O‘zA O`zbek

16.05.2019 20:49 Chop etish versiyasi

Adirlar bagʻrida zamonaviy shaharcha qad rostladi

Adirlar bagʻrida zamonaviy shaharcha qad rostladi

Xoʻjaobod tumani Xidirsha massivi bundan bir necha oy oldin yaydoq adirlardan iborat edi. Bu yerda qisqa muddatda – toʻrt oyda barcha infratuzilma inshootlariga ega boʻlgan zamonaviy mavze qad rostladi.

Andijon shahri – mamlakatimizning aholi eng zich yashaydigan hududi. Shaharning Mustaqillik mahallasidagi eski barak shaklidagi hovlilarda yaqin-yaqingacha bitta xonadonda bir nechtalab oila qiynalib yashab kelar edi.
Davlatimiz rahbari viloyatga avvalgi tashriflari chogʻida shahar aholisining yashashi uchun qulay sharoit yaratish, Bosh rejaga muvofiq eski mahallalar oʻrnida koʻp qavatli turar joylar barpo etish boʻyicha tavsiyalar bergan edi. Shunga koʻra Mustaqillik mahallasi aholisi uchun Xoʻjaobod tumani Xidirsha massividan 54 gektar yer ajratilib, shahar hududiga qoʻshib berildi.

Joriy yilda bu yerda “Obod mahalla” dasturi asosida 2 sotixli 220 ta uy, oilaviy poliklinika, bolalar bogʻchasi, Xotira maydoni, mahalla guzari, kutubxona, hammom, goʻzallik saloni hamda boshqa savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, tikuvchilik korxonasi, madaniyat markazi qurildi, mahallaga “Mustaqillikning 27 yilligi” deb nom berildi.

Prezident mazkur mahalladagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Yangi mahalla qurilishida aholi uchun zarur qulayliklar eʼtiborga olingan. Koʻchirib kelinayotgan oilalarning farzandlari shu yerdagi bogʻchaga, maktabga qatnaydi, xotin-qizlar tikuvchilik korxonasi, maishiy xizmat shoxobchalarida ishlashi mumkin.

Shavkat Mirziyoyev dastlab yangi hovli sohibasi Dilfuza Hojimatova xonadoniga kirib, oilasining yashash sharoiti bilan qiziqdi.

Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifidan maqsad odamlarning hayot sifatini oshirish, oilalarga imkon qadar koʻproq yengillik berishdan iborat ekanini taʼkidladi.

Tinimsiz mehnatimiz, izlanishlarimiz oʻz mevasini bera boshladi, xalqimizning hayotga qarashi, munosabati oʻzgardi. Bu hovlilarni qurishni, odamlarga sharoit qilib berishni ancha oʻyladik. Bunday shinam uylarga koʻchib kirgan oilalar hayotidan mamnun, davlatdan rozi boʻladi. Endi oilalarga oʻzini oʻzi boqish koʻnikmasini ham singdirsak, odamlar oʻz hovlisida asalari, parranda boqishni oʻrgansa, boqimandalik kayfiyati yoʻqoladi, yaxshi yashashga intilish kuchayadi, dedi Prezident.

Dilfuza Hojimatova yangi hovlida qizlari Fotima va Zuhra bilan yashaydi. Shavkat Mirziyoyev ushbu tashrif oila hayotiga yana bir quvonchli voqea bilan muhrlanishini aytdi – egizaklarni oʻzlari tanlagan oliy oʻquv yurtiga imtiyozli kiritishga vaʼda berdi. Bu taklif katta quvonch bilan qabul qilindi.

Vaqt kutib turmaydi. Odamlarga bugun sharoit yaratib berish kerak. Yashash uchun sharoit boʻlsa oilada quvonch, tinim, halovat boʻladi, baraka yogʻiladi. Bu har bir islohotning asosiy mazmunini tashkil etishi lozim.

Prezident bu borada mutasaddilarga navbatdagi vazifalarni belgilab berdi. Mazkur mahallada ikkinchi bosqichda quriladigan 2 sotixli 612 uy, 168 xonadondan iborat 7 koʻp qavatli arzon turar joy, 615 oʻrinli maktab, 160 oʻrinli bolalar bogʻchasi ham Andijondagi mana shu oʻzgarishlar ruhiga hamohang boʻlishi zarurligini taʼkidladi.

Yangi mahallada Andijon shahridagi “Feruzbek teks” MCHJning tikuv korxonasi ish boshladi. 500 xotin-qiz ishli boʻlgan korxonada 60 dan ziyod turdagi kattalar va bolalar kiyimlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

Yiliga 1,5 million dona mahsulot tayyorlash va 950 ming dollarlik kiyim-kechak eksport qilish imkoniga ega korxonada ishchilar uchun bepul issiq ovqat, transport xizmati yoʻlga qoʻyilgan. Bu ham xotin-qizlarning ishga bemalol borib-kelib, oilasiga naf keltirishiga yordam beradi.

