Shavkat Mirziyoyev: har bir loyiha o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi kerak
Davlatimiz rahbari poytaxtimiz tumanlariga tashrif buyurib, odamlar bilan muloqot qilmoqda, masalalarni joyida o‘rganib, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga doir ustuvor vazifalarni belgilab bermoqda.
Davlatimiz rahbari poytaxtimiz tumanlariga tashrif buyurib, odamlar bilan muloqot qilmoqda, masalalarni joyida o‘rganib, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga doir ustuvor vazifalarni belgilab bermoqda.Shayxontohur tumanida olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish asnosida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev «Toshkent issiqlik markazi» aksiyadorlik jamiyatining 3-issiqlik markazida bo‘ldi. Mazkur issiqlik markazi 1970-yillarda qurilgan bo‘lib, tumandagi 937 obyektga issiqlik quvvati yetkazib beradi.
Bugungi kunda qozonxona uskunalari va tarmoqlar texnik va ma’naviy eskirgani, markaziy qozonxonalar iste’molchilardan uzoq masofada joylashganligi sababli issiqlik yetkazib berishda ayrim muammolar yuzaga kelmoqda. Toshkent shahrini to‘liq energiyatejamkor lokal qozonxonalarga o‘tkazishimiz zarur, dedi Prezidentimiz.
Shu yerda Shayxontohur tumanida iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Tijorat banklari aholiga bank xizmatlari ko‘rsatish bilan birga, ularni tadbirkorlikka jalb qilish, daromadini oshirish, ish bilan ta’minlashda ham samarali ishlar olib bormoqda.
Taqdimoti o‘tkazilgan loyihalarda ana shunday masalalar o‘z ifodasini topgan. Tijorat banklari tomonidan aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi ma’lumotlar keltirildi. Loyihalarda yaratiladigan ish o‘rinlariga qarab kreditning yillik stavka foizi pasayib boradi. Bitta ish o‘rni yaratgan tadbirkor uchun 9 foiz, ikkita ish joyi yaratganlik uchun 8 foiz, beshta va undan ortiq ish o‘rni yaratgan tadbirkorning kredit stavkasi 6 foiz qilib belgilanadi.
Bu loyihalar aholi farovonligiga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir loyihani sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirishga alohida e’tibor berish kerak, dedi davlatimiz rahbari.
Joriy o‘quv yilida tumandagi 9 kasb-hunar kollejini 4,5 mingdan ko‘proq o‘quvchi tamomlaydi. Ularning aksariyati bilan to‘rt tomonlama shartnoma tuzilgan, bitiruvchilar iqtisodiyot kompleksiga kiruvchi tashkilotlarda amaliyot o‘tamoqda.
Prezidentimizga tumandagi kollejlarda o‘quvchilar qaysi sohalarda o‘qishni tamomlayotgani, kredit olib o‘z tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlar haqida ma’lumot berildi.
Davlatimiz rahbari bitiruvchilarning birontasi ham bo‘sh qolmasligi, ularning ishga joylashishini qat’iy nazoratga olish zarurligini ta’kidladi.
Bugungi kunda mamlakatimizda xususiy tibbiyot sohasi jadal rivojlanmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 1-apreldagi «Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu borada muhim bosqichni boshlab berdi. Shayxontohur tumanida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimotida bu sohaga ham alohida e’tibor qaratilgan.
«Trust medikal centre» mas’uliyati cheklangan jamiyati ochayotgan tibbiy markazga rivojlangan davlatlardan yuqori sifatli jarrohlik uskunalari olib kelib o‘rnatilmoqda. Joriy yilning 3 choragida foydalanishga topshiriladigan mazkur klinikada 60 ish o‘rni yaratiladi.
«Zangiota zam-zam» MChJ «Savdogar bank» kreditlari evaziga lor va ginekologiya sohasida zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha istiqbolli loyihaga qo‘l urgan. 2018-yilning 2 choragida to‘liq ishga tushishi kutilayotgan loyihada 30 kishining bandligi ta’minlanadi.
Tumanda 2017-yilda sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish uchun kiritiladigan investitsiyalar haqida ham ma’lumot berildi.
Kimyo va neft-kimyo, qurilish materiallari, mebel va qog‘oz, oziq-ovqat, to‘qimachilik, farmatsevtika, charm-poyabzal, qandolatchilik, elektrotexnika sohalaridagi loyihalarga ajratiladigan kreditlar miqdori, yangi korxonalarda yaratiladigan ish o‘rinlari haqida batafsil axborot berildi.
Davlatimiz rahbari loyihalarning ahamiyati haqida to‘xtalib, ularning har birini o‘z vaqtida ishga tushirish kerakligini alohida ta’kidladi.