Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.01.2018 19:58 Chop etish versiyasi

Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekkimyomash zavodi» aksiyadorlik jamiyatida bo‘ldi

Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekkimyomash zavodi» aksiyadorlik jamiyatida bo‘ldi Prezidentimiz Chirchiq shahridagi «O‘zbekkimyomash zavodi» aksiyadorlik jamiyatida yangi quyuv sexi va yirik hajmli uskunalarni ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdi.

«O‘zbekkimyomash zavodi» aksiyadorlik jamiyati 1941-yil tashkil etilgan. Korxona 1999-yil “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga o‘tkazilgach, mahsulot turlari va ishlab chiqarish samaradorligi yanada oshdi.

Bugungi kunda zavodda neft-gaz, kimyo va oziq-ovqat sanoati uchun issiqlik almashinish jihozlari, kompressorlar, nasoslar, neft va gazni qayta ishlash, kimyoviy, burg‘ulash va havo bilan sovutish uskunalari, butlovchi qismlar ishlab chiqarilmoqda.

Korxona mahsulotlari mamlakatimizning “Muborakneftgaz”, “Sho‘rtanneftgaz” aksiyadorlik jamiyatlari, “Sho‘rtangazkimyo” majmuasi kabi yirik sanoat korxonalari, shuningdek, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Ukrainaga yetkazib berilmoqda.

O‘tgan yili 1,5 million dollarlik mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilda ushbu ko‘rsatkichni 2 million dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Shu maqsadda korxonani modernizatsiya va diversifikatsiya qilish orqali zamonaviy texnologiyalar asosida metallni eritish va quyishga mo‘ljallangan yangi quyuv sexini barpo etish ko‘zda tutilmoqda.

Umumiy qiymati 18,9 million dollarlik loyiha hayotga tatbiq etilishi natijasida zavodda turli nomenklaturadagi quyma mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi yiliga 4 ming tonnaga yetkaziladi.

Sex Yevropa mamlakatlari va AQShdan keltirilgan uskunalar bilan jihozlanadi. Loyiha 2019-yilning uchinchi choragida ishga tushiriladi.

Davlatimiz rahbari korxona mahsulotlari namunalarini ko‘zdan kechirdi. Zavodning eksport salohiyatini kengaytirishda bunday loyihalar muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Shu yerda 2018-2019-yillarda Chirchiq shahrini iqtisodiy rivojlantirish dasturi, shaharning bosh rejasi, Chirchiq dehqon bozorini qayta qurish, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va Chirchiq davlat pedagogika institutlari joylashgan binolarni rekonstruksiya qilish, Bo‘zsuv kanali qirg‘og‘ini obodonlashtirish, Toshkent-Qibray-Chirchiq-G‘azalkent va Chirchiq-G‘azalkent avtomobil yo‘llarida tirbandlikni kamaytirish, Pskem GESi va to‘g‘onini qurish, Chorvoq GESi xavfsizligini oshirish loyihalari taqdimoti ham o‘tkazildi.

Prezidentimiz ushbu loyihalar bilan tanishib, ularning har biri bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Zavod faollar zalida ishchi-mutaxassislar, Chirchiq shahri jamoatchiligi, nuroniylar, yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, aholi turmush farovonligini yuksaltirish, yoshlar bandligi masalalari xususida so‘z yuritildi.

Matnazar Elmurodov, O‘zA
1 386