O‘zA O`zbek

04.06.2020 Chop etish versiyasi

Shavkat Mirziyoyev: Yoʻllarimizda piyodalar harakati, odamlarning halovati, salomatligi ustuvor boʻlishi kerak

Shavkat Mirziyoyev: Yoʻllarimizda piyodalar harakati, odamlarning halovati, salomatligi ustuvor boʻlishi kerak

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-iyun kuni Toshkent shahrida yangi yoʻl va koʻprik loyihasi bilan tanishdi.

Oxirgi uch yilda Toshkent shahrining Sergeli tumanida 460 ta koʻp qavatli uy foydalanishga topshirildi. Shu davrda bu yerga 100 mingdan ziyod aholi koʻchib kelib, jami aholi 276 ming nafardan oshdi.

Buning natijasida, tabiiyki, infratuzilma tarmoqlariga yuklama ham ortdi. Shu bois bu yerda qoʻshimcha muhandislik obyektlari, tumanni shaharning markaziy qismi bilan bogʻlovchi yoʻl va koʻpriklar qurilmoqda.

Xususan, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan qiymati 83 million dollar boʻlgan, 7 kilometr uzunlikdagi Sergeli yer usti metrosi va uning “Choshtepa”, “Toshkent xalqa yoʻli”, “Sergeli”, “Afrosiyob”, “Qipchoq”, “Chinor” bekatlari barpo etilmoqda.

Albatta, bu yoʻlovchilarga katta qulaylik yaratadi. Lekin, shu bilan birga, avtotransport harakatini ham inobatga olish zarur.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu masalaga doimiy eʼtibor qaratib kelmoqda. 29-may kuni Sergeli tumani faollari bilan oʻtgan uchrashuvda ham transport infratuzilmasini rivojlantirish choralari muhokama qilindi.

Oʻshanda Sergeli tumanini poytaxtimiz markazi bilan bogʻlovchi yoʻl va koʻprik loyihasi haqida maʼlumot berilgan edi. Davlatimiz rahbari bugun ushbu loyihani joyiga chiqib, atroflicha oʻrgandi.

Umumiy qiymati 280 milliard soʻmdan ziyod boʻlgan mazkur loyiha Toshkent shahar hokimligi bilan Turkiyaning “Kaloyn” kompaniyasi hamkorligida ishlab chiqilgan. Unga koʻra, Choʻponota koʻchasi va Kichik halqa yoʻli kesishmasida 583 metrlik yoʻl oʻtkazgich barpo etiladi. Bu chorrahadan Toshkent halqa avtomobil yoʻligacha yangi koʻcha qurilib, halqa yoʻli ostidan tunnel orqali oʻtkaziladi va Qipchoq koʻchasida qurilayotgan yangi koʻprikka tutashadi.

Jami 5,6 kilometrlik bu yoʻl soatiga 3 mingta transport vositasini oʻtkazish quvvatiga ega boʻladi.

Maʼlumki, hozirgi kunda Sergeli tumanidan shahar markaziga kelib-ketadigan avtomobillar asosan bitta yoʻl – Yangi Sergeli koʻchasi orqali harakatlanadi. Shu bois unda qatnov juda koʻp, yuklama katta. Ayniqsa, ertalab va kechga yaqin bu koʻcha tirband boʻlib qoladi. Ushbu yangi yoʻl va koʻpriklar qurilishi natijasida Sergeli tumaniga transport qatnovi tirbandligi 50 foizga, transport harakati vaqti 20-25 minutga kamayadi.

- Odamlarning har kunlik rejalariga, kayfiyatiga, sogʻligʻiga taʼsir qiladigan eng katta omil - transport taqsimoti. Yoʻllar qurib, tirbandlikni kamaytirishdan maqsad shahar aholisi va mehmonlarga qulaylik yaratishdir. Bu ishlarni bugun qilmasak, yildan yilga qiyinlashib boraveradi. Bugun qilsak, kelajakda xarajat kamayadi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yerda Toshkent shahrining transport konsepsiyasi taqdimoti oʻtkazildi.

Bu konsepsiya geoinformatsion tizim orqali shahardagi transport va yoʻlovchilar oqimini tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan. Undan maqsad, avvalo, xavfsizlik, qulaylik va iqtisodiy unumdorlikdir.

Masalan, yoʻl harakatini toʻgʻri tashkillashtirish natijasida yiliga 19 million dollarlik yoqilgʻi tejalishi, 129 million dollarlik taxminiy zararning oldi olinishi hisob-kitob qilingan. Yoki avtobuslar soni va yoʻnalishlarini optimallashtirish orqali yiliga 2,5 million dollar iqtisodiy samaraga erishish mumkin.

Konsepsiyada, shuningdek, avtomatik toʻlov tizimini rivojlantirish, avtomobil toʻxtash joylari va piyodalar oʻtish yoʻlaklarini koʻpaytirish kabi qator qulayliklar nazarda tutilgan.

Prezidentimiz piyodalar va velosipedlar harakatiga koʻproq sharoit yaratish zarurligini qayd etdi.

- Bizning yoʻllarda transport vositalariga koʻp ustuvorlik berilgan. Aslida piyodalar harakatini, odamlarning halovati, salomatligini birinchi oʻringa qoʻyish kerak, - deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Transport konsepsiyasini Toshkent shahrining bitta tumanida aprobatsiya qilish, keyinchalik butun poytaxtimiz va boshqa shaharlarda joriy qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Shu yerda Yakkasaroy tumanida koʻp qavatli savdo kompleksi, mehmonxona va turar joy qurish boʻyicha investitsiya loyihalari taqdimoti oʻtkazildi.


5 780
O'zA