Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshiriladigan loyihalar bilan tanishdi
Andijon viloyati Ulug‘nor tumanida tashkil etiladigan 2000 bosh qoramol va 10 000 bosh naslli echki boqishga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksi va sutni qayta ishlash loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Prezidentimizga loyiha haqida batafsil ma’lumot berildi.
Andijon viloyati Ulug‘nor tumanida tashkil etiladigan 2000 bosh qoramol va 10 000 bosh naslli echki boqishga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksi va sutni qayta ishlash loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Prezidentimizga loyiha haqida batafsil ma’lumot berildi.Davlatimiz rahbari aholini sifatli sut va sut mahsulotlari bilan ta’minlash muhim vazifalardan biri ekanligini ta’kidladi.
Bo‘z tumanidagi «Evro Ekfin» mas’uliyati cheklangan jamiyati jahon bozori talablaridan kelib chiqib, eng so‘nggi texnologiyalar asosida sutni qayta ishlash va sut mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirmoqda.
Bugungi kunda qurilish ishlari olib borilayotgan chorvachilik kompleksida 2 ming bosh zotli qoramol boqish ko‘zda tutilgan. 200 kishining bandligi ta’minlanadigan kompleks ishga tushgach, yiliga 13 ming tonna sut yetkazib beriladi.
Davlatimiz rahbari chorvachilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kerakli tavsiyalar berdi. Fermer xo‘jaligining ushbu loyihasini har taraflama qo‘llab-quvvatlash lozimligini ta’kidladi.
Asaka tumanidagi «Umid» xususiy korxonasining parranda boqishga ixtisoslashgan kompleksi loyihasi ham ko‘rildi. Hozirgi kunda korxonada 80 ming bosh parranda boqilmoqda. Yangi loyihaga ko‘ra, 80 million dona tuxum va 150 tonna parranda go‘shti yetkazib beriladi. Majmua ishga tushgach, 100 kishi doimiy ish joyiga ega bo‘ladi.
Mamlakatimizda parrandachilikni rivojlantirish, bu tarmoqqa investitsiya jalb qilish, ushbu faoliyat turi bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Aholining parranda go‘shtiga bo‘lgan talabini inobatga olib, bu sohada yangi loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha mutasaddilarga kerakli ko‘rsatmalar berildi.
Oltinko‘l tumanida tomorqalardan unumli foydalanish borasida ilg‘or tajriba to‘plangan. Ayniqsa, "Ko‘makay", "Cho‘ntak" mahalla fuqarolar yig‘inlarida namunali ishlar tashkil etilgan. Davlatimiz rahbari tijorat banklari va tashabbuskorlar tomonidan aholi xonadonlariga limon, unabi va yong‘oq ko‘chatlari ekish va parranda yetkazib berish dasturining ushbu tuman misolidagi taqdimoti bilan tanishdi. Loyihalarni yanada takomillashtirish, ularni belgilangan muddatlarda ishga tushirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.