O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

Prezident Ashxobodga keldi

Prezident Ashxobodga keldi


Ashxobod, 10-oktyabr. OʻzA maxsus muxbiri Ziyodulla JONIBEKOV xabar qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun 10-oktyabr kuni Ashxobodga keldi.

Oliy martabali mehmonni Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi oʻrinbosari Esenmurat Orazgeldiyev kutib oldi.

Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi. Jahon miqyosida jadal oʻzgarishlar roʻy berayotgan, global xatar va tahdidlar kuchayib borayotgan bugungi kunda mazkur xalqaro tuzilmaning ahamiyati naqadar dolzarb ekanligini davrning oʻzi isbotlamoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim boʻlgan ushbu platforma bugungi kunda aʼzo davlatlarning oʻzaro manfaatlaridan kelib chiqqan holda, toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni olib borish va dolzarb mavzular muhokamasi jarayonida fikr almashish singari imkoniyatlarni taqdim etmoqda.

Yigʻilishda Hamdoʻstlik doirasida koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan kompleks masalalarni muhokama qilish, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan.

Sammit yakunida bir qator hujjatlarni, jumladan, 2020-yilda MDHda raislikning Oʻzbekiston Respublikasiga oʻtishi toʻgʻrisida qaror, Strategik iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisida deklaratsiya, 1941-1945-yillar Ulugʻ Vatan urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan MDHga aʼzo davlatlar rahbarlarining Hamdoʻstlik mamlakatlari xalqlari va xalqaro hamjamiyatga murojaati, 2020-2022-yillarda terrorizm va ekstremizmning boshqa zoʻravonlik koʻrinishlariga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlik dasturini qabul qilish koʻzda tutilgan.
MDH sammitining asosiy tadbirlari 11-oktyabrga moʻljallangan. Sammit doirasida Prezidentimizning qator davlatlar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazishi rejalashtirilgan.



639
O'zA