O‘zA O`zbek

28.09.2018 Chop etish versiyasi

Tibbiyot muassasalarini qurish va taʼmirlashga panja orasidan qaralmoqda (Onlayn)

Tibbiyot muassasalarini qurish va taʼmirlashga panja orasidan qaralmoqda (Onlayn)

Oliy Majlis Senati oʻn oltinchi yalpi majlisida tegishli Dasturga muvofiq hududiy ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Shu bilan birga, bu borada rejadagi ayrim ishlar vaqtida bajarilmagan. 2017-2018 yillarda 4 ta ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yangi obyektlarini qurish, 4 tasini rekonstruksiya qilish va 3 tasini mukammal taʼmirdan chiqarish belgilangan. Biroq, ushbu obyektlarning 5 tasida ish kechiktirilmoqda, 1 tasida esa hali ham ish boshlanmagan.

Holbuki, ushbu obyektlar Prezidentimizning 2018 yil 3 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Investitsiya dasturiga kiritilgan.

Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining 45 oʻrinli qabul qilish - diagnostika boʻlimi va statsionarning yangi binosini qurish ishlari, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining 90 oʻrinli davolash korpusi va diagnostika boʻlimini rekonstruksiya qilish 30 foizga bajarilgan, xolos.

Bir smenada 250 bemorni qabul qilish imkoniyatiga ega Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi poliklinikasining yangi binosini qurish ishlari 35 foizga bajarilgan.

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining 40 oʻrinli yangi binosi va maʼmuriy binosini qurish ishlari 55 foizga bajarilgan.

Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining bir smenada 100 odamni qabul qilishga moʻljallangan poliklinikasini rekonstruksiya qilish ishlari 2017 yilda tugatilishi belgilanganligiga qaramasdan, obyekt ishi shu kunga qadar tugatilmagan.

2018 yilda qurilishi rejalashtirilgan Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi poliklinikasining bir smenada 250 nafar odamni qabul qila oladigan yangi binosini qurish bilan bogʻliq masala Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruv milliy agentligi qoshidagi loyihalar va import shartnomalarni komplekt ekspertiza qilish markazi tomonidan koʻrib chiqilayotganligi sababli obyektni qurish ishlari hali boshlanmagan.

Dasturga muvofiq 2017 yilda Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining 120 oʻrinli Buxoro viloyati filialini rekonstruksiya qilish ishlari belgilangan boʻlsa-da, bugungi kunga qadar bu borada ish boshlanmagan va h.k.

Bu raqamlar tibbiyot muassasalarni qurish va taʼmirlashga panja orasidan qaralayotganini koʻrsatadi.

2 129
N.Abduraimova, OʻzA