Tibbiyot sohasini zamon talabi darajasida takomillashtirish inson manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 5-yanvar kuni sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari bilan uchrashib, ushbu tizimni takomillashtirish, muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Xalqimiz salomatligi, ayniqsa, yosh avlod kelajagiga daxldor bu soha Prezidentning doimiy e’tiborida bo‘lishini alohida ta’kidlagandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 5-yanvar kuni sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari bilan uchrashib, ushbu tizimni takomillashtirish, muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Xalqimiz salomatligi, ayniqsa, yosh avlod kelajagiga daxldor bu soha Prezidentning doimiy e’tiborida bo‘lishini alohida ta’kidlagandi.Davlatimiz rahbari mamlakatimiz hududlariga safari chog‘ida qishloq vrachlik punktlari va klinikalarda bo‘lib, shifokor va bemorlar bilan muloqot qilmoqda. Bu Prezidentimizning mazkur sohaga – xalqimiz salomatligiga doimiy e’tiboridan dalolat beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 7-fevral kuni 5-yanvardagi majlisda belgilangan vazifalar ijrosi, sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar va sohaning rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, oliy tibbiyot o‘quv yurtlari rektorlari, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari direktorlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shaharlar hokimlari, sog‘liqni saqlash muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolarni chuqur tahlil qilib, ularni bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi, rahbarlar mas’uliyati va shaxsiy javobgarligi xususida atroflicha to‘xtaldi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, joylarda tibbiyot sohasidagi vaziyatni o‘zgartirish ishlari talab darajasida olib borilmayapti. Buni aholidan Xalq qabulxonalari va Prezidentning Virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan ko‘plab ariza va shikoyatlar tasdiqlab turibdi.
Birlamchi tibbiyot muassasalari, ayniqsa, qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalar, patronaj xizmati, tez tibbiy yordam tizimining faoliyati hamon qoniqarsiz ahvolda qolmoqda. Shifoxonalar va aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash, jumladan, ijtimoiy dorixonalar tashkil etish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi talab darajasida emasligi qayd etildi.
Tibbiyot muassasalarini malakali kadrlar bilan ta’minlash, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha sezilarli ishlar ko‘zga tashlanmayapti. Sog‘liqni saqlash tizimining xususiy sektorini rivojlantirish ishlariga yetarlicha e’tibor berilmayapti.
Tibbiy xizmat inson manfaatlarini ta’minlashning muhim omillaridan biridir. Tibbiyot xodimlari uyma-uy yurib, kasalliklarni profilaktika qilishi, sohadagi o‘zgarishlarni odamlar sezishi kerak. Buning uchun shifokorlarning madaniyatini, ma’naviyatini, mas’uliyatini oshirish, ishga va bemorlarga munosabatini o‘zgartirish zarur, dedi davlatimiz rahbari.
Qishloq vrachlik punktlari joylashuvini qayta ko‘rib chiqish, samarasiz ishlayotgan punktlarni optimallashtirish, ularga sarflanayotgan mablag‘larni talab yuqori bo‘lgan QVPlarni moddiy-texnik jihatdan mustahkamlash, maqsadga muvofiqlarini poliklinikalarga aylantirish, malakali shifokorlarni rag‘batlantirishga yo‘naltirish zarurligi ta’kidlandi. Qishloq vrachlik punktlari tunu kun ishlashi, vrach u yerda yashashi uchun zarur sharoitlar yaratish masalalariga e’tibor qaratildi.
O‘tgan yillarda aholini tibbiy xizmat bilan qamrab olish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi. Joylarda qishloq vrachlik punktlari bunyod etildi, zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlandi. Lekin odamlar quruq binoga bormaydi, mutaxassisga boradi. Shu bois qishloq vrachlik punktlari va poliklinikalarda eng yaxshi mutaxassislar ishlashi kerak. Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, respublika va viloyat shifoxonalaridagi malakali vrachlar jadval asosida qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarda qabullar o‘tkazishi lozim, dedi Prezidentimiz. Shunda xalqimiz tibbiy xizmatdan rozi bo‘ladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning hududiy tuzilmalari faoliyatini yanada takomillashtirish, ixtisoslashtirilgan markazlarning tuman tibbiyot birlashmalari, bu birlashmalarning qishloq vrachlik punktlari va poliklinikalar bilan hamkorligini mustahkamlash haqida so‘z yuritildi. Tibbiy xizmatning qaysi turlari bepul amalga oshirilishi va qaysilariga pul to‘lanishini aniq belgilash, har bir muassasada ko‘rinarli joyga yozib qo‘yish zarurligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbarining 2016-yil 31-oktabrda qabul qilingan «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq bu mahsulotlarning narxi ancha arzonlashdi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi departament, tegishli vazirlik va hokimliklar vakillari ishtirokida dori-darmon vositalarining belgilangan narxlarda sotilishi nazorat qilib borilmoqda.
Prezidentimiz dori-darmon vositalari noqonuniy ravishda baland narxda sotilishiga yo‘l qo‘ymaslik, xalq manfaatlarini ta’minlash maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi departamentda “Ishonch telefonlari” tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu telefon raqamlari har bir dorixonaga osib qo‘yiladi, televideniye orqali ko‘rsatiladi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, sog‘liqni saqlash vaziri A.Ikromov, vazirning birinchi o‘rinbosari A.Hojiboyev, vazir o‘rinbosari E.Bositxonova, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi departament boshlig‘i Z.Do‘sanov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi M.Erniyazov, Toshkent shahri, Andijon, Surxondaryo, Samarqand, Xorazm, Toshkent, Farg‘ona, Buxoro, Jizzax viloyatlari hamda Bekobod, Oltiariq, Vobkent tumanlari hokimlarining axborotlari tinglandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tibbiy xizmat samaradorligini yanada oshirish, bu borada belgilangan ustuvor yo‘nalish va vazifalarni bekamu-ko‘st bajarish bo‘yicha mutasaddilarga alohida topshiriq va ko‘rsatmalar berdi. Tanqidiy tahlil ruhida o‘tgan yig‘ilish tibbiyot sohasini yanada takomillashtirish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini zamon talablari darajasiga ko‘tarish ishlari tizimli ravishda olib borilishi va qat’iy nazoratda ekanligini ko‘rsatdi.