O‘zA O`zbek

24.05.2019 14:56 Chop etish versiyasi

Shavkat Mirziyoyev: Bizga miqdor emas, sifat kerak

Shavkat Mirziyoyev: Bizga miqdor emas, sifat kerak

Oʻzbekiston Milliy universitetida Prezidentimiz oliy taʼlim sohasini yanada rivojlantirish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish boʻyicha amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar, Mazkur oliy taʼlim dargohini rivojlantirish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlar taqdimoti bilan tanishdi.

Kadrlar tayyorlash sohalari tarkibiy tuzilishi loyihasida yoshlarni oliy oʻquv yurtlariga yanada koʻproq qamrab olish boʻyicha batafsil maʼlumot berildi. 2018-2019 oʻquv yilida mamlakatimiz oliy oʻquv yurtlariga 96 ming 950 talaba qabul qilingan boʻlsa, 2019-2020-yilda 123 ming 170 nafar yigit-qiz oʻqishga jalb etiladi. Bu koʻrsatkichni 2022-2023 oʻquv yilida 180 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.

Oliy taʼlimga innovatsiya investitsiyalarini – xorijiy taʼlim-ilm texnologiyalarini jalb etish borasida ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2018-yilda yurtimizda Rossiyaning 2, Janubiy Koreyaning 2, Latviyaning 1 oliy taʼlim muassasasi filiallari tashkil etildi. Joriy yilda Hindistonning 2, Rossiyaning 2 va AQSHning 1 oliy taʼlim muassasasi filiali talabalarni qabul qiladi. Ulardagi taʼlim jarayoniga 832 nafar xorijiy mutaxassis jalb etilgan.

Prezidentimizga muhandis-texnik kadrlar tayyorlash, taʼlim mazmunini kompetensiyalar (amaliy koʻnikmalar) asosida tubdan oʻzgartirish, pedagogik taʼlimning yangi modelini joriy etish, oliy taʼlim muassasalari faoliyatini “Universitet – 3.0” konsepsiyasi asosida tashkil etish, AKT va taʼlim texnologiyalari integratsiyasini taʼminlash loyihalari boʻyicha maʼlumot berildi.

Bizga miqdor emas, sifat kerak. Bunga erishish uchun esa xorij tajribasini yaxshilab oʻrganish zarur. Qaysi davlat kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratsa, oʻsha yutadi. Ilmiy asoslangan tajriba asosida kadrlar tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish eng muhim vazifamizdir, dedi davlatimiz rahbari.

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti ilmiy-pedagogik faoliyati va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid rejalar taqdimoti ham oʻtkazildi. Besh yillik kompleks dastur ishlab chiqib, universitet faoliyatini rivojlantirish va uning xalqaro reytinglarda munosib oʻrin egallashini taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berildi. Universitet huzuridagi litseyni tabiiy va aniq fanlarga ixtisoslashtirish, yetuk mutaxassislarga ehtiyoj ortib borayotganini inobatga olib, yangi fakultetlar tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Milliy universiteti kutubxonasida oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, akademiklar, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda ilmiy-tadqiqot ishlarini tijoratlashtirish, kadrlar tayyorlash va ularni moddiy, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalalari haqida soʻz bordi.

Mamlakatimizni innovatsion rivojlantirish, 2030-yilga qadar Global innovatsiya indeksida ilgʻor 50 mamlakat qatoridan joy egallash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Buning uchun, eng avvalo, ilm-fan sohasining meʼyoriy-huquqiy asosini mustahkamlash maqsadida “Fan toʻgʻrisida” qonun loyihasi ishlab chiqildi. Qolaversa, oʻtgan qisqa davr mobaynida ilmiy-tadqiqot ishlarini tijoratlashtirish va samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorlar qabul qilindi.

Natijada innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish boʻyicha qiymati 151 milliard soʻmlik 55 loyihani amalga oshirish uchun qulay zamin yaratildi. Fanlar akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo instituti tomonidan zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqilgan oddiy superfosfat va mahalliy xomashyodan faollashtirilgan koʻmir olish texnologiyasi shular jumlasidandir. Oʻsimlik moddalari kimyosi institutining “Ferulen“ va “Flanorin“ preparatlari, Bioorganik kimyo institutida “Rutan” dori vositasi substansiyasi, Yadro fizikasi instituti olimlari tomonidan yaratilgan suvni kimyoviy tozalash uskunasi ham bunga yaqqol misoldir.

