Tinchlik va osoyishtalik barqaror taraqqiyotning muhim omilidir
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yangi loyihalar bilan tanishdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yangi loyihalar bilan tanishdi.Mamlakatimizda barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Keng va ravon yo‘llar, zamonaviy ko‘priklar, aholi turar joylari, yangi ishlab chiqarish obyektlari foydalanishga topshirilmoqda. Bu aholining turmush farovonligini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim omil bo‘lmoqda.
Toshkent tajriba eksperimental mexanika zavodi negizida 2008-yilda tashkil etilgan “Krantas” hamda “Kranlar va maxsus texnika” korxonalarida 60 turdan ziyod maxsus texnika, jumladan, avtokranlar, kran manipulyatorlari, yonilg‘i va kislota tashuvchi avtotsisternalar, kommunal texnika, samosvallar, avtoustaxonalar, avtogidroko‘targichlar ishlab chiqarilmoqda. Import o‘rnini bosuvchi, eksportbop ushbu texnika vositalari mamlakatimiz iqtisodiyot tarmoqlariga yetkazib berilmoqda.
Davlatimiz rahbari “Krantas Group” zavodiga tashrif buyurib, qurilish uchun maxsus texnika ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati bilan tanishdi.
Bugungi kunda korxonalarda 645 ishchi-xizmatchi mehnat qilmoqda. Mahsulot hajmini oshirish, yangi uskunalar sotib olish va ishlab chiqarish sexlarini barpo etish hisobiga yana 150 ish o‘rni yaratish mo‘ljallanmoqda.
Korxonalarda 2017-2018-yillarda yuk ko‘tarish quvvati 100 tonna bo‘lgan avtokranlar va ko‘p qavatli uy-joylar qurilishiga mo‘ljallangan 8 tonnalik kranlar ishlab chiqarish loyihalashtirilgan. Mamlakatimizda tadbirkorlik sohasiga qaratilayotgan alohida e’tibordan samarali foydalanib, joriy yilda korxonaning eksport hajmini 5 million dollarga yetkazish, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston kabi davlatlarga mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz korxonada ishlab chiqarilayotgan maxsus texnika vositalari va ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Bu kabi korxonalar mamlakatimiz sanoati rivojlanishining asosiy omillaridan biri ekanini ta’kidladi.
Korxonada ishlab chiqarilayotgan maxsus texnika turlarini mahalliylashtirishni kengaytirish, kelgusi besh yilga mo‘ljallangan davlat dasturini qayta ko‘rib chiqib, maxsus texnika importini kamaytirish, mahalliylashtirilgan maxsus texnikalar xaridini ko‘paytirish yuzasidan mutasaddi rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi.
Ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalarida kran va maxsus texnikalar ishlab chiqarish bo‘yicha yiliga 20-25 mutaxassis tayyorlaydigan fakultetlar ochish va yoshlarni o‘qitish zarurligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari shu yerda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalar bilan tanishdi.
Tuman hududida joylashgan ilm va ta’lim muassasalari salohiyatidan samarali foydalanish, aholi turmushi uchun qulay sharoitlar yaratish, mavzelarni obodonlashtirish, loyihalarni moliyalashtirish uchun mahalliy byudjet daromadlarini oshirish, tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash va eksport hajmini ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvida ilgari surgan tashabbusiga muvofiq axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yurituvchi Mirzo Ulug‘bek innovatsion markazini tashkil etish, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy-tadqiqotlarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha kompleks dasturlar, tijorat banklari tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalar taqdimotlari o‘tkazildi.
Ushbu loyihalar tumanning ishlab chiqarish, eksport salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish va odamlarga qulay sharoitlar yaratishda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi. Loyiha tashabbuskorlari va mutasaddilar bilan suhbatda ularni amalga oshirishni jadallashtirish, sifat va muddatga alohida e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasida bo‘lib, u yerdagi sharoitlar bilan tanishdi.
Prezidentimiz joriy yil 9-fevral kuni ichki ishlar organlari faoliyati, sohadagi mavjud muammo va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida ichki ishlar idoralari faoliyati samaradorligini oshirish, mahalliy hokimliklar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorligini yanada takomillashtirish, profilaktika inspektorlari turmush sharoitini yaxshilash, sohani malakali kadrlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Ichki ishlar tizimini tubdan isloh qilishning huquqiy asoslari takomillashtirildi, tizim xodimlariga yangi vazifalar yuklatildi. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 10-apreldagi «Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni va 12-apreldagi “Ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi Markaziy Osiyoda huquqni muhofaza qilish organlari uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha eng yirik oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Akademiya O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 2-sentabrdagi qarori asosida tashkil etilgan.
Akademiyaning to‘rtta zamonaviy o‘quv binosi, tinglovchilar uchun ikkita yotoqxona, mehmonxona va boshqa zarur inshootlari bor. Tinglovchilar bilan o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish uchun 18 ma’ruza zali, 150 o‘quv auditoriyasi va o‘quv-metodik kabinet, uchta sport zali va suv havzasini ichiga olgan sport majmuasi, tennis korti va atletik tayyorgarlik bilan shug‘ullanish uchun sport maydonchalari, ikki galereyali o‘q otish tiri, kriminalistik poligon, eng zamonaviy komputerlar bilan jihozlangan 20 komputer sinfi va boshqa inshootlar mavjud.
Tinglovchilar 500 mingdan ortiq nusxadagi o‘quv, ilmiy, ijtimoiy-siyosiy, maxsus va badiiy adabiyotlar, davriy nashrlarni o‘z ichiga olgan 4 kutubxona xizmatidan foydalanadi.
