Shavkat Mirziyoyev: dasturlar natijasini odamlar o‘z uyida sezishi kerak
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yangi loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 29 iyun kuni Toshkent shahri Olmazor tumanidagi bir qator ijtimoiy obyektlarga tashrif buyurdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yangi loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 29 iyun kuni Toshkent shahri Olmazor tumanidagi bir qator ijtimoiy obyektlarga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari dastlab tumandagi “Ibrohim ota” mahalla fuqarolar yig‘inida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, aholi bilan muloqot qildi.
Prezidentimiz shu yil 1 iyun kuni Chilonzor tumanidagi Xirmontepa va Tirsakobod mahallalarida bo‘lganida “Obod mahalla” dasturi loyihasini shakllantirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shu asosda mahallalar qiyofasini yangilash maqsadida “Obod mahalla” dasturi qabul qilindi.
“Ibrohim ota” mahallasi ham mazkur dasturga kiritilgan.
Ushbu mahallada 19 ta ikki qavatli va 4 ta to‘rt qavatli uy joylashgan. Ular 1960 yillarda qurilgan bo‘lib, bugungi kunda ta’mirtalab bo‘lib qolgan. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari ham eskirgan.
“Obod mahalla” dasturiga muvofiq, mahallada barcha ko‘p qavatli uylar, ko‘cha va yo‘laklar ta’mirlanib, hudud obodonlashtirilmoqda. 7 ta ikki qavatli arzon uy-joy, zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasasi qurilmoqda. Shuningdek, namunaviy loyiha asosida mahalla guzari, kommunal to‘lovlar shoxobchasi, bolalar va sport maydonchalari barpo etilishi rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi mahallalarni o‘rganish borasida boshlangan ishlar xususida to‘xtalar ekan, uyma-uy yurib, har bir oilaning talab-istaklarini o‘rganish, muammosi bo‘lsa yordam berish, tadbirkorlarni jalb etib, ishchi joylar yaratish zarurligini ta’kidladi.
Bu yerdagi odamlarning ham bola-chaqasi, ertangi kundan umidlari bor. Mamlakatimizdagi o‘zgarishlarni, qabul qilinayotgan dasturlar natijasini odamlar o‘z uyida sezishi kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shavkat Mirziyoyev mazkur mahalla faollari va aholi bilan suhbatlashdi. Aholini ish bilan ta’minlash, maktabgacha ta’lim va maktab ta’limini rivojlantirish, yoshlarni yetuk insonlar etib tarbiyalash borasidagi islohotlar mohiyati haqida muloqot bo‘ldi. Samimiy suhbat chog‘ida “Obod qishloq”, “Obod mahalla” va “Yoshlar – kelajagimiz” dasturlari aholi turmush sharoitlarini yaxshilash, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga zamin bo‘lishi ta’kidlandi.
Prezidentimiz mahalladagi ko‘p qavatli uylar, maktabgacha ta’lim muassasalari atrofini obodonlashtirish, yo‘laklarni ta’mirlash bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.