O‘zA O`zbek

28.08.2018 23:56 Chop etish versiyasi

Samimiy qutlovlar

Samimiy qutlovlar Mamlakatimiz mustaqilligining 27 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlaridan samimiy qutlovlar kelmoqda. Ularda davlatimiz rahbariga muvaffaqiyatlar, Oʻzbekiston xalqiga ravnaq va farovonlik tilab, ezgu istaklar izhor etilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident janoblari!


Xitoy Xalq Respublikasi hukumati va xalqi nomidan, shaxsan oʻz nomimdan Sizni va doʻst Oʻzbekiston xalqini Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 27 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklash va eng ezgu tilaklar bildirishga ijozat bergaysiz.

Sizning rahbarligingizda Oʻzbekistonda barqaror siyosiy muhit kuzatilmoqda, barcha yoʻnalishlarda jadal islohotlar amalga oshirilmoqda, iqtisodiy taraqqiyot surʻatlari tobora ortmoqda, buning natijasida aholi farovonligi muttasil oshmoqda, davlat qurilishi sohasida muvaffaqiyatlar qoʻlga kiritilib, mamlakatning jahon miqyosidagi nufuzi yuksalmoqda. Xitoy Oʻzbekistonning yaxshi qoʻshnisi, ishonchli hamkori va yaqin doʻsti sifatida bularning barchasidan gʻoyat mamnun boʻlmoqda.

Men Xitoy – Oʻzbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta eʻtibor qaratib kelmoqdaman, Siz bilan oʻrtamizdagi samimiy ishchan munosabat va shaxsiy doʻstligimizni yuksak qadrlayman. Shanxay hamkorlik tashkilotining yaqinda Sindao shahrida boʻlib oʻtgan sammiti doirasida biz samarali uchrashuv oʻtkazdik, qator muhim kelishuvlarga erishdik, ularning barchasi Xitoy va Oʻzbekiston munosabatlari rivojiga yangi harakatlantiruvchi kuch bagʻishladi. Xitoy – Oʻzbekiston oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mamlakatlarimiz va xalqlarimiz ravnaqi va farovonligi yoʻlida rivojlantirishda yangi natijalarga erishish uchun saʻy-harakatlarimizni Siz bilan birgalikda safarbar etishga tayyorman.

Doʻst Oʻzbekistonga taraqqiyot va kuch-qudrat, xalqingizga baxt-saodat va farovonlik tilayman.

Hurmat bilan,

Si SZINPIN,

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi

***
b93c3a60-98fb-9f29-6883-9f0f42c7e610.jpg

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident janoblari!


Sizni va Oʻzbekiston xalqini katta mamnuniyat ila Mustaqillik kuni bilan tabriklayman. Amerika Qoʻshma Shtatlari mamlakatingiz mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligining qatʻiy tarafdori boʻlib qoladi va biz Oʻzbekiston mustaqilligining 27 yilligini erkin va jadal rivojlanayotgan davlat sifatida nishonlayotganingizdan xursandmiz.

Oʻtgan 27 yil mobaynida bizning munosabatlarimiz izchil rivojlandi va shu yil may oyida Sizning Oq uyga tarixiy tashrifingiz uning eng yuksak bosqichi boʻldi. Men Siz bilan uchrashganimdan, mintaqadagi umumiy tahdidlarni hal qilish uchun strategik sherikligimizga yangi surʻat baxsh etish imkoniyatidan mamnun boʻldim. Shuningdek, Sizni siyosat, iqtisodiyot va inson huquqlari sohalarida amalga oshirayotgan, Oʻzbekiston xalqining ravnaqi va farovonligi hamda tinch taraqqiyot orqali gullab-yashnashi uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladigan keng koʻlamli islohotlaringiz bilan qutlayman.

Biz 1 sentyabr kuni sheriklikda oʻtgan yillarimizga minnatdorlik bilan nazar tashlaymiz hamda istiqbolda yuzaga kelajak yangi imkoniyatlarni orziqib kutamiz. Amerika xalqi nomidan Amerika Qoʻshma Shtatlarining Oʻzbekistonning barqaror taraqqiyoti va demokratik yuksalishi yoʻlidagi ishlarimizni birgalikda davom ettiramiz, deb samimiy ishonch bildirishga ijozat bergaysiz.

Ehtirom bilan,

Donald J.TRAMP,

Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti

Qutlovlar kelishi davom etmoqda.

2 532