Sirdaryo iqtisodiy rivojlanish, maʼnaviy yuksalish manzili sifatida namuna boʻladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni, bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 19 fevral kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni, bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 19 fevral kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 13 aprelda Sirdaryoga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va Sayxunobod tumanida oʻtgan yigʻilish yakuniga asosan viloyatni 2018-2019yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida xizmat koʻrsatish va servis, qishloq xoʻjaligi tarmoqlarida qiymati 6,3 trillion soʻmlik 302 ta loyiha amalga oshirilib, 15 ming 458 yangi ish oʻrni tashkil etish belgilangan edi.
Prezidentimiz viloyatga bu galgi tashrifini Sirdaryo tumanidagi “Sirdaryo universal oyna” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishishdan boshladi. “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasi hududida tashkil etilgan mazkur korxonada farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati uchun shisha idishlar ishlab chiqariladi. Oʻtgan yil iyun oyida faoliyat boshlagan korxonada qiymati 50,1 million dollarlik loyiha amalga oshirilib, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
Mamlakatimiz farmatsevtika sanoatiga shu paytgacha har yili 4 million dollarlik shisha flakonlar import qilinar edi. Ushbu korxona ishga tushgach, yurtimiz farmatsevtika korxonalariga shisha idishlar yetkazib berish imkoniyati kengaydi.
Markaziy Osiyoda yagona ushbu korxonada ayni paytda 100 dan ortiq turdagi shisha idishlar tayyorlanmoqda. Korxonaga Germaniya, Chexiya va Fransiyada ishlab chiqarilgan eng zamonaviy texnologiyalar oʻrnatilgan, ishlab chiqarishda toʻliq mahalliy xom ashyodan foydalaniladi.
Joriy yildan toʻla quvvat bilan ishlaydigan korxonada yiliga 102 million dona shisha idish ishlab chiqariladi, 2 million dollarlik mahsulotni eksport qilish kutilmoqda. Korxonada 450 kishi ish bilan taʼminlangan.
Prezidentimiz shisha idishlar ishlab chiqarish jarayoni, tayyorlanayotgan mahsulotlar namunalarini koʻzdan kechirdi.
Shu yerda “Sirdaryo universal oyna” korxonasi tomonidan klaster usulida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida maʼlumot berildi.
Korxona yonida “Sirdaryo glass” MCHJ tomonidan yangi texnologiya asosida bir vaqtning oʻzida farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati uchun uch xil rangli shisha idishlar tayyorlash loyihasi amalga oshirilmoqda. Kelasi yil ishga tushiriladigan korxonada 500 ish oʻrni yaratiladi, yiliga 3,7 million dollarlik mahsulot eksportga yoʻnaltiriladi.
“Sirdaryo shisha” MCHJ tomonidan shisha idishlar uchun kvars qumini qayta ishlash yoʻlga qoʻyilmoqda. Yiliga 438 ming tonna qum qayta ishlanadigan korxona uchun “Asaka bank”dan 5 million dollarlik kredit ajratiladi, 5,1 million dollar korxonaning oʻz mablagʻidir.
“Sirdaryo universal oyna” va “Sirdaryo glass” korxonalarida ishlatib boʻlingan issiqlik energiyasidan foydalanib, Yevropa tipidagi issiqxonada sabzavot yetishtirish rejalashtirilmoqda. Unga koʻra, “Sirdaryo universal oyna” korxonasi yonida 10 gektarlik issiqxona barpo etiladi. Loyiha besh bosqichdan iborat boʻlib, issiqxonalarni boshqarishning toʻliq avtomatlashtirilgan tizimi, suvni qayta sirkulyatsiya qilish va yomgʻir suvidan foydalanish, sifat nazorati, ishlab chiqarish, resurslar bilan taʼminlashning yevropacha tizimini qamrab oladi.
Ushbu issiqxonada yiliga 2,5 ming tonna mahsulot yetishtirish, 6 million dollar atrofida sof daromad olish hamda 5 million dollarlik mahsulotni eksport qilish koʻzda tutilmoqda.
