O‘zA O`zbek

27.06.2020 Chop etish versiyasi

Shavkat Mirziyoyev: Toʻgʻri gapni gapirgan odam – islohotlarga xayrixoh

Shavkat Mirziyoyev: Toʻgʻri gapni gapirgan odam – islohotlarga xayrixoh


Namangan shahrida viloyat va tumanlar hokimlari, soha va tarmoqlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari, tadbirkorlar, yoshlar ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtmoqda.

Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etyapti.

– Keyingi paytlarda anʼanaga aylanganidek, bir-birimiz bilan ochiqcha gaplashib, muammolarni mahallalardan boshlab tumanlar miqyosida oʻrtaga tashlasak, shu asosda bir yilga reja qilib olsak, oʻylaymanki, ushbu yigʻilishimizdan koʻzlangan natijaga erishamiz. Eng katta maqsad-muddaomiz – odamlarni rozi qilish. Shu bois bugun viloyat faollari, har bir tuman mutasaddilari oʻzlarining takliflarini berishi kerak. Kelgusi yilga qanday rejalar qilamiz, qanday imkoniyatlarimiz bor, bugun shularni gaplashamiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz joylarda yutuqlar borligini, oʻzgarishlar boʻlayotganini, lekin bular hali bizning olgan marralarimizga mos emasligini taʼkidladi.

– Toʻgʻri gapni gapirgan odam – islohotlarga xayrixoh. Achchiq gaplardan toʻgʻri xulosalar chiqarib yoʻlimizni topib olishga harakat qilsak, eng katta marramiz shu boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda eskicha tushunchada qolib ketgan rahbarlar yoʻq emasligi qayd etildi. Pandemiya sharoitida yuzaga kelgan inqiroz paytida iqtisodiyotni tiklash juda ogʻir masala ekani, bu joylardagi ijro organlari mutasaddilaridan katta masʼuliyat talab qilishi taʼkidlandi. Namangan viloyatini rivojlantirish boʻyicha eng maqbul yoʻlni topib, iqtisodiyotni yurgizish, ish oʻrinlari yaratib, aholining bandligini taʼminlash eng katta masala boʻlib qolayotgani aytib oʻtildi.

Uchrashuvda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, soha va tarmoqlarda yangi loyihalarni amalga oshirish, investitsiyalarni jalb qilish, kambagʻallikni qisqartirish yuzasidan vazifalar belgilandi.


9 994
O'zA