Bu ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida 450 ishlanma va 90 tarmoq muammolari yechimlarini qamrab olgan “Buyurtmachi-tadqiqotchi-investor” maxsus portali ishga tushirilib, tijorat banklari bilan 19 yangi startap korxona tashkil etilgan.

Bularning barchasi import oʻrnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarishga sharoit yaratmoqda. Takror va takror taʼkidlash joiz:


yangi fikr va yangi gʻoyaga, innovatsiyaga tayangan davlat har doim yutadi va rivojlanadi. Shuning uchun, birinchidan, import oʻrnini bosadigan va ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qaratilgan ilmiy ishlanmalarni koʻpaytirish kerak. Bu – masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni esa, ushbu ishlanmalar mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarni qiziqtirishi va xaridorgir boʻlishi zarur, dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimizning kelasi yildan ilmiy muassasalarni toʻgʻridan-toʻgʻri davlat byudjetidan moliyalashtirishga oʻtkazish taklifi olimlar tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlandi.

Uchrashuvda arxeologiya sohasini yanada rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekiston arxeologlari tomonidan soʻgʻdiy hukmdorlar qarorgohi xarobalari boʻlgan “Kofir-qalʼa” yodgorligida yogʻoch panno – soʻgʻd sanʼatining noyob namunasi, Fargʻona vodiysidagi Axsikentda X asrda pishiq gʻishtdan tunnel shaklida qurilgan yer osti suv taʼminoti tizimi topilgani yurtimiz tarixi naqadar buyuk ekanidan dalolat berishi eʼtirof etildi. Arxeologiyani rivojlantirish boʻyicha alohida davlat dasturini qabul qilish boʻyicha mutasaddilarga topshiriq berildi.

Termit hashorati asosan sellyuloza yaʼni, yogʻochni kemirib, aholi turar-joylari, madaniy-tarixiy obidalar, strategik ahamiyatga ega obyektlar, bino va inshootlarga jiddiy zarar yetkazadi. Zoologiya institutiga termitlarga qarshi kurashish boʻyicha olib borilayotgan izlanishlarni yanada takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Izlanuvchan olimlarni ragʻbatlantirish maqsadida ilmiy ishlanma yaratgan tadqiqotchiga doktorlik va uni amaliyotga tatbiq etgan izlanuvchiga tayanch doktorlik ilmiy darajasini beradigan binar (ikkitalik) himoya tizimini joriy qilish, byudjet mablagʻlari hisobidan stajyor-tadqiqotchilar institutini hamda yurtimiz biologik xilma-xilligini oʻrganadigan dala-tajriba stansiyalari tashkil etish tavsiya qilindi.

Keyingi yillarda ilm-fan va taʼlim sohasi xodimlari izchil ragʻbatlantirilib kelmoqda. Ilmiy xodimlarning maoshi oʻtgan yil 1-sentyabrdan oʻrtacha 25, joriy yil 1-yanvardan 20 foiz oshirilgan edi, 1-iyuldan esa yana 25 foizga koʻtariladigan boʻldi.

Prezidentimiz bu amaliy choralarning mantiqiy davomi sifatida joriy yil 1-sentyabrdan barcha davlat tashkilotlarida ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shugʻullanayotgan, taʼlim va ilm-fan sohasida faoliyat olib borayotgan fan nomzodlarining maoshiga 30 foiz, fan doktorlari uchun esa 60 foiz ustama haqi belgilashni taklif qildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida tashkil etiladigan Yoshlar akademiyasi ham ilm-fan vakillarini qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi. Ushbu akademiyaga innovatsion fikrlaydigan iqtidorli talabalar va 40 yoshgacha boʻlgan olimlar, tashabbuskor yoshlar aʼzo boʻladi. Akademiyada sunʼiy intellekt, qayta tiklanadigan energiya manbalari, robot texnikasi va mexatronika, farmatsevtika, biotexnologiya, dasturlash, sanoat dizayni, 3D modellashtirish kabi yoʻnalishlarda ilmiy ishlar olib boriladi.