“Sirdaryo fish texnoloji” MCHJ tomonidan yopiq suv aylanma tizimi orqali baliq yetishtirish va qayta ishlash rejalashtirilgan. 2020 yilda ishga tushiriladigan ushbu loyiha samarasida yiliga 2 ming 750 tonnadan ziyod baliq yetishtiriladi.
“Sirdaryo glass” korxonasi tomonidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash hamda konservalash yoʻlga qoʻyiladi. Ushbu loyiha orqali yiliga 3 ming tonna mahsulot qayta ishlanadi, 140 ish oʻrni yaratiladi. Bu viloyatda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarni qayta ishlash, saqlash va eksport qilish hajmini oshirish imkonini beradi.
Shu yerning oʻzida viloyatda investitsiya mablagʻlari asosida farmatsevtika, toʻqimachilik, elektrotexnika mahsulotlari va qurilish materiallari ishlab chiqarish, Farhod GESini modernizatsiya qilish, Sardoba suv ombori qoshida kichik GES qurish loyihalari, “Sirdaryo golden fruts” MCHJ tomonidan tumanda tashkil etilgan koʻp tarmoqli logistika markazi taqdimotlari oʻtkazildi.
Mamlakatimizning Xitoy, Italiya va Qozogʻiston davlatlaridagi elchilari viloyatga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb etish, hududlararo hamkorlikni kengaytirish va eksport hajmini yuksaltirish boʻyicha amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar haqida maʼlumot berdi.
Davlatimiz rahbari viloyat iqtisodiy salohiyati va aholi farovonligini yuksaltirishda ushbu investitsion loyihalarning ahamiyati yuqori ekanini taʼkidlab, ularni amalga oshirish muddatlarini qisqartirish va iqtisodiy samaradorligini oshirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Prezidentimiz Sirdaryo viloyati Xovos tumaniga tashrif buyurib, dastlab Xovos shaharchasining bosh rejasi bilan tanishdi.
“Mirzachoʻl tajribasi” asosida Xovos shaharchasining yangi markazi bunyod etilishi rejalashtirilgan. M-39 avtomobil yoʻli boʻyidagi 42 gektar hududda kompleks qurilish ishlari loyihalashtirilgan. Unga muvofiq, bu yerda mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari binolari, Davlat xizmatlari agentligi, tijorat banklari, turar joylar, maktablar, istirohat bogʻi, xotira maydoni, kinoteatr, kutubxona, masjid, bozor, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari quriladi. Yoʻl infratuzilmasi rivojlantirilib, aholi va transport uchun yanada qulayliklar yaratiladi.
Xovosda oxirgi ellik yil davomida bironta koʻp qavatli uy qurilmagan. Odamlar eski, tor, zax uylarda yashab kelgan. Endi har yili koʻp qavatli yangi uylar barpo etilib, aholining ijtimoiy sharoitlari bosqichma-bosqich yaxshilanib boradi. Oilaviy sharoiti yaxshilangan insonning umidi, ertangi kunga ishonchi ham mustahkamlanadi.
Shu maqsadga xizmat qiladigan yana bir xayrli tashabbus: “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Sirdaryo viloyatida 32 ta tikuvchilik majmuasi tashkil etish rejalashtirilgan. Bu sexlarda jami 4 ming 200 dan ortiq ish oʻrni yaratiladi.
Prezidentimiz shu yerda xovoslik nuroniylar, mahalla faollari va yoshlar bilan suhbatlashdi.
Mamlakatimizda katta oʻzgarishlar amalga oshirilayotgani, davlat bilan birga odamlar ham uygʻonishi, farovon yashashga intilishi kerakligi taʼkidlandi. Xovosliklar viloyat rivoji, aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan yangi rejalar ularning hayotga munosabatini oʻzgartirayotganidan mamnunligini qayd etdilar.
