Shavkat Mirziyoyev Dushanbega joʻnab ketdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun 27-sentyabr kuni Tojikistonga joʻnab ketdi.
Avval xabar qilinganidek, sammit kun tartibidan turli sohalardagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning joriy holati va istiqbollariga doir keng koʻlamli masalalar oʻrin olgan.
Shuningdek, davlat rahbarlari 2019-yilda Hamdoʻstlikka raislik qiladigan mamlakat, Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisini oʻtkazish joyi va muddatini belgilash masalalarini koʻrib chiqadi, mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb muammolari yuzasidan fikr almashadi.
Oʻzbekiston Prezidentining tashrifi doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazish ham koʻzda tutilgan.