Bektemir tumani faollari bilan uchrashuvdan soʻng davlatimiz rahbari mamlakatimizda ishlab chiqarilishi loyihalashtirilgan maxsus avtomobillarni koʻzdan kechirdi.
Bektemir tumani faollari bilan uchrashuvdan soʻng davlatimiz rahbari mamlakatimizda ishlab chiqarilishi loyihalashtirilgan maxsus avtomobillarni koʻzdan kechirdi.
Oʻzbekiston Prezidentining 2019-yil yanvarda Germaniyaga rasmiy tashrifi chogʻida “Oʻzavtosanoat” AJ va “Volkswagen” konserni oʻrtasida hamkorlik shartnomasi imzolangan edi. Unga muvofiq, Jizzax avtomobil zavodida 3 xil modifikatsiyadagi Volkswagen Caddy minivenini ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Yetti oʻrinli bu avtomobil turli sohalarga ixtisoslashtirish uchun juda mos keladi. Shuningdek, Isuzu zavodida ham qulay platforma mavjud.
Maʼlumki, mamlakatimizda yengil avtomobillar, yuk mashinlari va maxsus texnikalar ishlab chiqarilib, aynan shu yoʻnalishdagi segment boʻsh edi. Qoʻshni davlatlarda ham bunday avtomobillarga ehtiyoj bor.
Shu maqsadda tajriba tariqasida Volkswagen, Škoda va Isuzu liniyasida maxsus mashinalar namunalari tayyorlandi.
Shavkat Mirziyoyev bunday yangi yoʻnalish import oʻrnini toʻldirish va eksportni kengaytirishda muhim ekanini taʼkidlab, kerakli koʻrsatmalar berdi.
Ushbu mashinalar joriy yilning toʻrtinchi choragida Jizzax avtomobil zavodida yigʻila boshlaydi. 2022-yildan ishlab chiqarishning toʻliq siklini oʻzlashtirish rejalashtirilgan.