O‘zA O`zbek

20.01.2019 Chop etish versiyasi

Shavkat Mirziyoyev Germaniyaga joʻnab ketdi

Shavkat Mirziyoyev Germaniyaga joʻnab ketdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 yanvar kuni rasmiy tashrif bilan Germaniya Federativ Respublikasiga joʻnab ketdi. 

Avval xabar qilinganidek, davlatimiz rahbari Berlin shahrida Federal Prezident Frank-Valter Shtaynmayer, Federal kansler Angela Merkel va Bundestag Raisi Volfgang Shoyble bilan muzokaralar oʻtkazadi. 

Myunxen shahrida Bavariya Bosh vaziri Markus Zyoder, shuningdek, Germaniyaning yetakchi ishbilarmon va moliyaviy doiralari vakillari bilan uchrashuvlar rejalashtirilgan.

Bu uchrashuvlarda siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish, qoʻshma dastur va loyihalarni amalga oshirish, madaniy-gumanitar, fan-taʼlim va turizm sohalaridagi aloqalarni faollashtirish kabi masalalar muhokama etiladi. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashiladi.

Tashrif doirasida iqtisodiyot, moliya, investitsiya, innovatsiya, ilm-fan, texnika, taʼlim va madaniyat sohalarida hamkorlikka oid ikki tomonlama qator hujjatlar imzolanishi koʻzda tutilgan.

Bu Prezidentimizning Yevropa Ittifoqi davlatlariga ikkinchi tashrifidir. 2018 yil oktyabr oyida Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Fransiyada boʻlgan edi.



5 243
Ulugʻbek Asrorov, OʻzA