O‘zA O`zbek

27.09.2018 Chop etish versiyasi

Senator soʻroviga bepisandlik, “shablon” maʼlumotlar tanqid qilindi (onlayn)

Senator soʻroviga bepisandlik, “shablon” maʼlumotlar tanqid qilindi (onlayn)

Oliy Majlis Senatining oʻn oltinchi yalpi majlisida Senat raisi N.Yoʻldoshev ayrim vazirlik va idoralar rahbarlari vakillik organi bilan munosabatlarga hamon qonun talabi asosida yondoshmayotganini aytib oʻtdi. 

Xususan, Senat qoʻmitasi raisining oʻrinbosari tomonidan joriy yil 15 avgustda poytaxtdagi madaniyat va istirohat bogʻlaridagi bir qator jiddiy kamchiliklar yuzasidan Madaniyat vazirligiga senator soʻrovi yuborilgan.

Senat raisi bu soʻrov atrofidagi ayrim holatlarni aynan madaniyat namoyondalari taʼbiri bilan aytganda, “hangoma” sifatida baholash mumkin, deya qayd etdi. 

Birinchidan, ushbu soʻrovnoma yuzasidan javob oradan qariyb 40 kun vaqt oʻtganidan keyin qayta murojaat asosida olingan.

Ikkinchidan, senator soʻroviga bepisandlik bilan tayyorlangan, qoʻyilgan birorta savolga oydinlik kiritilmagan,buning ustiga, yarim varaqlik javob Senatga emas, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga yuborilgan.

“Madaniyat vazirligidek nufuzli idoraning masʼul xodimlari parlamentga, yaʼni xalq vakillariga nisbatan shunday munosabatda boʻlsa, ularning davlat siyosati mohiyatini toʻliq anglab yetganiga, zimmasiga yuklatilgan muhim vazifalarni bekamu-koʻst amalga oshirayotganiga kim kafolat beradi?! Biz bu masala boʻyicha Madaniyat vazirligi, qolaversa, Vazirlar Mahkamasidan izoh kutamiz, deyildi majlisda.

Shuni ham qayd etish joizki, Senat qoʻmitalarining tegishli masalalar boʻyicha murojaatlariga boshqa aksariyat vazirlik va idoralar ham sayoz, asossiz va nomigagina tayyorlangan “shablon” tarzidagi maʼlumotlar bilan javob qaytarmoqda.

Masalan, bugungi kunda Senatga huquqni muhofaza qilish organlaridan asossiz ravishda ishdan boʻshatish hollari bilan bogʻliq koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda. Nazoratga olingan murojaatlar yuzasidan esa, aksariyat javoblar bir xil mazmunga ega. Yaʼni, fuqaro tomonidan bildirilayotgan vajlarga aniq javob yoʻq.

Savol tugʻiladi: yuzlab fuqaro oʻz ish joyida ishdan boʻshatishga sabab boʻladigan bir xil qoidabuzarlikni bir paytning oʻzida sodir etishi mumkinmi?

Buning ustiga Senatga tegishli maʼlumotlarni belgilangan muddatdan kechikib, shunda ham qayta-qayta murojaatlardan soʻng taqdim etish surunkali tus olmoqda. 

Hukumat tomonidan ijro intizomini taʼminlash boʻyicha zarur choralar koʻrilayotganiga qaramasdan, Senat bilan bogʻliq munosabatlarda bu choralarning amaliy natijasi sezilmayotgani afsuslanarli holdir.

Yana bir holat. Vazirlik va idoralar tomonidan qoʻmitalarning qonunlar muhokamasiga bagʻishlangan tadbirlariga qonunlar toʻgʻrisida yetarli bilimga, zarur maʼlumotga, qolaversa, tegishli vakolatga ega boʻlmagan xodimlar joʻnatilmoqda. Oqibatda senatorlar tomonidan berilayotgan savollar javobsiz qolmoqda.

Senat raisi bunday holatlar parlamentga nisbatan bepisandlikdan boshqa narsa emasligini taʼkidlab oʻtdi. 

Zotan, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, xalq vakiliga bepisandlik – xalqqa bepisandlikdir.

2 004
Norgul Abduraimova, OʻzA