O‘zA O`zbek

20.11.2019 Chop etish versiyasi

Texnoparkning yangi bosqichi qurilishiga tamal toshi qoʻyildi

Texnoparkning yangi bosqichi qurilishiga tamal toshi qoʻyildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanidagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkiga tashrif buyurdi.

Ushbu IT-park Prezidentimizning 2018-yilda Hindistonga davlat tashrifi chogʻida erishilgan kelishuv asosida, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan Hindiston Respublikasining Elektronika va axborot texnologiyalari vazirligi qoshidagi Dasturiy texnologiyalar parklari jamiyati hamkorligida tashkil etilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-yanvardagi qarorida texnopark faoliyatini yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari belgilandi, shu maqsadda direksiya tuzildi. Qurilish ishlari jadal olib borilib, joriy yil iyulda uning dastlabki binosi foydalanishga topshirildi.

Davlatimiz rahbari bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Texnoparkda mutaxassislar uchun barcha qulayliklar yaratilgan, istiqbolli startap-loyihalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari tashkil etilgan. Axborot texnologiyalari, moliya texnologiyalari, logistika, elektron tijorat, elektron taʼlim, biotexnologiya va boshqa yoʻnalishlardagi ilk loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Masalan, AQSHdagi transport korxonalariga logistika hamda kafe va pisseriyalarga autsorsing boʻyicha texnologik xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan. Texnoparkning bu kabi xizmatlari arzonligi, sifati qolishmasligi bilan xorijliklarga maʼqul boʻlmoqda.

- Iqtisodiyotimiz barqarorligi, har bir sohaning sifati va samaradorligi, aholiga qulayliklar yaratish axborot texnologiyalari bilan bogʻliq. Shuning uchun bu sohaga yanada keng imkoniyat, zarur infratuzilma yaratish, mutaxassislarni har tomonlama ragʻbatlantirish, qobiliyatli yoshlarni tarbiyalash kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mazkur texnopark rezidentlari sifatida roʻyxatdan oʻtgan korxonalar 2028-yilning 1-yanvariga qadar soliqlar va bojxona toʻlovlaridan ozod etilgan. Bu soha mutaxassislariga katta madad boʻlib, texnoparkka qiziqishni oshirmoqda. Qisqa vaqtda uning rezidentlari soni 300 dan ortdi.

Soha rivojiga yanada keng sharoit yaratish maqsadida bu yerda yana yettita lotda qurilish qilinib, IT-ofislar, biznes markazi, mehmonxona va boshqa binolar barpo etish rejalashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu yangi bosqich qurilishiga tamal toshi qoʻydi.

Texnoparkda yillik ishlab chiqarish quvvati 2020-yilda 10 million dollardan ortishi, 2025-yilda esa 100 million dollarga yetishi koʻzda tutilgan. Loyihaning umumiy qiymati 150 million dollar.

Davlatimiz rahbari bu yerda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

- Bugun Oʻzbekiston barcha sohalarda oʻzini namoyon etmoqda. Oʻz vaqtida axborot texnologiyalariga eʼtibor qaratganimiz yaxshi natijalar bermoqda. Bitta dasturiy mahsulot davlatimizga qancha naf keltiradi, korrupsiya, byurokratiyani bartaraf etadi, odamlarga qulaylik yaratadi. Har doim yodda tutinglarki, sizlarning ishingiz judayam muhim, - dedi Prezident.


1 033
O'zA