Shavkat Mirziyoyev: Hunarmandchilikning paydo boʻlishi – sivilizatsiya sari tashlangan eng muhim tarixiy qadam
Qoʻqon shahrida 14-sentyabr kuni birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivalining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Qoʻqon shahrida 14-sentyabr kuni birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivalining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev barchani chin yurakdan qutlab, yurtimizga, ushbu anjumanga boʻlgan katta hurmat va eʼtibori uchun xorijiy mehmonlarga tashakkur izhor etdi.
- Umumbashariy madaniyatning ajralmas qismi boʻlgan xalq amaliy sanʼati dunyodagi har bir xalq hayotida, uning turmush tarzi va qadriyatlari rivojida alohida oʻrin tutadi. Insoniyatning ongli hayotida hunarmandchilikning paydo boʻlishi – sivilizatsiya sari tashlangan eng muhim tarixiy qadam, desak, haqiqatni aytgan boʻlamiz, - dedi davlatimiz rahbari.
Shavkat Mirziyoyev buyuk avliyo va hunarmand bobomiz Bahouddin Naqshband soʻzlaridan iqtiboslar keltirdi. Diyorimizda hunarmandlar mehnati qadrlanib, yoshlarning hunar oʻrganishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani, ushbu festival bu sohani yanada rivojlantirishda muhim oʻrin tutishini qayd etdi.
- Ushbu xalqaro festival nafaqat koʻpmillatli Oʻzbekiston xalqi, balki jahon hunarmandlari, butun dunyo ustalarining katta bayrami, desak toʻgʻri boʻladi. Bu – olis tarix va bugungi zamon nafasini, turli qadriyat va anʼanalarni oʻzida yaqqol namoyon etadigan, mushtarak dillarni birlashtiradigan chinakam doʻstlik va hamkorlik anjumanidir, - dedi Prezident.
Mazkur festival davlatimiz rahbarining 2018-yil 1-noyabrdagi qaroriga muvofiq oʻtkazilmoqda. Festival arafasida shahar hayotida yana bir muhim voqea yuz berdi - Jahon hunarmandlar kengashi tomonidan Qoʻqon shahriga “Jahon hunarmandlari shahri” degan yuksak unvon berildi.
Marosimda Jahon hunarmandlar kengashi prezidenti Rozi Grinlis ham nutq soʻzladi.
Anjuman oʻtkaziladigan maydon atrofi bayramona bezatilgan. Qoraqalpogʻiston va barcha viloyatlardan kelgan hunarmandlar buyumlari koʻrgazmasi tashkil etilgan.Xalqaro hunarmandchilik festivali ikki yilda bir marta oʻtkaziladi. Bu yilgi anjumanda 78 ta mamlakatdan 370 dan ziyod hunarmandlar, sanʼatshunoslar, jurnalistlar ishtirok etmoqda.