Oliy taʼlim tizimini isloh qilish, kadrlar tayyorlash jarayonini yanada jadallashtirish boʻyicha Prezidentimiz va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va “yoʻl xaritasi” tasdiqlangan. Mazkur hujjatlar ijrosi doirasida oliy taʼlim muassasalarining yirik ishlab chiqarish korxonalari, davlat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlari bilan hamkorligi yoʻlga qoʻyildi. Natijada tashkilot va korxonalarning 4 mingdan ortiq malakali amaliyotchi-mutaxassislari oliy oʻquv yurtlarining taʼlim jarayoniga jalb etilgan.

Shuningdek, keyingi 2 yilda yoʻlga qoʻyilgan xalqaro hamkorlik natijasida mamlakatimizda yangi oliy taʼlim muassasalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi, 30 dan ortiq oʻquv yurtida xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qoʻshma diplom dasturlari doirasida kadrlar tayyorlanmoqda.

Oliy taʼlim tizimini zamonaviy usullar yordamida samarali boshqarish, sohada moddiy-texnik bazani kuchaytirish, oʻquv-metodik ishlarni takomillashtirish boʻyicha jiddiy choralar koʻrishimiz zarur. Kadrlar buyurtmachilari hisoblangan iqtisodiyot tarmoqlarining real ehtiyojidan kelib chiqib, oliy taʼlim tizimini rivojlantirishning strategiyasini belgilash, davlat taʼlim standartlari va malaka talablarini qayta ishlab chiqish, talabalarning malakaviy amaliyotini samarali tashkil etish lozim, dedi Prezident.

Uchrashuvda pedagog kadrlarning uzluksiz malakasini oshirish va ularni tabaqalashtirgan holda ragʻbatlantirish tizimini joriy etish haqida ham soʻz yuritildi. Oliy taʼlim vazirligi magistratura talabalarini Fanlar akademiyasining mos yoʻnalishdagi ilmiy-tadqiqot institutlarida stajirovka oʻtash amaliyotini yoʻlga qoʻyish, tabiiy fanlar va muhandislik yoʻnalishlaridagi magistratura talabalarini byudjet hisobidan davlat buyurtmasi asosida tayyorlashni yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi.

Oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida oʻtkaziladigan fan olimpiadalari tizimini takomillashtirish, gʻoliblarni munosib taqdirlash va ragʻbatlantirish, xususan, mamlakat miqyosidagi gʻoliblarni tegishli mutaxassisliklar boʻyicha magistraturaga, xalqaro olimpiada gʻoliblarini esa keyinchalik doktoranturaga ham sinovsiz qabul qilish choralarini koʻrish belgilandi. Moliyaviy barqaror oliy oʻquv yurtlarini markazlashgan tartibda moliyalashtirish tizimidan oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga bosqichma-bosqich oʻtkazish lozimligi qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev olim va pedagoglarning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Uchrashuvda akademiklar, oliy oʻquv yurtlari rektorlari va talaba yoshlar soʻzga chiqib, taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.

Oʻzbekiston Milliy universiteti matematika fakulteti 4-bosqich talabasi Sardor Bozorboyev yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatdan keng foydalanish zarurligini taʼkidlab, fan olimpiadalari oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilayotgan eʼtibordan mamnuniyat bildirdi. Sardor matematika boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro olimpiadalarda 4 oltin, bittadan kumush va bronza medalini qoʻlga kiritgan.

– Taʼlim tizimiga eʼtibor samarasini yoshlarimiz turli tanlov va xalqaro olimpiadalarda qoʻlga kiritayotgan yutuqlar misolida ham koʻrish mumkin, – dedi S.Bozorboyev. – Biz, yoshlar yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan unumli foydalanib, yurtimiz dovrugʻini yanada yuksaltiramiz, ulugʻ allomalarning munosib vorislari ekanimizni isbotlaymiz.

Prezidentimiz Sardor kabi izlanuvchan, zukko, bilimdon yoshlar yurtimiz kelajagi ekanini taʼkidlab, unga avtomashina sovgʻa qildi.

d6ae5e9d-8159-f724-5059-9193c3d15105.jpg

3273f572-f95d-fd0b-4bcc-e600e196197e.jpg

4b917371-3a01-7dc0-5f90-b3fcc545948e.jpg

0f916654-1143-df4b-bff6-5ed1d61ae227.jpg

72940fe9-d4f3-76d0-9dcd-4185c4b7577e.jpg

24c80568-445d-f394-1e14-8a331254058d.jpg

Alouddin GʻAFFOROV, OʻzA
2 849