Qirg‘iziston Prezidenti Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri bilan uchrashdi
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooranbay Jeenbekovning mamlakatimizga rasmiy tashrifi davom etmoqda.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooranbay Jeenbekovning mamlakatimizga rasmiy tashrifi davom etmoqda.Prezident Sooranbay Jeenbekov 14-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov bilan uchrashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iziston Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan Parlamentlararo hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum bu sohadagi aloqalarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Sooranbay Jeenbekov joriy yil mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar tarixida tub burilish davri bo‘lgani, aloqalarning bugungi darajasini saqlab qolish va izchil davom ettirish muhimligini qayd etdi.
Tobora rivojlanib borayotgan hamkorlikning huquqiy asosini mustahkamlash maqsadida o‘zaro tashriflar o‘tkazish, qonunchilikdagi yangiliklardan bir-birini xabardor qilib borish yuzasidan fikr almashildi.
21-dekabrda Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooranbay Jeenbekov O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.