O‘zA O`zbek

05.07.2019 Chop etish versiyasi

Soliq islohotlari natijalari tahlil qilinib, yangi vazifalar belgilandi

Soliq islohotlari natijalari tahlil qilinib, yangi vazifalar belgilandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-iyul kuni birinchi yarim yillikda davlat byudjetiga tushumlar natijadorligini tahlil qilish va yangi vazifalarni belgilash masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Qariyb bir yil muqaddam, 2018-yil 29-iyunda “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida” Prezident farmoni qabul qilingan edi.

Mazkur konsepsiya amalda tatbiq etilishi natijasida joriy yilning birinchi yarmida davlat byudjetiga 39 trillion 118 milliard soʻm yoki oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1,6 barobar koʻp mablagʻ tushdi. Prognoz 8 foiz ortigʻi bilan bajarilgani hisobiga, mahalliy hokimliklar ixtiyorida qoʻshimcha 2,8 trillion soʻm mablagʻ qoldirildi. Jismoniy shaxslar daromad soligʻi va ijtimoiy toʻlovlar stavkasi keskin kamaytirilgani natijasida 570 mingdan ziyod yashirin ish oʻrinlari legallashtirildi.

Lekin joylarda yangi soliq islohotlarini tizimli joriy etish, soliq tushumlarini koʻpaytirish va undirish borasida ayrim kamchiliklar ham uchrab turibdi.

Masalan, boʻsh turgan obyektlar va yer maydonlari negizida yangi korxonalar tashkil etib, soliqqa tortish bazasini kengaytirish borasida sustkashlikka yoʻl qoʻyilgan. Ayrim hududlarda prognoz yirik korxonalar va avvaldan soliq toʻlash amaliyoti hisobiga taʼminlangan.

1.jpg

Davlatimiz rahbari bu kabi holatlar oqibatida milliardlab mablagʻlarni byudjetga tushirish imkoniyati yoʻqotilganini taʼkidlab, tegishli vazirlik va hududlar rahbarlariga kamchiliklarni bartaraf etish, belgilangan vazifalar ijrosini qatʼiy nazorat qilish boʻyicha topshiriqlar berdi.

2020-yil 1-yanvargacha soliq tekshiruvlariga moratoriy eʼlon qilingani qayd etilar ekan, Davlat soliq qoʻmitasiga xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda, yil oxiriga qadar, soliq toʻlamaslik xavfini baholash imkoniyatiga ega elektron dastur yaratish vazifasi qoʻyildi.

Joriy yil 27-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Bu yangi soliq islohotlarining oʻta muhim ikkinchi bosqichidir.

Farmonga muvofiq, shu paytgacha qoʻllanilgan qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha imtiyozlar 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab bekor qilinadi. Bundan asosiy maqsad – ichki bozorda barcha tadbirkorlar uchun bir xil sharoit yaratib, sogʻlom raqobat muhitini yaratish.

Yigʻilishda bu oʻzgarishlarning mazmun-mohiyatini aholi va tadbirkorlarga chuqur tushuntirish boʻyicha Bosh vazir rahbarligida tuzilgan Ishchi guruh shtabi va uning hududiy tuzilmalari ishini yanada jonlantirish vazifasi qoʻyildi. Qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashga oʻtadigan tadbirkorlik subyektlari va fermer xoʻjaliklari bilan manzilli ish tashkil qilib, ularning buxgalteriyasini yuritishga amaliy yordam berish zarurligi taʼkidlandi.

Prezident tadbirkorlardan soliq majburiyatini toʻliq bajarishni talab qilish bilan birga, ularning manfaatlarini himoyalash ham kerakligini qayd etdi.

Masalan, hozirda tadbirkorlar xomashyoni qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlagan holda sotib oladi. Undan tayyor mahsulot ishlab chiqarib, sotganidan keyingina xomashyo narxidagi qoʻshilgan qiymat soligʻini kamaytiradi. Bungacha tadbirkor oʻz aylanma mablagʻlaridan vaqtincha foydalana olmayapti.

Shu bois davlatimiz rahbari mutasaddilarga qoʻshilgan qiymat soligʻini bir yoʻla hisobga olish va uni soliq toʻlovchiga qaytarish mexanizmini joriy etish boʻyicha topshiriq berdi.

Videoselektorda yana bir muhim masala – energiya resurslari tariflarini optimallashtirish masalasi ham koʻrib chiqildi.

Oxirgi ikki yilda aholi, ijtimoiy va ishlab chiqarish obyektlarini uzluksiz elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan taʼminlash borasida qator ishlar amalga oshirildi. Ushbu yoʻnalishdagi ishlarni yanada yaxshilash maqsadida tegishli tarmoqlarni modernizatsiya qilish, energiya tejamkor texnologiyalarni qoʻllash va xarajatlarni optimallashtirish talab etilmoqda. Bularsiz tarmoqlarning moliyaviy ahvolini yaxshilash va sohaga faol investitsiyalarni jalb qilish imkonsiz.

Shu bois, mutaxassislar va xalq vakillari fikrlarini inobatga olib, aholi uchun tariflarni keskin oshirmasdan, inflyatsiya darajasiga yaqin miqdorda oʻzgartirish boʻyicha takliflar ishlab chiqilgan. Tarif islohotlari xalqqa yengil boʻlishi uchun eng kam ish haqini ham oshirish rejalashtirilgan.

Yigʻilishda tariflarni tartibga solish boʻyicha taklif etilayotgan islohotlarni aholiga toʻliq yetkazish zarurligi taʼkidlandi. Soliq islohotlarini targʻib qilish boʻyicha Respublika ishchi guruhi aʼzolari, shuningdek, mahalliy kengashlar deputatlari, iqtisodiyot va kommunal xizmat koʻrsatish tashkilotlari mutasaddilari joylarga borib, har bir mahallada aholiga tariflar oʻzgarishining mazmun-mohiyatini tushuntirish boʻyicha vazifalar belgilandi.

8 402
OʻzA