O‘zA O`zbek

30.08.2019 Chop etish versiyasi

Tashkent City bosqichma-bosqich bitmoqda

Tashkent City bosqichma-bosqich bitmoqda


Maʼlumki, davlatimiz rahbari bu loyihaning sifati va surʼatini doimiy kuzatib bormoqda. Har bir detalga, rangga, qulaylik va qiyofa uygʻunligiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev 30-avgust kuni Tashkent City ga yana bir bor kelib, kongress-xoll va besh yulduzli mehmonxona, hududdagi obodonlashtirish ishlarini koʻzdan kechirdi.

Kongress-xoll binosi ikki qavatdan iborat boʻlib, uning markazida katta va kichik zallarga transformatsiya boʻladigan 4 ming oʻrinli xoll mavjud. Bundan tashqari, bir vaqtning oʻzida 8 ta delegatsiyani qabul qilish imkoniyatiga ega qoʻshimcha zallar ham bor.

21 qavatli besh yulduzli mehmonxonaning qurilish ishlari ham jadal surʼatlarda davom etmoqda. “Hilton” brendi ostida faoliyat yuritadigan bu otelda 258 ta xona boʻladi. Bundan tashqari, 3 ta restoran, banketlar zali hamda 6 ta majlislar zali mavjud.



Bugungi kunda kongress-xoll va mehmonxona qad koʻtarib boʻlgan. Ichki pardozlash, elektr tarmoqlari tortish, dekorativ panellarni montaj qilish ishlari yakunlanmoqda. Muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini oʻrnatish va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.


Prezidentimiz majmuada amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini yuqori baholab, bu obyektlar ishga tushganda xizmat turlarini koʻpaytirishga eʼtibor qaratish, xalqimizning bu yerga kelib mazmunli dam olishi uchun qulayliklar yaratish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.








4 849
O'zA