. Mahsulotlar arzon va sifatliligi xalqimizga, doimiy mijozlar borligi dehqonlarga ham qulay boʻladi. Endi boshqa tumanlarga ham muayyan viloyatlarni biriktirib, mahallalarda shunday ixcham, sovutgichli shoxobchalarni tashkil etish zarur, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari Sergeli-5A mavzesidagi “MADENA SOLLECTION” masʼuliyati cheklangan jamiyat faoliyati bilan ham tanishdi. Ushbu tikuvchilik korxonasida tibbiyot xodimlari uchun yiliga 150 ming dona maxsus kiyimlar ishlab chiqarilmoqda. Korxonada shu atrofda yashovchi 100 nafar xotin-qiz ishli boʻldi.

Prezident ishchi ayollar bilan suhbatlashdi. Ularning oilaviy va mehnat sharoitlari bilan qiziqdi.


6 684
O'zA