Haqiqiy vaziyatga yaqinlashtirilgan sharoitlarda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun akademiyaning harbiy-dala o‘quv markazi bor. Bu yerda 600 kishiga mo‘ljallangan ma’ruza zali, o‘quv sinflari va boshqa inshootlar mavjud.
Davlatimiz rahbari 2017-2021-yillarda IIV akademiyasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha loyihalarni ko‘zdan kechirdi. Sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, shaxsiy tarkibning kasb mahorati, ma’naviy-ma’rifiy, huquqiy bilimini oshirish borasida tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Prezidentimiz Mirzo Ulug‘bek tumani ichki ishlar boshqarmasi qoshidagi 8-shahar ichki ishlar bo‘limi faoliyati bilan tanishdi.
Ichki ishlar organlari tizimini kompleks isloh qilish, uning tarkibiy tuzilmalarini optimallashtirish zarurligi ta’kidlandi. Ana shu vazifalardan kelib chiqib, ichki ishlarni xalqimizga yanada yaqinlashtirish, jinoyat sodir etilishining oldini olish, profilaktika tadbirlarini kuchaytirish maqsadida poytaxtimiz tumanlari ichki ishlar boshqarmalari qoshida shahar ichki ishlar bo‘limlari tashkil etilmoqda.
Mirzo Ulug‘bek tumani ichki ishlar boshqarmasi qoshidagi 8-shahar ichki ishlar bo‘limida voyaga yetmaganlar va yoshlar bo‘yicha inspektor, tezkor vakil, surishtiruvchi, pasport inspektori, profilaktika inspektori faoliyat ko‘rsatadi. Ichki ishlar bo‘limi sohaga oid eng zamonaviy komputer uskunalari bilan jihozlangan. Bu Alisher Navoiy, Bobur, Shukur Burhonov nomidagi, "Gulzor", "Yangi hayot", "Katta qorasuv", "Sho‘rtepa" mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashovchi aholi osoyishtaligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olishda o‘z samarasini beradi.
Prezidentimiz 8-shahar ichki ishlar bo‘limi xodimlari bilan muloqot qildi, zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ish jarayoni bilan tanishdi.
Ichki ishlar idoralarini xalqqa yaqinlashtirishdan maqsad jinoyatchilikning oldini olish, uning asl sabablarini aniqlash, aholining huquq va erkinliklari, tinch va osuda hayotini ta’minlashdan iborat, dedi davlatimiz rahbari.
Shu yerda "Avtokon" – avtomashinalarning davlat raqamlarini avtomatik aniqlash va qoidabuzarliklarni qayd etish maxsus apparatining taqdimoti o‘tkazildi. Yo‘l harakati inspektori mashinasiga o‘rnatiladigan ushbu maxsus qurilma qoidabuzarlik sodir etib, jarima to‘lamay yurgan transport vositalarini bevosita harakat jarayonida aniqlash imkonini beradi.
Qurilmani yanada takomillashtirish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berildi.
Shavkat Mirziyoyev Katta qorasuv mahallasida ham bo‘ldi.
Mamlakatimizda mahalla institutining huquqiy asoslarini mustahkamlash, vakolati va vazifalari ko‘lamini kengaytirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan o‘zaro munosabatlarini ta’minlashga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi o‘rni ortib bormoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 3-fevraldagi «Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan mazkur tizim faoliyatida yangi taraqqiyot bosqichi boshlandi, tuzilma tubdan isloh qilinib, zamon talablari asosida takomillashtirilmoqda.
“Katta qorasuv” mahalla fuqarolar yig‘inida olib borilayotgan ishlar bunga yorqin misoldir.
Mahallada turli millat vakillari yashaydi. Kapital ta’mirlangan mahalla markazi odamlarni o‘zaro yaqinlashtirishga, do‘stlik, hamjihatlik, mehr-oqibat fazilatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Fuqarolar yig‘inida mahalla raisi, kotib va maslahatchilar, profilaktika inspektori uchun alohida xizmat xonalari bo‘lib, ular zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, tegishli adabiyotlar bilan ta’minlangan. Turli kitoblar, minglab elektron adabiyotlar bazasiga ega kutubxona aholining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng yoyishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Davlatimiz rahbari mahalla oqsoqollari bilan yoshlar tarbiyasi, aholi bandligini ta’minlash, mahallada jinoyatchilikning oldini olish borasida olib borilayotgan ishlar haqida suhbatlashdi.
Mahalla markazlarida choyxona, novvoyxona, “Go‘zallik saloni”, do‘konlar, sport va bolalar maydonchalari bo‘lishi odamlarning zarur ehtiyojlarini qondirish bilan birga, hududdagi ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz mahalla hayoti bilan tanishdi. Mahalla qoshidagi "Kristall" bolalar raqs to‘garagi ishtirokchilari turli raqslar ijro etdi.
Yosh iste’dodlarga musiqa asboblari sovg‘a qilindi.
Uyushmagan yoshlar bilan ishlashda aniq tizimni yo‘lga qo‘yish, ularni turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishdan asrashda mahalla yetakchi o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Aholi bilan doimiy muloqot o‘rnatish, fuqarolar osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash, voyaga yetmaganlar bilan samarali ishlash uchun zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida Mirzo Ulug‘bek tumani faollari, mutasaddi tashkilotlar vakillarining yig‘ilishi bo‘ldi. Unda aholi turmush farovonligini yanada oshirish, bandligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilayotgani qayd etildi. Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi, tumanni yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar muhokama qilindi.