O‘zA O`zbek

15.11.2007 00:55 Chop etish versiyasi

Saylov – oliy demokratiya maktabi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomovning Toshkent shahridagi oliy o‘quv yurtlari jamoatchiligi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad mamlakatimiz oliy ta’lim tizimi vakillariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi faoliyati, shuningdek, uning doirasida tashkil etilgan tadbirlar xususida ma’lumot berish edi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiya qilishga qaratilgan islohotlarni chuqurlashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Ta’lim sohasi vakillari keng jamoatchilik, birinchi galda, yoshlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning mazmuni va ahamiyatini, demokratiyaning asosiy sharti bo‘lgan erkin saylovlar, milliy saylov qonunchiligimizning mohiyatini tushuntirib berishda muhim o‘rin tutadi. Bu faoliyatning nechog‘li samara berishini Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomovning o‘tgan haftada yoshlar vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvi ham tasdiqladi.

Muloqot chog‘ida bugun turli o‘quv yurtlarida har tomonlama chuqur ta’lim olayotgan, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida tarbiyalanayotgan yigit-qizlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy o‘zgarishlarda, chunonchi davlat boshqaruvini isloh qilishda faol ishtirok etishga intilayotgani yaqqol namoyon bo‘ldi. Bugungi yoshlar bo‘lib o‘tadigan saylovda ularning erkin xohish bildirishi mamlakatimizni rivojlantirish uchun nechog‘li muhim ahamiyat kasb etishini teran anglaydi. Bularning barchasi olimlar va oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari odamlar, jumladan yoshlar ongi-shuurida demokratik qadriyatlarni shakllantirishga katta hissa qo‘shayotganini yana bir karra tasdiqlaydi.

Markaziy saylov komissiyasi 22 nafar a’zosining 3 nafari oliy o‘quv yurtlari rektorlaridir. 14 okrug saylov komissiyasi raislarining ikkitasi rektorlardan saylangan. Bundan tashqari, oliy o‘quv yurtlarining obro‘li va tajribali vakillari okrug hamda uchastka saylov komissiyalari tarkibiga kiritilgan. Oliy o‘quv yurtlari, kollejlar, litseylar va maktablarning zamonaviy binolarida saylov uchastkalari joylashgan. Bir so‘z bilan aytganda, saylovni samarali o‘tkazishni ta’lim tizimi vakillarining bevosita ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Tadbirda ishtirokchilar e’tibori milliy saylov qonunchiligimizning o‘ziga xosligi, xorijiy mamlakatlarning tegishli qonunchiligidan afzal jihatlariga qaratildi. Masalan, O‘zbekistonda barcha saylov va referendumlarni tashkil etish hamda o‘tkazish uchun mustaqil organ – Markaziy saylov komissiyasi tashkil etilgan. Ayrim davlatlar, xususan Buyuk Britaniya, Italiya, Fransiyada bu vazifani Ichki ishlar vazirligi, Misr, Pokiston va Ruminiyada esa sud organlari amalga oshiradi. O‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishdan iborat Konstitutsiyaviy tamoyil mamlakatimiz saylov tizimining asosini tashkil etadi. Shu bois har bir fuqaro saylovlarda ishtirok etish yoki etmaslikni o‘z xohishiga ko‘ra erkin belgilaydi. Ba’zi xorijiy mamlakatlarda, misol uchun Belgiyada saylovlarda qatnashish majburiy bo‘lib, qatnashmaganlik uchun javobgarlik, jumladan siyosiy huquqlardan mahrum etish choralari belgilangan. Bizda saylov qonunchiligimizga binoan saylovlar umumiy bo‘lib, saylovchilar Prezidentlikka nomzod uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz beradi. Ayrim davlatlar, chunonchi AQSH va bir qator boshqa mamlakatlarda saylovlar ko‘p pog‘onali, ya’ni bilvosita amalga oshiriladi va saylovchilar bevosita Prezidentni emas, balki davlat rahbarini saylash huquqi beriladigan shaxslarni saylaydi. Turkiyada esa davlat rahbarini mamlakat parlamenti saylaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va vakillik organlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarning aniq muddati O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgani saylov qonunchiligimizning yana bir afzalligidir. Xususan, Asosiy qonunimizning 117-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyatining vakillik organlariga saylovlar tegishli ravishda ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda, ya’ni dekabr oyining uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda 1994 yilda “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida” maxsus qonun qabul qilingan. Bunday qonun MDH davlatlari orasida birinchi bo‘lib mamlakatimizda qabul qilingani diqqatga sazovordir. Bularning barchasi O‘zbekiston saylov qonunchiligining nafaqat umume’tirof etilgan xalqaro me’yorlarga mosligini, balki uning afzalliklarini ham yaqqol tasdiqlaydi.

