Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

24.09.2017 14:24 Chop etish versiyasi

Tatariston Prezidenti Samarqanddagi muqaddas qadamjo va tarixiy obidalar bilan tanishdi

Mamlakatimizda bo‘lib turgan Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixonov 24-sentabr kuni Samarqanddagi muqaddas qadamjo va tarixiy obidalar bilan tanishdi.

Yuqori martabali mehmon dastlab O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov mangu qo‘nim topgan maskanni ziyorat qildi. Buyuk Yurtboshimiz qabriga gul qo‘yib, hurmat bajo keltirdi. Qur’on tilovat qilindi.

Tatariston Prezidenti buyuk davlat va siyosat arbobi bo‘lgan Islom Karimov mustaqil O‘zbekiston Respublikasining asoschisi sifatida uning taraqqiyoti yo‘lida ulkan ishlarni amalga oshirgan yirik tarixiy shaxs ekanini ta’kidladi. Uning rahnamoligida yurtimizda ajdodlarimizdan meros tarixiy-madaniy obidalarni asrab-avaylash, milliy qadriyatlarimizni tiklash va ulug‘lash borasida izchil islohotlar olib borilganini qayd etdi.

Mehmonga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning doimiy e’tibori tufayli bu yerda qisqa fursatda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari haqida so‘zlab berildi.

Yodgorlik majmuasining milliy me’morlik an’analari asosida bunyod etilayotgani va bu yerda ziyoratchilar uchun keng qulayliklar yaratilayotgani mehmonda katta taassurot qoldirdi.

Tatariston Prezidenti O‘rta Osiyoda qurilgan birinchi masjid – Hazrati Xizr masjidi bilan ham tanishdi. 1 ming 300-yillik tarixga ega ushbu obidaning yaratilishi va uni asrab-avaylash borasida olib borilayotgan ishlarga yuksak baho berdi.

Yuqori martabali mehmon shahardagi Xo‘ja Doniyor ziyoratgohi, Shohi Zinda majmuasi, Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni va Mirzo Ulug‘bek rasadxonasini tomosha qildi. Mazkur inshootlarning har biri xalqimizning boy o‘tmish va qadimiy madaniyatga ega ekanidan dalolat berishini qayd etdi.

Dunyoga mashhur Siyob dehqon bozoridagi to‘kin-sochinlik, sharqona savdo madaniyati ham tataristonlik mehmonda katta taassuruot qoldirdi. Serquyosh zaminimizda yetishtirilgan noz-ne’matlardan tatib ko‘rib, bu mahsulotlar Tatariston bozorlarida ham juda xaridorgir ekanini ta’kidladi.

– Samarqandga kelishni anchadan buyon orzu qilardim, – deydi Rustam Minnixonov. – O‘zbekistonga tashrifim Samarqanddan boshlanganidan juda xursandman. Bu qadimiy shahar chindan ham yer yuzining sayqali, tarixan sivilizatsiya markazi bo‘lganiga bugun yana bir bor amin bo‘ldim. Safarimizdan juda katta taassurot oldim.

Imom Buxoriy majmuasi ziyorati Tatariston Prezidenti uchun Samarqandga tashrifning muhim voqealaridan biri bo‘ldi. Bu yerda yuqori martabali mehmonga yurtimizda muqaddas islom dini rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan allomalar, muhaddis bobolarimiz ma’naviy merosi haqida so‘zlab berildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan ayni paytda majmua yaqinida Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qurilayotgani muqaddas islom dinining ezgu g‘oyalari va ma’rifiy ahamiyatini o‘rganish hamda targ‘ib etishga xizmat qiladi.

Tatariston Prezidenti bugun Toshkentda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida mamlakatimizda istiqomat qilayotgan tatar millatiga mansub yurtdoshlarimiz bilan uchrashadi, Tatariston san’at ustalari ishtirokidagi konsert dasturini tomosha qiladi.

Rustam Minnixonov 25-sentabr kuni Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘yadi. Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida tashkil etiladigan O‘zbekiston – Tatariston ishbilarmon doiralari vakillari qo‘shma biznes-forumida qatnashadi.

Tatariston Prezidenti mamlakatimizning turli vazirlik va idoralarida uchrashuvlar o‘tkazadi, poytaxtimizning diqqatga sazovor joylarini borib ko‘radi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
1 033






Все о погоде - Pogoda.uz