Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.06.2018 11:45 Chop etish versiyasi

Farg‘ona anori – yurt iftixori

Farg‘ona anori – yurt iftixori
Prezidentimiz Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurib, dastlab Farg‘ona-Quva yo‘nalishida yangi barpo etilgan “Farg‘ona anorchilik” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi agrofirma faoliyati bilan tanishdi.

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini, ayniqsa, bog‘dorchilikni rivojlantirish, meva-sabzavotlar eksporti salmog‘ini oshirish borasida istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. Xususan, Farg‘ona viloyatida bugungi kunda bu borada aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo‘lib, agrar soha mahsulotlari yetishtirish va uni eksport qilishda salmoqli yutuqlarga erishilmoqda. Bu zaminda yetishtirilayotgan anorlar o‘zining mazasi bilan dunyoga mashhur. Ayni kunlarda anorning serhosil va iqlim sharoitiga mos yangi navlarini yaratish, anorzorlar barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Farg‘ona anorchilik” agrofirmasida amalga oshirilayotgan ishlar bunga yaqqol misoldir.

Anor yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va tayyor mahsulotlarni eksport qilish hamda ekoturizm xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashgan agrofirmaning umumiy maydoni 300 gektardan ortiq. Ayni paytda shundan 289 gektariga 15 navga yaqin 272 ming tupdan ziyod anor ko‘chatlari ekilib, parvarishlanmoqda. Besh yuzga yaqin kishining bandligi ta’minlangan. 2025-yilgacha anorzor maydonini 2 ming gektarga yetkazish rejalashtirilgan. Shundan so‘ng, anorzor to‘liq hosilga kirgach 10 ming tonna mahsulot yetishtiriladi.

54f78f5e-4caf-50b1-0a15-c59c39db8500.jpg

Agrofirmaga 2018-2020-yillarda investitsiya kiritish yo‘li bilan Isroil davlatidan qadoqlash, Italiyadan mahsulot qabul qilish, yuvish va saralash uskunalari, Niderlandiyadan muzlatgich agregatlari keltirib o‘rnatish mo‘ljallanmoqda. Natijada 2 ming 400 tonna sharbat mahsuloti, 3 ming 600 tonna saralangan anor donachalari, 4 ming tonna qadoqlangan anor tayyorlanadi.

Shu yerning o‘zida viloyatda agrologistika markazi, anorzorlar tashkil etish, parrandachilik, echkichilik, qoramolchilik, tuyachilik, baliqchilik, limon, urug‘lik kartoshka yetishtirish, asalarichilikni rivojlantirish loyihalari taqdimoti ham o‘tkazildi.

Anor bu – daromad manbayi. Bugungi kunda mamlakatimizda anorchilikni biladigan kadr yo‘q. Farg‘ona davlat universitetida anorchilikni rivojlantirish kafedrasini ochib, yangi navlar yaratish, mutaxassislar tayyorlash kerak. Shunda bu sohadan ko‘proq daromad olib, mahsulotni xorijga eksport qilish mumkin, dedi Prezidentimiz.

Umar Asrorov, O‘zA
4 518