Uchrashuv qatnashchilari Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir faoliyati bilan ham tanishtirildi.

Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlanganini e’lon qilganidan so‘ng saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir kalendar reja, harakatlar dasturi hamda bo‘lajak saylovga oid boshqa hujjatlar tasdiqlandi. Ushbu hujjatlar okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyatini tartibga soladi, mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar faoliyatini tashkil etish, saylov kampaniyasini moliyalashtirish tartibini belgilaydi va boshqa masalalarni hal etadi.

Uchrashuvda Markaziy saylov komissiyasi o‘z faoliyatida qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik, mustaqillik va adolatlilik prinsiplariga to‘liq amal qilayotgani, tadbirlarni qonun va kalendar rejada belgilangan muddatda o‘tkazishga alohida e’tibor qaratayotgani ta’kidlandi. Bu boradagi ishlar saylov tizimining demokratikligini, saylovchilarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishini ta’minlashga qaratilgan. Shu maqsadda 14 ta saylov okrugi, okrug saylov komissiyalari va 8 mingdan ortiq saylov uchastkasi tashkil etildi. Saylov komissiyalarining tarkibi shakllantirildi.

Yaqinda Markaziy saylov komissiyasiga O‘zbekiston xalq-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va saylovchilar tashabbuskor guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun zarur hujjatlar taqdim etildi.

Saylov komissiyalarining barcha majlislari ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazilmoqda va ularning faoliyati haqida axborot aholiga yetkazilmoqda. Markaziy saylov komissiyasi va okrug saylov komissiyalari matbuot xizmatlari faol ishlamoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonlari to‘g‘risidagi axborot sun’iy yo‘ldosh orqali yuzdan ortiq xorijiy mamlakatlarga uzatilmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi bilan Milliy teleradiokompaniya o‘rtasida
O‘zbekiston Repsublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarini xolisona yoritish bo‘yicha bitim imzolandi. Uning doirasida saylovga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha o‘tkazilayotgan barcha tadbirlar haqida saylovchilarga tezkor ma’lumot beruvchi “Saylov – dekmokratiya ko‘zgusi” deb atalgan turkum ko‘rsatuvlar tashkil etildi.

Uchrashuv amaliy muloqot, ochiq fikr almashish ruhida o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov ishtirokchilarning barcha savollariga batafsil javob qaytardi. Savollar, jumladan, saylov komissiyalari faoliyatida ochiqlik va oshkoralik prinsiplariga qanday rioya etilayotgani, saylov davomida saylov qonunchiligi buzilishi mumkinligining oldini olish uchun qanday choralar ko‘rilayotgani, saylov komissiyalarining davlat hokimiyati organlaridan mustaqilligi qanday ta’minlanayotgani, komissiyalar o‘z faoliyatida ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan qay darajada foydalanayotgani kabi dolzarb masalalar xususida bo‘ldi.

– Bo‘lib o‘tajak saylov barchamiz uchun haqiqiy demokratiya maktabi bo‘ladi, – deydi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti prorektori K.Norqulova. – Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tashkil etilgan ushbu uchrashuv biz, ta’lim sohasi xodimlariga zimmamizga yuklangan vazifa – o‘z bilim va tajribamizdan foydalangan holda, aholiga va albatta, ta’lim olayotgan yoshlarga milliy saylov qonunchiligining barcha jihatlari hamda afzalliklarini tushuntirish uchun o‘z mas’uliyatimizni yanada teran anglash imkonini berdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi erkin va huquqiy demokratik davlat barpo etayotgan xalqimiz, jamiyatimiz hayotida yangi sahifani ochib beradi. Bu boradagi yutuqlar esa aniq va ravshan bo‘lib, mamlakatimizda davlat rahbari saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi ochiqlik, oshkoralik sharoitida, xalqaro me’yor hamda andozalarga javob beradigan qonunlarga to‘liq amal qilingan holda o‘tkazilayotgani buning yana bir yorqin dalilidir.


O‘zA, Anna Ivanova
5 422