O‘zA O`zbek

27.09.2018 Chop etish versiyasi

Suvni isrof qilganlar javobgarlikka tortiladi (Onlayn)

Suvni isrof qilganlar javobgarlikka tortiladi (Onlayn)

Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, shu jumladan, ichimlik suvidan oqilona foydalanishning ahamiyatini tushuntirishga hojat yoʻq. 

Bu neʼmatlar sogʻlom hayot kechirishimizning muhim omillaridandir. Ushbu sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish dolzarbligicha qolmoqda. 

Shu bois senatorlar bu boradagi qonun hujjatlari normalarini yanada takomillashtirish, mansabdor shaxslar javobgarligini kuchaytirishga eʼtibor qaratmoqda. 

Shu maqsadda Senat yalpi majlisida “Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, shu jumladan ichimlik suvidan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun maʼqulladi. 

Senatorlar qayd etganidek, qonun mansabdor shaxslar javobgarligini kuchaytirishga hamda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, shu jumladan ichimlik suvidan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olishda zarur huquqis asos boʻladi. Bunday holatlarni aniqlash va ularga chek qoʻyish boʻyicha huquqiy mexanizmlar yanada mustahkamlanadi. 

Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga va “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga suvlarning davlat hisobini yuritish qoidalarini buzganlik, suv xoʻjaligi inshootlari va qurilmalarini shikastlantirganlik, ulardan foydalanish qoidalarini buzganlik, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning rejimini buzganlik, shuningdek, sanoat chiqindilarini, maishiy chiqindilarni va boshqa chiqindilarni toʻplash, zararsizlantirish, saqlash, realizatsiya qilish chogʻida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzganlikuchun choralar kuchaytirilishini nazarda tutadigan qoʻshimchalar kiritilmoqda.

“Chiqindilar toʻgʻrisida”gi qonunda chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida hisobga olish va nazorat qilish, chiqindilarni koʻmib tashlash va utilizatsiya qilish joylarining davlat kadastrini yuritish, chiqindilarni transchegaraviy tashish kabi faoliyat turlari hisobiga “chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish” tushunchasi mazmuni kengaytirilmoqda. Shuningdek,sanoat chiqindilarini va maishiy chiqindilarni maxsus texnik moslamalarsiz zararsizlantirish taqiqlanmoqda.

Taʼkidlanganidek, qonunning qabul qilinishi profilaktika chora-tadbirlarini kuchaytirishga, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, shu jumladan, ichimlik suvidan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun mansabdor shaxslar va fuqarolar javobgarligini oshirishga, shuningdek, maxsus vakolatli davlat organlarining tezkor va samarali faoliyatini tashkil etishga koʻmaklashadi.

2 125
N.Abduraimova, OʻzA