Shavkat Mirziyoyev korxonada tayyorlanayotgan kiyim-kechak namunalari, tikuv sexidagi ishlab chiqarish jarayonini koʻzdan kechirdi.

Koʻp ish qilinyapti, bular katta ishlarning boshlanishi, xolos, dedi davlatimiz rahbari. Bir-birimizga yelkadosh boʻlsak, kechagidan uch-toʻrt baravar koʻp ishlasak, oʻrganishdan charchamasak, mehnatimizning rohatini albatta koʻramiz. Xalqimizni rozi qilish yoʻlidagi ishlarimiz bitta maqsad-muddaoga qaratilgan – odamlarning orzu-niyatlarini roʻyobga chiqarish. Mehnat qilib shu kunlarga yetdim, ertaga bolam mendan yaxshiroq yashaydi, ekkan daraxtim mevasidan farzandlarim bahramand boʻladi, degan oʻy-niyatda yashashimiz kerak.

Bunday korxonalarni ikki-uch baravar koʻpaytirish, mahsulotga bozor topish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Shu yerda Andijon shahri Bosh rejasi asosida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti oʻtkazildi. Unga muvofiq, 2019-2020 yillarda Andijon shahrida aholining uy-joyga boʻlgan talabini qoplash maqsadida 150 ta koʻp qavatli uy quriladi. Jumladan, barak tipidagi eski uylardan boʻshagan Mustaqillik mahallasi hududida 9 qavatli 70 ta ta uy barpo etiladi.

Davlatimiz rahbariga “Andijon sity” qurilishi loyihasi haqida ham maʼlumot berildi. Qariyb 70 gektar maydonda barpo etilishi moʻljallanayotgan ushbu shaharchada 5 yulduzli mehmonxona, kongress xoll, qoʻgʻirchoq teatri, bank va biznes ofislar, sogʻlomlashtirish markazlari, koʻngilochar maskanlar, kafe-restoranlar, 7, 9 va 12 qavatli turar joy imoratlari qad koʻtaradi.

Fitrat koʻchasida 7 qavatli 41 ta uy, Andijonda mamlakatimizda ilk marotaba taunxaus tipidagi namunaviy uylar qurilishini boshlash, viloyat koʻp tarmoqli bolalar tibbiyot markazini rekonstruksiya qilish, “Obod tuman markazi” dasturi asosida Marhamat tumanida amalga oshiriladigan ishlar, viloyatda ichimlik va oqova suv tizimini yaxshilash borasidagi loyihalar taqdim qilindi.

Prezidentimiz barcha loyihalarda aholining talab-ehtiyojlari va hududning rivojlanish istiqbollarini inobatga olish, qurilishda energiyatejamkor materiallar va texnologiyalardan foydalanish zarurligini taʼkidladi.

Mahallada barpo etilgan “Kelajak bolajonlari” maktabgacha taʼlim muassasasi rus va ingliz tillariga yoʻnaltirilgan boʻlib, bu yerda Prezidentimiz ilgari surgan besh tashabbusni mamlakatimizda birinchi marta bogʻcha yoshidan bolalar ongiga singdirish rejalashtirilgan. 165 oʻrinli, 2 qavatli muassasada kichkintoylar uchun tasviriy sanʼat, musiqa va sport, chevarlik, tikuvchilik kabi toʻgaraklar mavjud. Mashgʻulotlar xonasidagi mini kompyuterlar bolalarni kichik yoshdan axborot texnologiyalariga oshno etadi.

Shavkat Mirziyoyev bogʻchani koʻzdan kechirar ekan, farzandlarimiz maʼnaviyatga oʻrgatishni bogʻchalardan boshlash, bu boradagi ishlarni maxsus qaror asosida tizimli yoʻlga qoʻyish lozimligini taʼkidladi.

Madaniyat markazida beshta muhim tashabbus asosida viloyat yoshlarining musiqa, rassomchilik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishini oshirish, yosh isteʼdodlarni yuzaga chiqarish, oʻgʻil-qizlarning sport sohasidagi qobiliyatini namoyon etishi uchun zarur sharoit yaratish, ularning kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishini tashkil etish, kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash masalalari haqida soʻz yuritildi.

Cholgʻisoz usta Abdumalik Madraimov davlatimiz rahbarining har bir uyda doʻmbira boʻlishi kerak, degan tashabbusiga muvofiq olib borayotgan ishlari haqida soʻzlab berdi.

Davlatimiz rahbari har bir tashabbus boʻyicha tegishli qaror loyihasini ishlab chiqish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

1.jpg

2.jpg

3.jpg

4.jpg

6.jpg

7.jpg

8.jpg

Matnazar Elmurodov, OʻzA
3 664