Shuningdek, davlatimiz rahbari tumandagi “GRAN RUTA DE LA SEDA” korxonasi tomonidan zamonaviy usulda tashkil etilgan gidroponika issiqxona majmuasini koʻzdan kechirdi.
Bugungi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida gidroponika usulida issiqxonalar qurilmoqda. Bu esa sifatli poliz mahsulotlari yetishtirish, koʻplab ish oʻrinlari yaratish imkonini berayotir. Mutaxassislarning fikricha, oddiy usulda yetishtirilayotgan pomidor koʻchatlaridan 3 kilogramm hosil olinsa, gidroponika usulida hosildorlik 12 kilogrammgacha yetadi. Ekinlarning pishib yetilishi 25-30 kunga qisqaradi.
Mazkur issiqxonalarda Gollandiyadan serhosil pomidor va bodring navlari keltirilib ekilgan. Butun jarayon toʻliq avtomatlashtirilgan. Koreya Respublikasidan olib kelingan zamonaviy jihozlar haroratni, oʻsimlikning suv va ozuqaga talabini chuqur tahlil orqali aniqlaydi va minerallar bilan boyitilgan suv tomchilatish usulida oʻsimlik ildiziga yetkaziladi.
Issiqxonada yiliga 1 ming 500 tonna pomidor yetishtiriladi. Shuningdek, 2 million dollarlik qishloq xoʻjaligi mahsuloti eksport qilinadi. Korxona tomonidan joriy yilning uchinchi choragida yana 10 gektar issiqxonani ishga tushirish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz mazkur issiqxonani kengaytirish, Janubiy Koreyadan keltirilib, foydalanilayotgan zamonaviy texnologiyalarni oʻzimizda ishlab chiqarish va xarajatni kamaytirish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.
Shavkat Mirziyoyev Yangiyer shahrida tashkil etilishi rejalashtirilgan ammiak va karbamid zavodi qurilishi maydonida boʻldi.
Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya qilish, mahsulot yetishtirishni koʻpaytirish va eksportga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu yer unumdorligini oshirish, mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarishni talab etadi.
Shu bois “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Samsung Engineering” kompaniyasi bilan hamkorlikda ammiak va karbamid zavodi qurish rejalashtirilgan. Umumiy qiymati 600 million dollar boʻlgan mazkur zavodda yiliga 400 ming tonna ammiak, 660 ming tonna karbamid ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Xorijdan zamonaviy texnologiyalar keltirib oʻrnatiladi, “nou-xau”lar qoʻllaniladi. 500 doimiy ish oʻrni yaratiladi. Zavod qurilishi uchun juda qulay joy tanlangan. Bu yerda tabiiy gaz manbai, elektr va suv taʼminoti tarmoqlari, avtomobil va temir yoʻllar bor.
Sirdaryodagidek qulay infratuzilma hech qayerda yoʻq. Bunday imkoniyat zavodni qurish va barqaror ishlatishda qoʻl keladi, investorlar qiziqishini oshiradi. Bu juda rentabelli, istiqbolli loyiha, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbariga korxonaning iqtisodiy samaradorligi, qurilish ishlari jadvali haqida maʼlumot berildi. Prezidentimiz zavod mahsulotlari ichki talabni qondirish va tashqi bozorga chiqishda muhim oʻrin tutishini taʼkidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Prezidentimiz Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida Mirzaobod tumanidagi “Bek klaster” masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qoʻshma korxona tomonidan tashkil etilgan paxtani qayta ishlash zavodi faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda mehnat qilayotgan xodimlar bilan muloqot qildi.
2018 yilda Turkiyaning “SUMER” kompaniyasi bilan hamkorlikda foydalanishga topshirilgan zavodda yiliga 60 ming tonna paxta qayta ishlanadi. Korxonada 200 ish oʻrni yaratilgan.
Davlatimiz rahbari oʻtgan yili Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida “Bek klaster” korxonasida boʻlib, uni yanada rivojlantirish boʻyicha topshiriqlar bergan edi.
