O‘zA O`zbek

29.08.2018 14:51 Chop etish versiyasi

Shavkat Mirziyoyev Bekobod shahridagi “Mustaqillikning 27 yilligi” massiviga tashrif buyurdi

Shavkat Mirziyoyev Bekobod shahridagi “Mustaqillikning 27 yilligi” massiviga tashrif buyurdi
Maʼlumki, Prezidentimiz 2017-yil 18-avgust kuni Bekobod shahriga tashrifi chogʻida Bekobod va Olmaliq shaharlarini rivojlantirish boʻyicha ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish taklifini ilgari surgan edi.

Oʻtgan bir yilda Bekobodda salmoqli ishlar amalga oshirildi. 90 mingdan ziyod odam istiqomat qiladigan shaharda aholining uy-joyga ehtiyojini qoplash maqsadida beshta yetti qavatli uy qurib bitkazilmoqda. Yana beshta shunday turar-joy qurilishi boshlanish arafasida. Ular yil oxirigacha oʻz egalariga topshiriladi. Uylar atrofiga bolalar oʻyin maydonchalari, avtomobillar saqlash joylari, zamonaviy savdo shoxobchalari qurish ham rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbarining taklifi bilan ushbu yangi massivga “Mustaqillikning 27 yilligi” deb nom berildi.

6f64d117-7e9c-b19d-0da1-aea9c720e4a2.jpg

Prezidentimiz jamoatchilik vakillari bilan uchrashib, ularni mamlakatimiz mustaqilligining 27 yilligi bilan tabrikladi.

– Bir yil oldin Bekobodga kelib, shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qator rejalar belgilab olgan edik. Bugungi uchrashuvimizda oʻsha rejalarning dastlabki natijalari haqida soʻzlamoqchiman, – dedi davlatimiz rahbari. – Bekobodda shu paytgacha issiq suv yoʻq edi, ichimlik suvi sifati yomonligidan keyingi 10 yilda kasalliklar koʻpaygan, ishsizlik ortgandi. Bugun shaharga yirik investitsiyalar jalb etilyapti, yangi ish oʻrinlari yaratilyapti. Yoʻlsozlik, elektr energiyasi va gaz taʼminoti, tomlarni taʼmirlashga eʼtibor qaratila boshlandi. Toshkent va Bekobod shaharlari oraligʻida elektropoyezd qatnovi yoʻlga qoʻyildi. Biz bu ishlar koʻlamini yanada kengaytiramiz.

cea43c27-0494-2643-5f51-16377bc18c85.jpg

Bekobodliklar bunday eʼtibor tufayli shahar yangi qiyofa kasb etgani, odamlarning fikri, kayfiyati oʻzgarganini taʼkidlab, Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.

Davlatimiz rahbariga Toshkent viloyatida barpo etilayotgan koʻp qavatli uylar haqida ham maʼlumot berildi. Unga koʻra, joriy yilda Olmaliq, Yangiyoʻl, Bekobod, Nurafshon shaharlarida 2604 xonadondan iborat 62 koʻp qavatli uy foydalanishga topshiriladi.

4e43cec5-66c9-4ec3-cb42-39b5eab1ad9b.jpg

Ohangaron shahridagi Amir Temur koʻchasini rekonstruksiya qilish, Yuqori Chirchiq, Oʻrta Chirchiq va Ohangaron tumanlari hududidan oʻtuvchi hamda Toshkent – Bekobod va Toshkent – Sirdaryo avtomobil yoʻllari boʻylab namunaviy uylar qurish, viloyatda ichimlik suv tizimini takomillashtirish, koʻmir, texnologik chiqindi, mineral ruda va biomassani maydalash, quritish va separatsiya qilish loyihalari taqdimotlari oʻtkazildi.

Matnazar Elmurodov, OʻzA
5 945