O‘zA O`zbek

12.07.2019 Chop etish versiyasi

Qishloq xoʻjaligi mashinasozligini rivojlantirish choralari belgilab berildi

Qishloq xoʻjaligi mashinasozligini rivojlantirish choralari belgilab berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-iyul kuni Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodida agrar soha mashinasozligini rivojlantirish boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Qishloq xoʻjaligida bozor mexanizmlari joriy etilayotgani, gʻalla va paxtaning xarid narxi oshirilgani, meva-sabzavotlar eksporti kengayayotgani natijasida dehqon va fermerlarimizning daromadlari izchil ortib bormoqda. Endi ular yangi-yangi texnikalar olib, ish samaradorligi va mahsulotlar sifatini oshirishga harakat qilmoqda.

2018-yilda fermerlarga 11,5 ming dona texnika yetkazib berilgan. Oʻtgan yili 10 million dollar, joriy yilning birinchi yarmida esa 15 million dollarlik qishloq xoʻjaligi texnikasi eksport qilingan.

Lekin bu mavjud salohiyat va talabga nisbatan juda kam. Bugungi kunda qishloq xoʻjaligida yiliga 11 mingdan ziyod texnikaga, jumladan, 4 mingta traktor, 500 ta kombayn va 5 mingdan ziyod osma-tirkama texnikaga ehtiyoj mavjud. Bundan tashqari, 2022-yilgacha 263 ming gektar, 2025-yilgacha yana 1 million gektardan ziyod yerlar qayta foydalanishga kiritilishi bois bu ehtiyoj yanada oshadi.

1.jpg

Hozirda mavjud texnikalarning 46 foizi koʻp muddatdan buyon foydalanishda boʻlib, yaroqsiz ahvolga kelib qolgan. Fermerlardagi texnikalarning 97 foizi paxta va gʻalla uchun moʻljallangan.

Yigʻilishda qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarishni rivojlantirish, mahsulot va xizmatlar turlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Joriy yil 1-oktyabrdan boshlab iqtisodiyotning barcha jabhalari qatori ushbu sohada ham soliq imtiyozlari bekor qilinayotgani tarmoq korxonalaridan yanada faol ishlashni talab qilishi qayd etildi.

Avvalo bozorbop texnikalar ishlab chiqarish, tannarxni kamaytirish, mahalliylashtirishni chuqurlashtirish korxonalar oldidagi eng muhim vazifalar boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

Kabina, boshqaruv tizimi, gʻildirak, tezlik uzatgich, osma tizimlar kabi asosiy qismlar lokalizatsiya darajasini 32 foizdan 56 foizga yetkazib, tannarxni 30 foizgacha arzonlashtirish, shuningdek, mahalliy korxonalar oʻrtasida kooperatsiyani yoʻlga qoʻyish orqali yillik importni 20 million dollarga qisqartirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.

Fermerlarni qishloq xoʻjaligi texnikasi bilan taʼminlashning barqaror moliyaviy mexanizmlarini yaratish, texnikalarga servis va taʼmirlash xizmati koʻrsatish, ehtiyot qismlar yetkazib berishni yaxshilash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Qishloq xoʻjaligi texnikasini sertifikatlash tizimini takomillashtirish, tayyor mahsulotlar bilan birga xizmatlar eksportini ham kengaytirish vazifasi qoʻyildi. Zamonaviy texnikalar ishlab chiqaruvchi va ularga xizmat koʻrsatuvchi malakali mutaxassislar tayyorlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

- Bizga raqobatbardosh texnika kerak, qoʻshimcha qiymat zarur. Tizim korxonalarida minglab odamlar ishlashi lozim. Bugun belgilangan maqsadlarni kim amalga oshiradi? Mutaxassis. Nima amalga oshiradi? Aql, bilim, mehnat amalga oshiradi, - dedi Prezident.

Yigʻilishda belgilangan vazifalarni amalga oshirish rejalari yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.

4 518
OʻzA