O‘zA O`zbek

24.04.2019 11:51 Chop etish versiyasi

Shavkat Mirziyoev Xitoyga jo‘nab ketdi

Shavkat Mirziyoev Xitoyga jo‘nab ketdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si szinpinning taklifiga binoan 24 aprel kuni “Bir makon, bir yo‘l” ikkinchi xalqaro forumi tadbirlarida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Xitoyga jo‘nab ketdi.

Avval xabar berilganidek, forum ishida 40 dan ziyod xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Anjuman kun tartibidan mintaqadagi iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, uzoq muddatli taraqqiyotning yangi manbalarini izlab topish borasidagi sheriklikni faollashtirish, “yashil” iqtisodiyot va innovatsiyalarni ilgari surish, ustuvor infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari o‘rin olgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev XXR Raisi Si szinpin va Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi Raisi Li Chjanshu bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz forumda ishtirok etadigan xorijiy davlatlar delegatsiyalari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan qator ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi.

O‘zA
841