Prezident qarori asosida “Bek klaster”ga 18 ming gektar yer maydoni ajratib berilgan. Masʼuliyati cheklangan jamiyatga qarashli korxonalarda mingga yaqin doimiy ish oʻrni yaratilgan. Bundan tashqari, 1 ming 800 nafar kishi mavsumiy ishlarga jalb qilinadi.
Yangi zavod paxta xom ashyosini chuqur qayta ishlaydi. Ahamiyatli tomoni, bu yerga oʻrnatilgan zamonaviy uskunalar paxta tolasini sifatli qayta ishlash barobarida, energiyatejamkor hamdir.
Qishloq xoʻjaligiga ilmiy yondashish doimiy eʼtiborimizda boʻlishi kerak. Busiz yuqori hosildorlikka erishishning iloji yoʻq. Shu jihatdan “Bek klaster” korxonasi tomonidan ilmiy muassasalar bilan hamkorlikdagi ishlarni qoʻllab-quvvatlaymiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimizga “Bek klaster”da istiqbolda amalga oshirilishi koʻzda tutilgan loyihalar haqida ham maʼlumot berildi. Xususan, klaster qoshida davlat xususiy sherikligi asosida kollej ochish rejalashtirilgan. Bu yerda klasterga qarashli korxonalar uchun malakali mutaxassislar tayyorlanadi.
Sirdaryo viloyatida qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti oʻtkazildi. Jumladan, parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik, urugʻchilik va uzumchilikni rivojlantirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, yer maydonlarini qayta oʻzlashtirish, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi boʻyicha aholining tomorqadan samarali foydalanishini tashkil etish boʻyicha amalga oshiriladigan loyihalar haqida maʼlumot berildi. Bu loyihalarning amalga oshirilishi yana minglab ish oʻrinlari yaratish imkonini beradi.
Shu yerda qorabayir otlari, qoramol, echki, tuyaqush, quyon va bedana zotlari namoyish etildi.
Davlatimiz rahbari bu jonivorlarning mahsuldorligi, tez koʻpayishi, ular har bir oila uchun zarurligiga eʼtibor qaratdi. Uy sharoitida chorva va parranda boqishni koʻpaytirib, aholini oziq-ovqat mahsulotlari, qoʻshimcha daromad bilan taʼminlash mumkinligini taʼkidladi.
Guliston shahri kun sayin chiroy ochmoqda. Yangi uylar, inshootlar, ravon koʻchalar, sayilgohlar, mahallalarda amalga oshirilayotgan obodlik ishlari havasga arzigulik.
Bu manzara Gulistonning “Buyuk kelajak” mavzesida yanada yorqin namoyon boʻladi. Yangi mavzeda 2018 yili namunali loyiha asosida 5 qavatli 8 ta uy qurilib, foydalanishga topshirildi, 360 oila uyli boʻldi. “Buyuk kelajak”da yana 7 qavatli, 420 xonadondan iborat 10 ta uy qurilmoqda. Bu kabi uylar nafaqat Gulistonda, balki butun viloyatda ham keyingi 25-30 yilda birinchi marotaba barpo etilayotir.
Prezidentimiz “Buyuk kelajak” mavzesida qurilgan uylar, yangi qurilish jarayoni bilan tanishdi.
Bu uylarni qurishdan maqsad aholining koʻp yillik orzularini amalga oshirishdir. Shuning uchun ularni sifatli, har tomonlama qulay qilib qurishimiz kerak. Toki yangi uyga koʻchib kelgan har bir oila bizdan rozi boʻlsin, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari bu borada “Sirdaryo tajribasi”ni joriy qilish haqida koʻrsatmalar berdi. Keyingi bosqichda amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.
“Guliston City” qurilishi loyihasi uch bosqichda amalga oshiriladi. 2019-2022 yillarga moʻljallangan zamonaviy shaharchaning umumiy yer maydoni 45 gektarga yaqin boʻladi. Bu yerda koʻp qavatli uylar, savdo majmualari, koʻngilochar maskanlar, madaniyat va biznes markazi, anjumanlar saroyi, taʼlim va tibbiyot muassasalari, mehmonxona, hunarmandlik uyi kabi inshootlar quriladi.
