Prezidentimiz Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qurilishi bilan tanishdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-noyabr kuni Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-noyabr kuni Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdi.O‘tganlar xotirasi yod etilib, Qur’on tilovat qilindi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ushbu majmua qoshida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi barpo etilmoqda.
Prezidentimiz Imom Buxoriy majmuasi, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va hududda joylashadigan boshqa infratuzilma inshootlari konsepsiyasi bilan tanishdi.
Majmua hududida choyxona, savdo shoxobchalari, favvora va boshqa zarur obyektlar qurish rejalashtirilgan. Ikki yon tomonda landshaft dizayni asosida mahalliy sharoitga mos butazor va gulzorlar tashkil etish mo‘ljallangan.
Davlatimiz rahbari markaz konsepsiyasida ziyoratchilarga qulayliklar yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.
Ushbu markaz hajga otlangan ziyoratchilar kelib, buyuk allomalarimiz merosidan bahramand bo‘ladigan ilmiy-ma’rifiy maskan bo‘lishi zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev. Buning uchun ziyoratchilarga hamma qulayliklarni yaratish, xususiy mehmonxonalar barpo etish lozim. Bu yerga ziyoratga kelgan odamlarning ibodat qilishi bilan birga, hadis ilmini o‘rganishi uchun ham barcha sharoit yaratiladi. Loyihani amalga oshirishda buni alohida hisobga olish zarur. Kelajakda ushbu markaz muqaddas dinimizni, ajdodlarimizning hadisshunoslik rivojiga qo‘shgan benazir hissasini targ‘ib qiladigan maskan bo‘lishi lozim.
Prezidentimizning 2017-yil 27-martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq bugungi kunda mazkur markaz qurilishi jadal davom etmoqda. 6 gektar maydonni egallagan hududda hadisshunoslik oliy maktabi ham barpo etilmoqda. Markaz binosida hadis, kalom va qiroat ilmini o‘rganishga mo‘ljallangan xonalar, qo‘lyozmalar kutubxonasi, muzey tashkil etiladi.
Davlatimiz rahbari markaz qurilishini zamonaviy va milliy me’morlik an’analarini uyg‘unlashtirgan holda amalga oshirish, bunyodkorlik ishlarida sifatli qurilish materiallaridan foydalanish, hududda ziyorat turizmini keng yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish yuzasidan mutasaddilarga tavsiyalar berdi.