Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

24.08.2018 10:16 Chop etish versiyasi

Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv oʻtkazdi

Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv oʻtkazdi
Turkmanboshi shahri, 24-avgust. OʻzA muxbiri Matnazar Elmurodov xabar qiladi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston – Turkmaniston munosabatlari yuksak surʻatlar bilan rivojlanmoqda. Bunda avvalo ikki davlat rahbarlarining samimiy doʻstligi, oʻzaro ishonchi va qoʻllab-quvvatlashi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Oliy darajadagi uchrashuvlarning muntazamlik kasb etgani davlatlararo munosabatlar yuksak darajada ekanidan dalolatdir. Jumladan, Turkmaniston rahbarining joriy yil aprel oyida Oʻzbekistonga davlat tashrifi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikka yangi surʻat bagʻishladi.

Oʻzbekiston va Turkmaniston rahbarlarining bu galgi uchrashuvi oʻzaro manfaatli, samarador va faol muloqotlarning mantiqiy davomi boʻldi.

Gurbanguli Berdimuhamedov davlatimiz rahbarini Turkmanistonga tashrifi bilan qutlab, Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasining taʻsischi mamlakatlari rahbarlari sammiti ham ikki tomonlama, ham koʻp tomonlama hamkorlikni muhokama qilish uchun qulay imkoniyat ekanini taʻkidladi.

Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonning Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasiga raisligi davrida amalga oshirayotgan tashabbuslarini yuqori baholab, Oʻzbekiston bilan Turkmanistonning bu boradagi loyihalari va saʻy-harakatlari bir-birini toʻldirishini qayd etdi.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Turkmaniston Prezidentining aprel oyida Oʻzbekistonga davlat tashrifi koʻp qirrali aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqqani taʻkidlandi.

Muloqotda avval erishilgan kelishuvlar ijrosiga eʻtibor qaratildi. Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, sanoat, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatiga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

OʻzA
2 277