Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.02.2017 11:09 Chop etish versiyasi

Prezidentimiz Termiz shahrida tashkil etiladigan zamonaviy tibbiyot markazlari loyihasi bilan tanishdi

Prezidentimiz Termiz shahrida tashkil etiladigan zamonaviy tibbiyot  markazlari loyihasi bilan tanishdi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifining ikkinchi kunini Termiz shahrida tashkil etiladigan zamonaviy perinetal, urologiya va oftolmologiya markazlari loyihasi bilan tanishishdan boshladi.

Davlatimiz rahbarining saylovoldi dasturida mamlakatimizning olis va chekka hududlarida ham aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini tubdan  yaxshilash, sohaga zamonaviy uskunalarni keng jalb etish, aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va bolalar salomatligini mustahkamlash, tashxis qo‘yish va davolash masalalariga  alohida e’tibor qaratilgan. Dasturda belgilangan ushbu vazifalarni hayotga izchil joriy etish yuzasidan Surxondaryo viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Viloyat perinatal markazi investitsiya dasturi asosida 2011-2012-yillarda 1 milliard 520 million so‘m mablag‘ evaziga qayta rekonstruksiya qilingan. Tibbiyot muassasasini maqbullashtirish va ayollar konsultatsiyasi poliklinikasi tashkil etish hududda onalar va bolalar o‘limining, chaqaloqlar nogiron va nuqson bilan tug‘ilishining oldini olishga xizmat qiladi.

Surxondaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi negizida tashkil etilayotgan Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazi Termiz filiali urologik kasalliklarni aniqlash va davolash sifati va samaradorligini oshiradi. 415 o‘rinli yangi markazda yiliga besh yuzdan ortiq kam invaziv amaliyotlar bajariladi. Jumladan, zarba-to‘lqinli litotripsiya, teri orqali endourologik muolajalarni qo‘llash va bemorlarni yuqori texnologik uskunalar bilan davolash 40 foizga yetkaziladi.

Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirirurgiyasi markazi Termiz filiali katarakta, glaukoma, tomir tizimi kasalliklari, diabetik retinopatiya kabi xastaliklarga erta tashxis qo‘yish va yiliga uch ming bemorni samarali davolash imkonini yaratadi.

Prezidentimiz mazkur loyihalar bilan tanishar ekan, sohani yanada takomillashtirish, aholi, ayniqsa, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, har tomonlama sog‘lom avlodni voyaga yetkazish maqsadida yaratilayotgan bu sharoitlardan unumli foydalanish uchun har bir ishni sifatli, puxta amalga  oshirish zarurligini ta’kidladi.

Ushbu markazlar bilan birga, uzoq va aholi ko‘p yashaydigan tumanlarda ularning bo‘limlarini tashkil etish, odamlarni ovora qilmaslik uchun joylarda ko‘riklar o‘tkazish, tibbiy va ovqatlanish madaniyatini yuksaltirish zarurligi qayd etildi. Kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va tajribali shifokorlarni jalb etish, ajratilgan mablag‘lar va tibbiy uskunalardan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tibbiyotning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha ham shunday markazlar, kardiologiya va bolalar kasalliklariga ixtisoslashgan klinikalar tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Anvar Samadov, Xolmo‘min Mamatrayimov, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA
518






Все о погоде - Pogoda.uz