Shaharda 2020 yilga qadar yana 10 ta 7 qavatli uy, shuningdek, ichki ishlar xodimlari, harbiylar uchun xizmat uylari foydalanishga topshiriladi. Bu yerda namunali bogʻchalar, maktablar va boshqa zarur infratuzilma obyektlari barpo etiladi.
Prezidentimiz viloyatda yoshlar taʼlim-tarbiyasi, maʼnaviyat va maʼrifat, sport sohasida amalga oshiriladigan loyihalar bilan ham tanishdi.
Sirdaryo viloyatida kitobxonlikni keng targʻib qilish konsepsiyasi haqida maʼlumot berildi. Unga koʻra, farzand tarbiyasi hali u tugʻilmasidan oldin boshlanishi, soʻngra chaqaloqlik, maktabgacha tarbiya va maktab yoshidagi taʼlim davriga oid yangi konsepsiya hayotga keng tatbiq etilmoqda. Guliston shahrida “Oʻqituvchi” brendi ostida markaziy kitob doʻkoni tashkil etish va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish konsepsiyasi ham taqdim qilindi.
Maʼnaviyatimiz, gʻurur-iftixorimiz birinchi oʻringa chiqadigan vaqt keldi. Farzandlarimizni ana shunday yetuk avlod qilib tarbiyalash uchun barchamiz masʼulmiz. Biz buning uchun mablagʻ va vaqtni ayamaymiz, bor imkoniyatimizni ishga solamiz, dedi davlatimiz rahbari.
Shuningdek, iqtisodiy sharoitni yaxshilash koʻp ezgu ishlar debochasi ekani, roʻzgʻori but, oilasidan xotirjam kishi, ertangi kundan umidi katta yoshlar maʼnaviyati ham yuksalib borishi, shundagina kitob oʻqishga havas ortishi qayd etildi.
Viloyatda ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimini rivojlantirish, ishsiz yoshlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari bandligini taʼminlash, koʻp qavatli uylar, sport inshootlari qurish, maʼnaviy tarbiya va kitobxonlikni targʻib etish konsepsiyasi asosida qoʻshma kitob pavilonlari tashkil qilish borasida amalga oshiriladigan ishlar haqida ham maʼlumot berildi.
Guliston shahrida Sirdaryo viloyati va tumanlar hokimlari, faollar, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatining sanoat va xizmat koʻrsatish salohiyatidan toʻliq foydalanilmayotgani, qishloq tumanlarda sanoat deyarli yoʻqligini qayd etdi. Shu bois maxsus ishchi guruhning oʻrganishlari natijasida 342 ta oʻrta va yirik investitsiya loyihasi dasturi ishlab chiqilgani taʼkidlandi.
Xususan, Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi va Farhod gidroelektr stansiyasini modernizatsiya qilish, Sardoba suv omborida kichik gidroelektr stansiyasi qurish boʻyicha jami 275 million dollarlik uchta loyihani amalga oshirish boshlanadi.
Bundan tashqari, Oʻzbekistonning Xitoy, Italiya va Qozogʻistondagi elchilari tomonidan 30 ga yaqin loyiha boʻyicha aniq takliflar shakllantirilgan. Prezidentimiz viloyatga qoʻshimcha investitsiyalar olib kelish, tadbirkorlik tashabbuslarini yuzaga chiqarishga koʻmaklashish, qishloq xoʻjaligi yerlari va tomorqalardan samarali foydalanish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Yigʻilishda maʼnaviyat, madaniyat, taʼlim-tarbiya masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari keyingi yillarda anʼanaga aylangan xayrli ishlarni davom ettirgan holda, Guliston shahrida Oʻzbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi tashkil etish taklifini ilgari surdi. Yigʻilganlar bu tashabbusni qizgʻin qoʻllab-quvvatladi.
Shu bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryo viloyatiga tashrifi yakunlandi.