Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.02.2017 12:07 Chop etish versiyasi

Prezidentimiz Termiz shahrida qurilayotgan yangi kutubxona binosi va San’at saroyini borib ko‘rdi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi va muhtasham San’at saroyi majmuasi qurilishi bilan tanishdi.
  
Xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod madaniyatini yuksaltirish, ma’naviyatini boyitish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ustuvor yo‘nalishini tashkil etadi. 
   
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda dasturilamal bo‘lmoqda.
     
 Loyiha qiymati 7 milliard 600 million so‘mni tashkil etadigan ushbu zamonaviy axborot-kutubxona markazi 223 mingdan ortiq kitob fondiga ega bo‘ladi. Unda maxsus xonalar, mutolaa zallari barpo etilayotir. Uning foydalanishga topshirilishi viloyat yoshlari salohiyatini yuksaltirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yanada oshirish, izlanuvchan o‘quvchilar va talabalarning ilmiy-ommabop, badiiy, tarixiy, tarbiyaviy-ma’rifiy adabiyotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi.
     
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2015-yil 22-maydagi qaroriga muvofiq barpo etilayotgan San’at saroyi milliy me’morlik va zamonaviy arxitektura yechimlarini o‘zida mujassam etadi. Murakkab konstruksiyali, noyob qurilish materiallaridan foydalangan holda bunyod etilayotgan 700 o‘rinli San’at saroyi va 1,5 ming o‘rinli amfiteatrda pardozlash ishlari olib borilmoqda. Ushbu majmuani Navro‘z bayramiga qadar foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. 
     
Davlatimiz rahbari majmua qurilishi bilan tanishar ekan, unda aholining madaniy dam olishi uchun barcha qulayliklar yaratish, inshootni zamonaviy jihozlash bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.

Dilshod Karimov, O‘zA
2 308






Все о погоде - Pogoda.uz