Prezidentlar Xivadagi tarixiy obidalarni ziyorat qildi
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hamrohligida “Ichan qal’a” hamda Nurillaboy majmuasini ziyorat qildi.
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hamrohligida “Ichan qal’a” hamda Nurillaboy majmuasini ziyorat qildi.Oliy martabali mehmonga ushbu qadamjolar tarixi, bu yerda sayyohlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berildi.
Ochiq osmon ostidagi muzey shahar “Ichan qal’a”da joylashgan Pahlavon Mahmud maqbarasida buyuk ajdodimiz xotirasiga qur’on tilovat qilindi.
Ikki mamlakat Prezidentlari Sherg‘ozixon madrasasini ham ko‘zdan kechirdi. Bu maskanda ta’lim olgan allomalar sharafiga tashkil qilingan muzey faoliyati bilan tanishdi. Ushbu madrasada o‘z davrida Mahtumquli Firog‘iy ham uch yil mobaynida o‘qib tahsil olgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizdagi barcha tarixiy shaharlar qatori Xiva shahrining ham tarixiy-me’moriy va turizm salohiyati izchil rivojlantirilmoqda. Hududdagi bebaho madaniy yodgorliklar asl qiyofasini yo‘qotmagan holda ta’mirlanib, atrofi obodonlashtirilmoqda.
Hususan, Nurillaboy tarixiy majmuasi rekonstruksiya va restavratsiya qilindi. Restoran, qabullar uyi, galereya, amfiteatr qurildi.
Bu ajdodlarimizning boy tarixiy merosi, madaniyati va san’ati namunalarini asrab-avaylash, xalqimizning yuksak bunyodkorlik salohiyatini dunyo jamoatchiligiga keng namoyon etishga xizmat qilmoqda.