O‘zA O`zbek

17.03.2020 Chop etish versiyasi

TIV oʻzbekistonlik talabalarning Rossiyadagi yotoqxonalardan chiqarib yuborilayotgani haqidagi xabarlarni inkor etdi

TIV oʻzbekistonlik talabalarning Rossiyadagi yotoqxonalardan chiqarib yuborilayotgani haqidagi xabarlarni inkor etdi

Dushanba kuni ayrim OAV va ijtimoiy tarmoqlarda, goʻyoki, koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida Rossiya oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan vatandoshlarimiz yotoqxonalardan chiqarib yuborilayotganligi haqida xabarlar tarqalgandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ushbu xabarlarga izoh bildirdi.

Mamlakatimiz TIVning Telegram kanalida bu haqda, jumladan shunday deyilgan: “Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasida mavjud maʼlumotlarga koʻra, mamlakat hukumati tomonidan Oʻzbekistondan ushbu davlat oliy taʼlim muassasalariga kelib oʻqiyotgan talabalarga nisbatan, ularning yashash sharoitini va/yoki mamlakat hududida boʻlishini cheklash bilan bogʻliq hech qanday chora-tadbirlar qoʻllanilmagan. Oʻquv dargohlari rektoratlari Fan va oliy taʼlim vazirligidan oʻzbekistonlik talabalarni yashash joylaridan chiqarib yuborishni nazarda tutuvchi hech qanday tavsiya yoki topshiriqlar olmagan.

Diplomatlarimiz hamyurtlarimizni hech qanday tahlikaga tushmaslikka, xotirjamlik namoyon etishga va Rossiya hukumati tomonidan COVID-19 koronavirusi tarqalishiga qarshi kurash boʻyicha berilayotgan tavsiyalarga rioya qilishga, shuningdek yashab turgan joylarini tark etmaslikka va oliy taʼlim muassasasi rahbariyati belgilagan tartibda oʻqishni davom ettirishga chaqirgan.

Shu bilan birga, vatandoshlarimiz Rossiya hukumati davlat xavfsizligi va aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida 2020-yilning 18-martidan 1-mayigacha xorij fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmaganlarning mamlakat hududiga kirishini vaqtincha taqiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qilgani haqida ogohlantirilgan.

Ushbu cheklovlar Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari xodimlari, xalqaro yoʻnalishda harakatlanadigan avtomobillar haydovchilari, havo, dengiz va daryo transporti ekipajlari aʼzolari, xalqaro temir yoʻllar yoʻnalishlari poyezd va lokomotiv brigadalari, rasmiy delegatsiyalar aʼzolari, diplomatik, xizmat va yaqin qarindoshlarning vafoti munosabati bilan berilgan oddiy shaxsiy viza egalari, RF hududida doimiy yashovchi shaxslar, shuningdek tranzit havo-oʻtish punktlari orqali harakatlanayotgan fuqarolarga nisbatan qoʻllanilmaydi.

Oʻzbekiston fuqarolariga RF hukumatining mazkur qarorini inobatga olish tavsiya etildi.

2 872
OʻzA